Oltin 1983-yildan beri eng yirik pasayishni qayd etdi

Bugun 15:053 daqiqa

Bozorda likvidlik muammosi yuzaga kelgan. Investorlar naqd pulga muhtojligi sababli o‘z aktivlarini tezkorlik bilan sotmoqda.

Oltin 1983-yildan beri eng yirik pasayishni qayd etdi

Yaqin Sharqdagi AQSH va Isroilning Eronga qarshi boshlagan urushi inflatsiya xavfini oshirib, foiz stavkalarining yuqori darajada saqlanib qolishiga bo‘lgan kutilmalarni kuchaytirgani sabab jahon bozorida oltin va kumush narxi keskin quladi. Oltin joriy yilgi barcha o‘sish ko‘rsatkichlarini yo‘qqa chiqarib, ketma-ket to‘qqizinchi kun arzonlashdi va 1983-yildan beri eng yomon haftani o‘tkazdi.

«Bloomberg» agentligining yozishicha, spot bozorida oltin narxi 8,7 foizgacha arzonlab, bir unsiyasi uchun eng pastki ko‘rsatkich — 4 099,55 dollarni tashkil qildi. Bu bilan qimmatbaho metall narxi 2025-yil 24-noyabrdan buyon birinchi marta 4 100 dollarlik marradan pastga tushdi. Savdolar davomida (Moskva vaqti bilan soat 10:37 ga kelib) pasayish sur’ati 6,9 foizgacha sekinlashdi va oltinning spot narxi qariyb 4 180 dollarga yetdi. Fyucherslar bozorida ham keskin qulash kuzatildi: Chikago tovar birjasida aprel oyida yetkazib beriladigan oltin fyucherslari 9,55 foizga arzonlab, 4 137,8 dollar qiymatida sotildi. Kumush esa bir vaqtning o‘zida 10 foizdan ko‘proqqa pastladi.

Bozordagi ushbu sarosimaga dam olish kunlaridagi geosiyosiy bayonotlar sabab bo‘ldi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish uchun ikki kun muhlat berib, aks holda elektr stansiyalari bombardimon qilinishini ma’lum qildi. Bunga javoban Tehron strategik suv yo‘lini butunlay yopib qo‘yishini va AQSH hamda Isroilning energetika, axborot texnologiyalari va suvni chuchuklashtirish infratuzilmalarini nishonga olishini bildirdi. Ushbu keskinlik ortidan xom neft narxi ham 2022-yil o‘rtalaridan beri eng yuqori yopilish ko‘rsatkichi atrofida tebranmoqda.

Energiya resurslari narxining oshishi global inflatsiya xavfini keltirib chiqaryapti. Bu esa AQSH Federal zaxira tizimi va boshqa markaziy banklar tomonidan foiz stavkalarini kutilganidan ham yuqoriroq darajada ushlab turish ehtimolini oshirdi.

Shuningdek, «Bloomberg»ning qayd etishicha, 28-fevralda Eron bilan urush boshlanganidan buyon o‘tgan uch hafta davomida investorlar boshqa aktivlari bo‘yicha ko‘rgan zararlarini qoplash uchun naqd pul izlab, oltinni ommaviy ravishda sotishga majbur bo‘lmoqda.

Bu holat bozorning texnik ko‘rsatkichlarida ham yaqqol aks etdi. «Comex» birjasida oltin fyucherslari bo‘yicha umumiy ochiq pozitsiyalar 2018-yildan beri eng past darajaga tushib, chayqovchilar bozordan chiqib ketganini ko‘rsatdi. Institutsional investorlar orasida mashhur bo‘lgan oltin bilan ta’minlangan birja fondlaridan («ETF») yil boshidan buyon 11 tonna sarmoya chiqib ketgan. Quyma oltinning 14 kunlik nisbiy kuch indeksi (RSI) 30 dan pastga tushdi — bu treyderlar tilida aktivning haddan tashqari ko‘p sotib yuborilganini (oversold) anglatadi. Shunga qaramay, AQSH hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim xej-fondlar va yirik chayqovchilar 17-mart holatiga oltin bo‘yicha sof long-pozitsiyalarini so‘nggi 7 hafta ichidagi eng yuqori darajaga oshirgan.

«Pangaea Wealth AG» kompaniyasi rahbari Yoxan Yostening ta’kidlashicha, bozorda likvidlik (naqd pul) muammosi yuzaga kelgan va agar urush keskinlashishda davom etsa, oltin narxi yanada pasayishi mumkin.

Biroq, tarix bunday pasayishlardan so‘ng tiklanish bo‘lishini ko‘rsatadi. «BNP Paribas» eksperti Devid Uilson hozirgi holatni 2008, 2020 va 2022 yillardagi iqtisodiy zarbalarga qiyosladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday inqirozlar vaqtida investorlar dollar sotib olish uchun dastlab oltinni sotishadi, ammo keyinroq yana barqaror o‘sish boshlanadi.

Ma’lumot o‘rnida, qimmatbaho metall o‘tgan 2025-yilni bir unsiyasi uchun 4 319,37 dollar ko‘rsatkich bilan yakunlagan va 2026-yilning yanvar oyi oxirida 5 595 dollardan oshib, tarixiy maksimumni qayd etgan edi. Hozirda esa platina va palladiy ham arzonlashmoqda, AQSH valutasining ko‘rsatkichi bo‘lgan «Bloomberg Dollar Spot Index» esa 0,3 foizga o‘sgan.

Teglar

Mavzuga oid

Oltin 1983-yildan beri eng yirik pasayishni qayd etdi | Vaqt.uz