IPO natijalari: UzNIF aksiyalari 603,6 mln dollarga sotildi

Bugun 13:472 daqiqa

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO jarayonida aksiyalarining 31 foizini qariyb 603,6 mln dollarga sotdi. Aksiyalar 18-maydan boshlab fond birjasida erkin muomalaga chiqarilishi kutilmoqda.

IPO natijalari: UzNIF aksiyalari 603,6 mln dollarga sotildi © Franklin Templeton

O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish natijalarini e’lon qildi.

IPO doirasida oddiy aksiyalar va global depozitar tilxatlar (GDR) taklif etildi. Taklif qilingan barcha qimmatli qog‘ozlar jamg‘armaning yagona aksiyadori hisoblangan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sotuvga chiqarildi. Jami 1,56 trln dona aksiya taklif qilindi, bu jamg‘arma aksiyadorlik kapitalidagi 31 foiz ulushga to‘g‘ri keladi. Bitta global depozitar tilxat 64 700 ta aksiyaga teng qilib belgilandi.

Toshkent fond birjasida qariyb 47,9 mlrd dona aksiya sotildi. Jismoniy shaxslar uchun aksiya narxi 4,65 so‘m qilib belgilangan bo‘lib, 12 mlrd so‘mgacha buyurtma bergan investorlarga 5 foizlik chegirma qo‘llanildi. Natijada ular aksiyalarni 4,41 so‘mdan xarid qildi.

London fond birjasida esa 1,5 trln donaga yaqin aksiya 23,4 mln dona global depozitar tilxat — GDR shaklida joylashtirildi. Har bir GDR narxi 25 dollar qilib belgilandi.

Jalb qilingan mablag‘larning umumiy summasi qariyb 603,6 mln dollarni tashkil etdi. Barcha qimmatli qog‘ozlarni amaldagi aksiyador — Iqtisodiyot va moliya vazirligi sotgani sababli, kompaniyaning o‘zi IPO mablag‘larini olmaydi.

Shuningdek, kelgusi 30 kun ichida qo‘shimcha joylashtirish opsioni doirasida yana 3,5 mln donagacha GDR sotilishi mumkin. Agar ushbu mexanizm to‘liq ishga tushirilsa, IPO doirasida sotilgan ulush 35 foizgacha, jalb qilingan mablag‘ hajmi esa 692 mln dollargacha yetadi.

Birlamchi joylashtirish narxidan kelib chiqib, Milliy investitsiya jamg‘armasining bozor kapitalizatsiyasi 1,95 mlrd dollarga baholandi.

Avvalroq investorlar talabi taklif hajmidan to‘rt barobardan ko‘proq bo‘lganligi haqida xabar berilgandi. Asosiy investorlar qatorida BlackRock, Franklin Resources va Redwheel ishtirok etdi.

GDR'lar savdosi London Stock Exchang 13-maydan boshlanishi kutilmoqda. «Toshkent» respublika fond birjasida esa UZNF tikeri ostida 18-maydan muomalaga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Milliy investitsiya jamg‘armasi O‘zbekiston tarixidagi oltinchi IPOga aylandi. 2023 yilda bir yo‘la uchta IPO o‘tkazilgandan beri mamlakatda bunday investitsion jarayon hali bo‘lmagandi.

Teglar

Mavzuga oid

IPO natijalari: UzNIF aksiyalari 603,6 mln dollarga sotildi | Vaqt.uz