«Inomarka»lar importi: elektromobillar benzinli avtomobillarni katta farq bilan ortda qoldirdi

Yil boshidan beri O‘zbekistonga 508,3 mln dollarlik yengil avtomobil import qilindi. Shundan 309,3 mln dollari elektromobil bo‘lib, import o‘tgan yilga nisbatan 4 barobar o‘sdi.

«Inomarka»lar importi: elektromobillar benzinli avtomobillarni katta farq bilan ortda qoldirdi © Bloomberg

2026-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonga import qilingan transport vositalari soni keskin oshdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasidan ma’lum bo‘ldi.

Qayd etilishicha, jami transport vositalari importi 221,2 mln dollardan 519,1 mln dollarga chiqib, 297,8 mln dollarga (+134,6 foiz) oshgan. Importning asosiy qismi yengil «inomarka» avtomobillar (508,3 mln dollar) hisobiga shakllandi.

Bunda elektromobillar importi 2025-yilning mos davri bilan solishtirilganda qariyb 4 barobar oshdi — 5 863 donadan 23 079 donaga. Natijada, O‘zbekistonga kirib kelayotgan elektromobillar soni benzinli avtomobillarni ortda qoldirdi.

Xorijdan olib kelingan elektromobillar qiymati ham 220,8 mln dollarga ko‘payib, 309,3 mln dollarga yetdi. 2025-yilning 4 oyida 88,5 mln dollarlik elektromobil olib kelingandi.

photo_2026-05-08_21-23-10

Shunga qaramay, o‘tgan yilga nisbatan chet eldan olib kelingan elektromobillarning o‘rtacha narxi 15 ming dollardan 13,4 ming dollarga pasaygan.

Benzinli avtomobillar importi esa 3,9 foizga kamayib, 5 793 donadan 5 568 donaga tushgan. Ularning qiymati ham 117,5 mln dollardan 115,8 mln dollarga kamaygan.

Shuningdek, yil boshidan beri gibrid avtomobillar importida keskin o‘sish kuzatildi. Ularning importi o‘tgan yili 329 ta bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 8,6 barobar oshib 2 829 taga yetdi.

Bunda olib kelingan gibrid avtomobillar qiymati 7,5 mln dollardan 81,7 mln dollarga ko‘paydi. O‘rtacha gibrid avtomobil qiymati esa, elektromobillardan farqli ravishda 22,6 ming dollardan 28,9 ming dollargacha oshdi.

Mahalliy bozorda vaziyat qanday?

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar ro‘yxatida ham elektromobillar ulushi ortib, UzAuto Motors’ning bozordagi ishtiroki kamaymoqda.

I chorakda ishlab chiqarilgan mahalliy avtomobillar orasida kompaniya ulushi o‘tgan yil bilan solishtirganda 54,3 foizdan 50,3 foizga kamayib ketdi.

Bu UzAuto’ning bozordagi monopol pozitsiyasi sekinlashib borayotganini ko‘rsatishi mumkin. 

Bundan tashqari, mahalliy ishlab chiqarilgan elektromobillar soni ham sezilarli o‘smoqda. Jumladan, BYD brendi ostida sotilgan elektromobillar soni 4 045 tadan 7 799 taga oshgan.

Elektromobil egalariga subsidiya

Import sezilarli o‘sishda davom etishi fonida O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash xarajatlarining bir qismini davlat qoplashni rejalashtirmoqda.

Energetika vazirligi taklifiga ko‘ra, zaryadlash shoxobchalarida sarflangan 1 kWh elektr energiyasining 300 so‘mdan oshgan qismi Davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Bu mexanizm 2026-yil 1-maydan joriy qilinishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid