Eron neftdan ikki barobar ko‘proq daromad qilyapti
Eron urush va sanksiyalarga qaramay neft savdosidan kuniga olinadigan daromadini ikki baravarga oshirdi.

Yaqin Sharqda beshinchi haftadan buyon davom etayotgan harbiy kampaniya paradoksal natija berdi: mintaqadagi boshqa davlatlar logistikadagi uzilishlar sabab daromadlarini yo‘qotib borayotgan bir paytda, Eron neft sotuvidan kuniga oladigan daromadini deyarli ikki baravarga oshirdi. AQSH va Isroil tomonidan keng ko‘lamli bombardimonlarga qaramay, Tehron o‘z infratuzilmasini moslashtirib, moliyaviy hisob-kitoblarni Osiyoga ko‘chirdi va tizimga Xitoyning neft qayta ishlash korxonalarini jalb qildi. Bu haqda «The Economist» yozmoqda.
Qo‘shnilar zarari va Tehronning rekord daromadlari
28-fevralda boshlangan Fors ko‘rfazidagi uchinchi urush Yaqin Sharq monarxiyalarining arzon energiya resurslarining ishonchli yetkazib beruvchisi sifatidagi obro‘siga jiddiy zarba berdi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda yopilishi tufayli jahon neftining taxminan 15 foizi bloklanib, iste’molchilarga yetib bora olmayapti. Mintaqadagi barcha davlatlar neft qazib olishni keskin qisqartirishga majbur bo‘ldi, bu esa ularning eksport tushumlari keskin pasayishiga olib keldi. Yagona istisno – Eron bo‘ldi.
Nashr manbalariga ko‘ra, hozirda mamlakat kuniga 2,4–2,8 million barrel neft va neft mahsulotlarini eksport qilmoqda (shundan 1,5–1,8 million barreli neft xomashyosi hissasiga to‘g‘ri keladi). Bu ko‘rsatkich o‘tgan yil o‘rtacha darajasiga mos yoki hatto undan yuqori. Jahon narxlarining o‘sishi tufayli Tehronning kunlik tushumi hozir urush boshlanishidan oldingi davrga nisbatan deyarli ikki baravarga oshgan. Bu mablag‘larning asosiy qismi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini moliyalashtirishga yo‘naltirilmoqda. Eron neft tizimi uchta asosga tayanadi: sotuvchilar tarmog‘i, harbiylashtirilgan logistika va soya bank tizimi.
Oligarxik nazorat va detsentralizatsiya
Rasman eksportni Eron Milliy neft kompaniyasi boshqarsa-da, amalda neft likvidlik manbai sifatida qo‘llanib, uni sotish kvotalari turli idoralar – Tashqi ishlar vazirligidan tortib politsiya va diniy jamg‘armalargacha – o‘rtasida taqsimlanadi. Bu tizimni taxminan 20 nafar oligarx nazorat qiladi.
Asosiy shaxslardan biri Huseyn Shamxaniy (marhum Ali Shamxaniyning o‘g‘li, u ilgari Eron Milliy xavfsizlik kengashi rahbari bo‘lgan) hozir savdo va dengiz tashuvlari imperiyasini boshqaradi. Neft biznesiga shuningdek Mo‘jtabo Xomanaiy (urushning birinchi kuni halok bo‘lgan oliy rahbarning o‘g‘li va vorisi) hamda yetakchi islom huquqshunosi G‘olam-Husayn Mohseniy-Ejeiyning qarindoshlari ham jalb qilingan.
«Vortexa» tahlilchisi Emma Li ma’lumotiga ko‘ra, eksportning so‘nggi o‘sishi ortida o‘z neft konlariga ega bo‘lgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi turibdi. Katta hajmdagi xomashyoni, shuningdek, mart oyida Mo‘jtabo Xomanaiyning harbiy maslahatchisiga aylangan sobiq Islom inqilobi muhofizlari korpusi bosh qo‘mondoni Mohsen Rezoiyning o‘g‘li va kuyovi sotmoqda. Bundan tashqari, korpusning xalqaro qanoti «Al-Quds» bo‘linmasi Eron neft qazib olishining 25 foizini bevosita nazorat qiladi. Bunday detsentralizovan tuzilmani faqat havo zarbalari bilan izdan chiqarish deyarli imkonsiz.
Harbiylashtirilgan dengiz tashuvi va sanksiyalardan aylanib o‘tish
Tizimning ikkinchi tayanchi logistika bo‘lib, uni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi to‘liq nazoratga olgan. Rasman xususiy bo‘lgan, ammo AQSH sanksiyalariga tushgan va vositachi tuzilmalar sifatida faoliyat yuritadigan kompaniyalar («Sahand», «Sahara Thunder», «Pasargad», «Admiral» va «Persian Gulf Petrochemical Company») yuk tashuvlarning katta qismini «National Iranian Oil Company» bilan birga muvofiqlashtiradi. Bir tankerdagi neft qiymati 150–200 million dollarga yetishi mumkin, bu esa tashuvchi kemaning o‘zi qiymatidan 5–10 barobar yuqori.
Erondagi asosiy eksport terminali Xarg orolida joylashgan bo‘lib, odatda neft xomashyosining 90 foizi shu yerdan yuklab jo‘natiladi. Hozir u favqulodda rejimga o‘tkazilgan. Eng uzoqda joylashgan T-simon prichalda kemalar hujum bo‘lgan taqdirda darhol arqonlarni uzib, buksirlarsiz uzoqlashishga tayyor holatda turadi. «Azarpad» nomli yirik prichaldan foydalanish xavfsizlik sabablari bilan qisqartirilgan. AQSH oroldagi harbiy obyektlarni bombardimon qilgan va uni egallash bilan tahdid qilgani sababli, korpus zaxira choralarini tayyorlab qo‘ygan. AQSHning Eron bo‘yicha sobiq maxsus vakili Richard Nefyu bahosiga ko‘ra, kichik terminallar (Jask, Lavan, Sirri) hozir rekord zaxiralarni to‘plamoqda va maksimal yuklamada Xarg quvvatining 25 foizigacha o‘z zimmasiga olishi mumkin.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun korpus qat’iy protokol joriy etgan: kema haqidagi barcha ma’lumotlar oldindan harbiylarga uzatiladi, maxsus parol beriladi, shundan so‘ng tankerlar bo‘g‘ozning markazidan emas, balki qirg‘oq bo‘ylab tor yo‘lak orqali korpus katerlari kuzatuvida harakatlanadi. «Lloyd's List» ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim tankerlardan bir necha million dollar miqdorida to‘lov undiriladi.
Xitoy bozori va yashirin hisob-kitoblar
Eron neftining 90 foizdan ortig‘i oxirgi manzil sifatida Xitoyga yetkaziladi. Uni Xitoyning Shandun provinsiyasida joylashgan taxminan 100 ta kichik mustaqil neft qayta ishlash zavodlari («samovarlar») sotib oladi. Qog‘ozda ular Xitoyning davlat gigantlaridan mustaqil ko‘rinadi, chunki ular AQSH sanksiyalaridan cho‘chiydi, ammo amalda vaziyat boshqacha. Masalan, «Shandong Shouguang Luqing Petrochemical» kompaniyasi yillar davomida kamida 500 million dollarlik Eron neftini xarid qilgan va davlat korporatsiyalari bilan uchta qo‘shma korxonada ulushga ega.
Urushdan oldin «Iranian Light» markali Eron nefti «Brent» etaloniga nisbatan barreli uchun 18–24 dollar arzon sotilgan. Hozir esa Fors ko‘rfazidagi tanqislik sabab bu diskont 7–12 dollargacha qisqargan. Malayziya orqali logistika xarajatlari hisobga olinganda, hozir Eron nefti Xitoy uchun «Brent»dan ham qimmatga tushmoqda. Shu bilan birga, Brentning asosiy narxlari ham keskin oshgan: bir necha oydan keyin yetkazib beriladigan iran nefti fyucherslari 104 dollarga yetgan — bu urushdan oldingi darajadan 75 foiz yuqori.





