Logo

Davlat aktivlarini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga kamaytiriladi

Bugun 10:222 daqiqa

O‘zbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish shartlari yengillashtirilmoqda. Endi tadbirkorlar uchun avans to‘lovi ikki baravar kamayadi va qolgan mablag‘ni foizsiz bo‘lib to‘lash mumkin bo‘ladi.

Davlat aktivlarini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga kamaytiriladi © president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan 2026-yilning birinchi yarmi yakunlari va yil oxirigacha belgilangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida davlat aktivlarini xususiylashtirish shartlarini yengillashtirish bo‘yicha yangi qarorlar ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, davlat aktivlarini sotib olayotgan tadbirkorlar uchun avans to‘lovi amaldagi 30 foizdan 15 foizga tushiriladi. Qolgan mablag‘ni esa foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Bu xususiylashtirish jarayonida biznes ishtirokini kengaytirishga qaratilgan.

Prezidentning ta’kidlashicha, ayni paytda qiymati 22 trillion so‘m bo‘lgan 3 mingta davlat obekti auksionga qo‘yilgan. Shu bilan birga, hokimliklarda davlat mulklarini sotish bo‘yicha tizimli ish tashkil etilmagani tanqid qilindi.

Yangi xususiylashtirish bosqichi

Yig‘ilishda yaqin vaqtda yangi xususiylashtirish dasturi ishga tushirilishi ma’lum qilindi.

Dastur doirasida qiymati 100 trillion so‘mlik 1,3 mingta ko‘chmas mulk obekti, 8 ming gektar yer maydoni hamda 66 ta korxonadagi davlat ulushlari ochiq savdoga chiqariladi.

Prezident bu jarayon xususiy sektor ulushini oshirish va iqtisodiyotga yangi investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Banklar aktivlari ham tahlil qilinadi

Yig‘ilishda banklar balansida 9 trillion 300 milliard so‘mlik 2 411 ta mol-mulk sotilmay turgani ham qayd etildi.

Shu munosabat bilan har bir obektning nima sababdan bank balansida saqlanayotgani alohida tahlil qilinadi.

Xaridori mavjud bo‘lsa-da, turli sabablar bilan sun’iy ushlab turilgan obektlar bo‘yicha qonun ustuvorligi ta’minlanishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan shu yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev Markaziy bank va davlat banklari rahbarlari faoliyatiga qat’iy e’tiroz bildirgan edi. Shuningdek, barcha vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarga bir hafta muddatda o‘z tizimidagi byurokratik to‘siqlar, jarimalar, to‘lov va yig‘imlarni qisqartirish hamda biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflarni Prezident administratsiyasiga kiritish topshirildi. Prezident rejalarni bajarmagan rahbarlar bunday sharoitda xotirjam ishlashga haqli emasligini qat’iy ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid