Vazir va bloger sudi, tadbirkorlar muammosi, 14 bola bilan ag‘darilgan matiz, tanqidga uchragan Usmonova—hafta dayjesti
Hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan VAQT.UZ dayjestida batafsil tanishing.
Bloomberg | © BloombergIchida 14 bola bo‘lgan matiz ag‘darilib ketdi
O‘tayotgan hafta Navoiy viloyatining Nurota tumanida bir yo‘la 14 nafar bolaning hayotini xavf ostiga qo‘ygan mudhish yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari bo‘lgan 34 yoshli ayol boshqaruvidagi «Matiz» avtomobili yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilishi oqibatida haydovchi shifoxonada vafot etdi.
5 kishiga mo‘ljallangan kichik hajmli avtomobilda 14 nafar voyaga yetmagan bola xavfsizlik qoidalariga zid ravishda tashilgan.
Haydovchi ayol tegishli hujjatlarsiz rulga o‘tirgan hamda tajribasizligi va chalg‘ishi oqibatida boshqaruvni yo‘qotgan.
Avtomobilda bo‘lgan 13 nafar bola, jumladan, haydovchining 3 oylik chaqalog‘i turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ushbu fojiada bolalarning ota-onalari ham befarq bo‘lganini, xavfsizlik talablariga mutlaqo javob bermaydigan holatda farzandlarini mashinaga chiqarib yuborishganini alohida qayd etdi. Hozirda holat yuzasidan tergov oldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Samarqandda ham YHXX xodimlari aql bovar qilmaydigan holatga duch keldi: Jomboyda bir Damas haydovchisi 28 nafar, boshqasi esa 24 nafar bog‘cha bolasini mashinaga «tiqib» tashiyotganda ushlandi. Har ikki mashina jarima maydoniga yo‘l oldi.
Yulduz Usmonovaning AQSHdagi konserti bekor qilindi
Bu hafta O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning AQSHda rejalashtirilgan konserti rasman bekor qilingani ma’lum bo‘ldi. Xonandaning 9-may kuni Brayton-Bichdagi «Okean» teatrida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan chiqishi mahalliy yahudiylar jamoasining keskin talab va e’tirozlaridan so‘ng to‘xtatildi.
Noroziliklarga san’atkorning 5 yil avval Isroil—Falastin nizosi borasida bildirgan keskin munosabati sabab bo‘lgan. 2021 yilda xonanda Falastin xalqini qo‘llab-kuvvatlab, yahudiy jamoasiga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirgan edi.
So‘nggi voqealardan so‘ng xonanda o‘z fikrida sobit ekanini, har qanday zo‘ravonlikka qarshiligini va yahudiylar o‘z harakatlari bilan «asl yuzini» ko‘rsatayotganini qo‘shimcha qilgan.
Teatr ma’muriyati sotilgan chipta pullari xarid qilingan joylarda qaytarib berilishini ma’lum qilib, yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘radi.
Yahudiylarga qarshi chiqishlari, «Falastin ozod bo‘lsin» degan bayonotlari va shuning ortidan AQSHdagi konserti bekor qilingani bilan muhokamalar markaziga chiqqan Yulduz Usmonovaga Eron elchixonasi tomonidan sovg‘a yuborildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda elchixona vakili xonandaga sovg‘ani topshirayotgani aks etgan.
Peshlavhalar endi reklama hisoblanmaydi
Endi ko‘plab tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘lgan do‘kon peshlavhalarini olib tashlash jarayoni to‘xtatiladi. Muhokamalarga sabab bo‘lgan muammo Prezidentgacha olib chiqildi.
O‘zbekistonda tadbirkorlikni yengillashtirishga qaratilgan muhim taklif ilgari surildi. Unga ko‘ra, korxona nomi va faoliyat turi yozilgan peshlavhalarni reklama sifatida baholamaslik hamda ular uchun «reklama pasporti» talabini bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu masala 5-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan yig‘ilishda muhokama qilindi. Davlat rahbari tadbirkorlar uchun ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish zarurligini ta’kidladi.
Hozirgi tartibda peshlavhalar reklama sifatida ko‘rilib, qo‘shimcha xarajat va byurokratik jarayonlarga sabab bo‘lmoqda. Bu esa biznesning ko‘rinishi, mijozlar oqimi va daromadiga salbiy ta’sir qilmoqda.
So‘nggi oylarda Toshkentda peshlavhalarni ommaviy demontaj qilish tadbirkorlar keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Ko‘plab biznes egalari katta moliyaviy zarar ko‘rganini ta’kidladi.
Ularning fikricha, asosiy muammo — aniq qoidalar va ochiq muloqotning yo‘qligi. Yangi takliflar aynan shu muammolarni hal qilishga qaratilgan.
Vazir va bloger sudi tugatildi
Bu hafta jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov o‘rtasidagi sud ishi yakunlandi.
Kelishmovchilik blogerning ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy chiqishlari, xususan, metan zapravkalardagi turnaqator navbatlar, svet va gaz muammolari hamda «Avto24» ilovasi haqidagi postlari ortidan kelib chiqqan edi. Vazir blogerni «yolg‘on axborot tarqatish»da ayblab, ariza yozgan.
7-may kuni Yashnobod tuman sudi mazkur ishni ko‘rmasdan tugatish haqida qaror chiqardi.
Qonun bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketganligi sababli, sud aybdorlik masalasini muhokama qilib o‘tirmadi. Ish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasiga asosan to‘xtatildi.
Shunday qilib, vazir va bloger o‘rtasidagi rasmiy nizo hozircha tugadi, biroq tomonlarda yuqori sudga shikoyat qilish huquqi saqlanib qolgan.
6 bloger kamida 2,7 mlrd daromad topdi
Yakunlanayotgan haftada Soliq qo‘mitasida o‘tgan uchrashuv ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Unda ijtimoiy tarmoq yulduzlarining daromadlari va ular to‘layotgan soliqlar haqidagi raqamlar ochiqlandi.
O‘zbekistonda 3 milliondan ortiq obunachiga ega olti nafar top bloger 2025 yil davomida jami 2,7 milliard so‘m daromad topib, budjetga 110,4 million so‘m soliq to‘ladi.
Olti nafar yetakchi bloger bir yil davomida 184 ta reklama posti va 360 ta Instagram hikoya (storis) joylashtirgan.
Ma’lum qilinishicha, blogerlar faoliyatini o‘rganish doirasida mazkur sohaning eng faol 110 nafar vakillari ro‘yxati shakllantirilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, ulardan 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, qolgan 22 nafari, esa jismoniy shaxs maqomida faoliyat yuritmoqda.
Soliq qo‘mitasi blogerlar faoliyatini qonunchilikka muvofiqlashtirish va daromadlar shaffofligini ta’minlash muhim ekanini alohida ta’kidladi.
Endi kartadan kartaga foizsiz pul o‘tkazish mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda bank xizmatlari va tadbirkorlik muhitini yengillashtirishga qaratilgan yangi takliflar ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslarning o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari komissiyasiz amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu aholi uchun qo‘shimcha xarajatlarni kamaytiradi va naqdsiz to‘lovlarni kengaytiradi.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish, yoqilg‘i, tamaki va alkogol savdosida chek asosida hisoblangan keshbekni tezroq qaytarish tizimini joriy etish taklif qilindi.
Bank operatsiyalarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ham o‘zgarishlar bor. SMS-xabarnomalar o‘rniga mobil ilovalar orqali bildirishnomalar yoki biometrik tasdiqlash tizimlaridan foydalanish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, soliq sohasida ayrim jarimalarni kamaytirish va ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar va aholi uchun ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish zarurligini ta’kidladi.
Abdusattorov kuchli uchlikda, Sindorovda esa murakkab vaziyat
O‘zbek shaxmat maktabi vakillari xalqaro maydonda faol harakat qilmoqda. Bu hafta Nodirbek Shvetsiyada kuchli uchlikka kirdi, Javohir esa Polshada jahonning eng kuchlilariga qarshi bahslarga kirishdi.
Nodirbek Abdusattorov Shvetsiyadagi «TEPE Sigeman» turnirning so‘nggi turida durang o‘ynab, 4 ochko bilan 3-o‘rinni egalladi. Musobaqada Magnus Karlsen g‘olib chiqdi.
Javohir Sindorov: Varshavada o‘tayotgan «Grand Chess Tour»da hozircha qiyinchiliklarga duch kelmoqda. U rapid yo‘nalishida amerikalik Uesli So va hindistonlik Gukesh Dommaraju kabi kuchli raqiblarga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Abdusattorov va Sindorov avvalgi yillarda Shvetsiyadagi ushbu turnirda ketma-ket chempionlikni qo‘lga kiritishgan edi. Bu gal esa raqobat har qachongidan ham kuchli bo‘ldi. Javohirning Polshadagi bahslari 10-mayga qadar davom etadi — umid qilamizki, blits yo‘nalishida hamyurtimiz vaziyatni o‘nglab oladi.
Instagram’da «katta tozalash»
Instagram ma’muriyati botlar va soxta akkauntlarga qarshi ayovsiz kurash boshladi. Meta kompaniyasining yangi tizimi bir kunning o‘zida 50 millionga yaqin akkauntni o‘chirib tashladi. Buning oqibatida dunyoning eng mashhur insonlari bir necha soat ichida «oriqlab» qolishdi.
Eng katta yo‘qotish Kayli Jennerda kuzatilgan – u 15 million obunachisini yo‘qotgan. Krishtianu Ronalduda 8 million, BTS guruhi va Ariana Grandeda 7 milliondan, Selena Gomesda 6 million, Teylor Sviftda esa 5 million obunachi kamaygan.
Ommaviy tozalashga Meta kompaniyasining feyk akkauntlarga qarshi yangi tizimi sabab bo‘lgan. Endilikda algoritmlar faol bo‘lmagan sahifalar, avatar va tavsifsiz profillar, botlar orqali ochilgan akkauntlar hamda maxsus servislar orqali sun’iy ko‘paytirilgan obunachilarni qattiq nazorat bilan o‘chirmoqda.





