Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yetakchilari Turkmanistonda yig‘iladi
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvi 2026-yil 8-oktabr kuni Avaza milliy sayyohlik zonasida o‘tkaziladi.
© Prezident matbuot xizmatiMarkaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon davlat rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi joriy yilning 8-oktabr kuni Turkmanistondagi Avaza milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov sayyor yig‘ilishda ma’lum qildi.
Yig‘ilish prezident Serdar Berdimuxamedov raisligida Bolqon viloyatida o‘tkazilgan bo‘lib, unda mamlakatning 2026-yilning dastlabki to‘rt oyidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari muhokama qilingan.
Rashid Meredovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda sammit arafasida Markaziy Osiyo mamlkatlari va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlariga ham tayyorgarlik olib borilmoqda.
Shuningdek, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining bo‘lajak yig‘iniga tayyorgarlik ishlari ham davom etmoqda.
Maslahat uchrashuvlari tarixi
Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan boshlangan. O‘zbekiston yetakchisi 2017-yil sentabrda BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan konstruktiv g‘oya va tashabbuslarni ilgari surgan.
2018-yilda bunday formatdagi birinchi uchrashuv Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan. Ikkinchi uchrashuvga 2019-yil noyabr oyida Toshkent mezbonlik qilgan. Keyingi uchrashuvlar turli yillarda Turkmaniston (2021-yil avgust), Qirg‘iziston (2022-yil iyul), Tojikiston (2023-yil sentabr), Qozog‘iston (2024-yil avgust)da tashkil qilingan.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 2023-yilda Dushanbeda va 2024-yilda Ostonada o‘tgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirok etgan bo‘lsa, o‘tgan yili noyabrda Toshkentdagi maslahat uchrashuvida Ozarbayjon bu formatning to‘la huquqli a’zosiga aylandi.





