«Sayohat.uz» turizm platformasi ishga tushiriladi

Bugun 16:402 daqiqa

«O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» dasturi doirasida mahalliy turizm safarlari 6,8 milliondan oshib, ko‘rsatkich 18 foizga o‘sdi.

«Sayohat.uz» turizm platformasi ishga tushiriladi © vaqt.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19-noyabrdagi PQ-348-sonli qarori bilan Turizm qo‘mitasi faoliyati qayta tashkil etildi va sohani 2030 yilgacha rivojlantirishning asosiy maqsadlari belgilandi. Hujjatga ko‘ra, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish, xorijiy turistlar sonini 20 million nafarga oshirish hamda xizmatlar eksportini 6 milliard dollardan yuqoriga olib chiqish rejalashtirilgan. Bu haqda Turizm qo‘mitasida bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Joriy yilning yanvar–mart oylarida hududlarda 1,5 mingdan ortiq tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, 200 dan ziyod muammolar o‘rganildi. Ularning asosiy qismi Prezidentning 2026 yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qaroriga kiritildi. Qaror asosida 2026–2027 yillarda turizm va unga yondosh sohalarda 40 mingta ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan.

Infratuzilma kengayadi

Yangi tizimda «jozibador manzil – loyiha – infratuzilma – tadbirkor – targ‘ibot – sayyoh» zanjiri asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Shu doirada 34 ta yirik turizm obyekti uchun master-rejalar ishlab chiqilib, 31 ta yangi turistik obyekt tashkil etiladi. Turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun joriy yilda 950 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilangan.

Hukumat joylashtirish vositalari sonini 8 ming 250 taga, mehmonxona xonalarini esa 95 mingtaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, milliy turizm platformasi — sayohat.uz ishga tushirilib, unga 13 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari integratsiya qilinadi.

Xalqaro targ‘ibot kuchayadi

Turizm qo‘mitasi so‘nggi to‘rt oyda 10 davlatdagi 12 xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda qatnashdi. «Expedia Group», «Amadeus» va «Trip.com» platformalari bilan O‘zbekiston turizm salohiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Bu orqali mamlakatga qo‘shimcha 150 ming nafar xorijiy turist jalb qilinishi kutilmoqda.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki to‘rt oyida O‘zbekistonga 4 million nafar xorijiy turist tashrif buyurgan. Turizm xizmatlari eksporti esa 1,6 milliard dollarga yetgan. Davlatlar kesimida Xitoydan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,5 barobarga, Yaponiyadan 1,6 barobarga, Malayziyadan 2,2 barobarga, AQSHdan 1,4 barobarga, Fransiya, Britaniya, Ispaniya, Turkiya va Germaniyadan 1,2 barobarga ko‘p sayyoh tashrif buyurdi.

Teglar

Mavzuga oid