Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalarni tekshirishni boshladi

Soliq qo‘mitasi ayrim tadbirkorlar tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni kartadan-kartaga o‘tkazmalar orqali qabul qilib, bu daromadlarni soliq hisobotlarida to‘liq ko‘rsatmayotganini ma’lum qildi.

Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalarni tekshirishni boshladi © vaqt.uz

O‘zbekistonda ayrim tadbirkorlar savdo tushumlarini terminal yoki rasmiy hisob-kitob o‘rniga P2P — kartadan-kartaga pul o‘tkazmalari orqali qabul qilayotgani aniqlanmoqda. Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, bu orqali ayrim daromadlar soliq hisobotlarida aks ettirilmay qolmoqda va davlat budjetiga tushumlar kamaymoqda.

Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “barcha fuqarolarning kartalari tekshirilmoqda” degan xabarlarga ham izoh berdi. Rasmiy bayonotda aytilishicha, tekshiruvlar asosan savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar va ularning rahbar xodimlari kartalaridagi savdo aylanmalariga qaratilgan.

Savdo tushumlari tahlil qilinmoqda

Soliq organlari ayrim korxonalarda tovar yoki xizmat uchun to‘lovlar plastik kartadan plastik kartaga o‘tkazmalar orqali amalga oshirilayotganini tahlil qilmoqda. Aniqlangan holatlarda soliq hisobotlarida ko‘rsatilmagan daromadlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilib, tadbirkorlarga xabarnomalar yuborilmoqda.

Qo‘mitaga ko‘ra, bu jarayon fuqarolarga bosim o‘tkazish yoki jazolash uchun emas, balki “iqtisodiy adolatni ta’minlash va yashirin aylanmalarni qisqartirish” maqsadida amalga oshirilmoqda.

Qo‘mita tadbirkorlarga murojaat qildi

Soliq qo‘mitasi tadbirkorlik subyektlarini savdo tushumlarini to‘liq rasmiylashtirishga va ularni soliq hisobotlarida haqqoniy aks ettirishga chaqirdi. Rasmiy bayonotda har bir to‘langan soliq mamlakat infratuzilmasi va ijtimoiy sohalar rivoji uchun muhim ekani ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 175 mln so‘mdan ortiq pul o‘tkazmalarni nazoratga olinishi haqida xabar berilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalarni tekshirishni boshladi | Vaqt.uz