add

Ortiqxo‘jayevga topshiriq, qimmat mahsulotlar va kam daromadli o‘zbekistonliklar — 22 iyul dayjesti

22.07.2025 | 22:0020988

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Ortiqxo‘jayevga topshiriq, qimmat mahsulotlar va kam daromadli o‘zbekistonliklar — 22 iyul dayjesti
O‘zbekistonda qaysi mahsulotlarning narxi qimmatlashgani aytildi 2025 yil iyun holatiga ko‘ra, mamlakatda 105 ta tovar va xizmatlar narxi 10 foizdan ortiqka oshgani ma’lum qilindi. Markaziy bank tarqatgan infografikada yillik inflyatsiya darajasi 8,7 foiz ekani qayd etilgan. Unga ko‘ra, narxi keskin oshgan mahsulotlar ulushi 21 foizni tashkil qilgan. Eng ko‘p qimmatlagan oziq-ovqatlar — paxta yog‘i (43,5%), kartoshka, karam, qo‘y va mol go‘shti, kungaboqar yog‘i bo‘lgan. Nooziq-ovqatlar orasida esa metan narxi 36,2 foizga oshib, eng yuqori o‘sishni qayd etgan. So‘rovda qatnashgan aholining 50 foizi kommunal to‘lovlar, 45 foizi esa yoqilg‘i va energiya narxlari yana oshib ketishini kutmoqda.   O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,2 foizga o‘sdi, lekin aholi daromadlari o‘sishi sekinlashdi 2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,2 foizga o‘sdi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lsa-da, aholining real daromadlari 11,9 foizdan 9,5 foizgacha sekinlashgan. Sanoatda o‘sish 7,8 foizdan 6,6 foizga tushdi, qurilish sohasida esa o‘sish 10,7 foizga yetgan. Chakana savdo, xizmatlar va qishloq xo‘jaligida o‘sish kuzatilgan bo‘lsa-da, yuk tashish hajmi sezilarli kamaygan. Tashqi savdo aylanmasi 16,1 foizga, eksport esa 29,2 foizgacha ortgan. Bunga asosan oltin va xizmatlar eksporti hissa qo‘shgan. Import esa 7 foizga o‘sgan.   O‘zbekistonda gaz va benzin ishlab chiqarish hajmi pasaydi 2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda benzin va tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi. Benzin ishlab chiqarish 14,8 foizga pasayib, 575,6 ming tonnaga tushdi. Tabiiy gaz qazib olish 21,78 mlrd kub metrni tashkil qildi — bu o‘tgan yilga nisbatan ancha kam. Neft qazib olish hajmi ham 364 ming tonnaddan 323,8 ming tonnaga tushgan. Shu bilan birga, elektr energiyasi ishlab chiqarish 6,6 foizga oshib, 43,5 mlrd kVt/soatga yetdi. Yengil avtomobil ishlab chiqarishda ham o‘sish kuzatildi — 185,6 mingta avto ishlab chiqarilgan bo‘lib, Cobalt, Damas va Tracker modellari yetakchilik qilmoqda.   Oltin narxi 6 oyda 26 foizga oshib, rekord yangiladi 2025 yilning birinchi yarmida oltin narxi AQSH dollari hisobida 26 foizga o‘sdi va rekord darajalarni yangiladi. Jahon Oltin Kengashi ma’lumotiga ko‘ra, bunga dollarning zaiflashuvi, past foiz stavkalari va geoiqtisodiy noaniqliklar asosiy sabab bo‘lgan. Xozirgi vaziyat saqlansa, yil oxirigacha yana 5 foizgacha o‘sish ehtimoli bor. Ekspertlarga ko‘ra, stagflyatsiya va geosiyosiy keskinliklar kuchaysa, narx 10–15 foizgacha oshib ketishi mumkin. Ammo global barqarorlik yuzaga kelsa, oltin narxi avvalgi o‘sishining bir qismini yo‘qotishi ehtimoli ham mavjud. Investorlar bu aktivni uzoq muddatli xavfsiz sarmoya sifatida ko‘ra boshlagan.   Ortiqxo‘jayev Prezidentga Zominda qurayotgan zavodi haqida ma’lumot berdi Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzaxning Zomin tumanida qurilayotgan maishiy texnika zavodini ko‘zdan kechirdi. Davlat rahbari bu loyiha orqali O‘zbekistonni mintaqaviy «elektrotexnika xabi»ga aylantirish vazifasini qo‘ydi. Zavod «Navoiy» maxsus sanoat parki filiali sifatida 80 gektar maydonda barpo etilayapti. U yerda yiliga 1 million dona kir yuvish mashinalari, televizorlar, sovutkichlar kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Loyihaning umumiy qiymati 150 million dollar bo‘lib, ishlab chiqarish hajmi 320 million dollarga yetadi. Shundan 140 million dollarlik mahsulot eksportga yo‘naltiriladi. 7 mingdan ziyod aholi doimiy ish bilan ta’minlanadi. Zavod tayyor mahsulotlarni Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa 15 davlatga eksport qiladi. Shuningdek, plastmassa mahsulotlari va qolipxona tashkil etilib, bozor talablariga tez moslashish imkoni yaratiladi.

Teglar

Mavzuga oid