Qaysi qurilish kompaniyalari eng ko‘p soliq qarzdorligiga ega?
O‘zbekistonda soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan qurilish korxonalari soni qariyb ikki mingtaga yetdi. Eng katta qarzdorlik Toshkent shahri hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
© vaqt.uz2026 yil 1-may holatiga qurilish sohasida soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan 1 973 ta korxona mavjud. Ularning jami soliq qarzi 2 trillion 967,9 milliard so‘mni tashkil etgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu qarzning 35,5 foizi yoki qariyb 1,1 trillion so‘mi soliq qarzi eng yuqori bo‘lgan 10 ta korxona hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu esa sohada qarzdorlikning asosiy qismi cheklangan sondagi yirik kompaniyalarda jamlanganini ko‘rsatmoqda.
Hududlar kesimida eng katta soliq qarzi Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, poytaxtdagi qurilish korxonalarining umumiy qarzi 958,3 milliard so‘mga yetgan. Ikkinchi o‘rinda 666,1 milliard so‘m bilan Andijon viloyati, uchinchi o‘rinda esa 225,5 milliard so‘m bilan Toshkent viloyati joylashgan.
Soliq qarzi yuqori bo‘lgan yirik qurilish kompaniyalari ro‘yxatida Andijon viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan «New Building Trade Servis» MCHJ yetakchilik qilmoqda. Uning soliq qarzi 364,8 milliard so‘mni tashkil etgan.
Keyingi o‘rinlarda Toshkent shahridagi «Tash Building» MCHJ — 174,2 milliard so‘m va «Aziya Invest Favorit» MCHJ — 138,6 milliard so‘m soliq qarzi bilan qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilning I choragida soliq organlari tomonidan respublika budjetiga 63,6 trillion so‘m tushum ta’minlangani haqida xabar berilgandi.





