Londondan kapital chiqib ketmoqda
Janubiy Koreya fond bozori kapitalizatsiya bo‘yicha Buyuk Britaniyani ortda qoldirdi va bu Londonning global moliyaviy markaz sifatidagi mavqei zaiflashayotgani haqidagi bahslarni kuchaytirdi.
© Getty ImagеsBuyuk Britaniyada mahalliy saylovlarda ilk bor an’anaviy partiyalar – konservatorlar va leyboristlar mag‘lubiyatga uchradi. Shu bilan birga, mamlakat fond bozori kapitalizatsiya bo‘yicha Janubiy Koreyadan ortda qoldi. «TMT Investment» hammuassisi German Kaplun Britaniya nega mavqeini yo‘qotayotganini tahlil qildi.
Iqtisodiyot hajmi hamma narsani hal qilmaydi
Janubiy Koreya fond bozori kapitalizatsiyasi bo‘yicha Buyuk Britaniyani ortda qoldirdi. Bu haqda «Bloomberg» xabar berdi.
2024-yil oxirida Britaniya fond bozori Koreyanikidan deyarli ikki baravar katta edi. Hozir esa Koreya oldinga chiqib ketgan.
So‘nggi bir yarim yil ichida Janubiy Koreya fond bozori kapitalizatsiyasi taxminan ikki baravar oshgan bo‘lsa, Britaniya bozori deyarli o‘sishsiz qolgan.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniya hali ham aholi soni bo‘yicha kattaroq (69 millionga qarshi 52 million), nominal YAIM hajmi esa ikki baravardan ortiq. Mamlakat hanuz dunyoning yetakchi moliyaviy markazlaridan biri hisoblanadi.
Bu qanday qilib umuman mumkin bo‘ldi?
Bu – bir vaqtning o‘zida ham sun’iy intellekt bumidan chetda qolish, ham Kir Starmer boshchiligidagi leyboristlar iqtisodiy siyosatining muvaffaqiyatsizligi tarixi.
Starmer hokimiyatga kelgach, Buyuk Britaniya klassik «antibiznes» choralar to‘plamiga duch keldi:
Soliqlar Ikkinchi jahon urushidan keyingi 1940-yillardan beri eng yuqori darajagacha oshirildi.
Boy britaniyaliklar va badavlat chet elliklar – norezident maqomiga ega shaxslarga nisbatan soliq bosimi keskin kuchaytirildi.
Kapital va kompaniyalarning mamlakatdan chiqib ketishi boshlandi.
Natijada London IPOlar, listinglar va ommaviy kompaniyalarni tez sur’atda yo‘qotmoqda. Xalqaro kapital Dubay, Singapur va Shveysariyaga yo‘nalmoqda, texnologik growth-biznes esa ommaviy ravishda AQSHni tanlayapti.
Yillar davomida to‘plangan muammolar – Breksit, zaif tech-sektor va past multiplikatorlar leyboristlar davrida tizimli va, ehtimol, qaytarib bo‘lmas tanazzulga aylandi. Bu paytda Janubiy Koreya bir vaqtning o‘zida ikkita kuchli o‘sish drayverini qo‘lga kiritdi.
Global sun’iy intellekt bumidan foyda ko‘rish
«Koreys chegirmasi»ni yo‘q qilishga qaratilgan islohotlar (korporativ boshqaruvni yaxshilash, minoritar aksiyadorlarni himoya qilish, buyback dasturlari). Natijada 2025-yil davomida «Samsung Electronics» aksiyalari taxminan 125 foizga, «SK Hynix» esa 274 foizga o‘sdi. Bu ikki kompaniya birgalikda KOSPI kapitalizatsiyasining qariyb 40 foizini tashkil qiladi.
2025-yil boshidan beri Koreya fond bozori deyarli uch baravarga o‘sgan bo‘lsa, FTSE 100 atigi bir necha foiz qo‘shdi. Asosiy xulosa shuki, fond bozori kapitalizatsiyasi mamlakat YAIMi yoki aholi soniga emas, balki davlatning kapital, tadbirkorlar va ommaviy kompaniyalar uchun qanchalik jozibador ekaniga bog‘liq.
Janubiy Koreya hozir ham islohotlardan, ham yangi texnologik sikldan yutib chiqmoqda.
Buyuk Britaniya esa leyboristlar rahbarligida dunyoning eng muhim moliyaviy markazlaridan birini asta-sekin o‘z qo‘li bilan zaiflashtirmoqda.





