Tramp o‘z ittifoqchisi Ummonni bombardimon qilmoqchi
AQSH va Eron o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan bir vaziyatda, AQSH prezidenti Donald Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi masalasida Ummonni bombardimon qilish bilan tahdid qildi.

Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp agar Ummon AQSH va Eron o‘rtasidagi tinchlik kelishuviga «to‘sqinlik qilsa», uni bombardimon qilish bilan tahdid qildi.
Ayni paytda Ummon Eron bilan o‘ta muhim strategik ahamiyatga ega Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Eron esa AQSH bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilmasligini bir necha bor ta’kidlagan. Dushanba kuni eronlik rasmiylar Ummon bilan kelishuv e’lon qilinishi arafasida ekanini aytayotgan bir paytda, Vashington va Tehron o‘rtasida tuzilgan 60 kunlik o‘zaro anglashuv memorandumining muddati tugadi. Uning uzaytirilishiga esa deyarli umid yo‘q. Aslida bu memorandum tinchlik muzokaralari uchun imkon yaratishi ko‘zda tutilgan edi, biroq ko‘p o‘tmay u o‘z ahamiyatini yo‘qotdi.
Ta’kidlash joizki, bu Trampning shu paytgacha AQSH bilan hech qachon to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziddiyatga bormagan va Vashingtonning mintaqadagi ittifoqchisi sanalgan Ummonga nisbatan birinchi tahdidi emas. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi sohilida joylashgan Ummon AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaroda o‘zini betaraf tomon sifatida ko‘rsatib kelmoqda. Shunday bo‘lsa-da, u AQSH va Isroil hujumlariga qasos sifatida Eron tomonidan mintaqadagi Amerika harbiy obyektlariga berilgan zarbalar oqibatida muayyan darajada jabr ko‘rdi.
Endi esa Trampning o‘zi ham ushbu davlatga zarba berish bilan tahdid qilmoqda.
Tramp Ummonga qanday tahdid qildi?
Dushanba kuni AQSHning «Fox News» telekanaliga bergan intervyusida Tramp Eron taslim bo‘lishi shartligini aytdi. Shuningdek, u o‘z ma’muriyati Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi bilan muzokaralar olib borish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashirin aloqa kanalini ishga tushirganini da’vo qildi.
Suhbat davomida u, agar AQSHning ittifoqchisi sanalgan Ummon Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarga «to‘sqinlik qilgudek bo‘lsa», uni bombardimon qilishdan qaytmasligini bildirdi.
«Agar Ummon yo‘limizga to‘g‘anoq bo‘lsa, biz ularni ayovsiz bombardimon qilamiz», — dedi AQSH rahbari.
Islom inqilobi posbonlari korpusi vakili Trampning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar haqidagi bu da’vosini qat’iyan rad etdi.
«Korpus rasmiylari va amerikaliklar o‘rtasida hech qanday muzokaralar olib borilayotgani yo‘q. Trampning bu yolg‘oni — uning urushdagi mag‘lubiyati hamda chorasizligi oqibatida yuzaga kelgan vasvasa va tungi dahshatlar mahsuli bo‘lgan xomxayoldan boshqa narsa emas», — dedi u Eronning yarim rasmiy «Tasnim» axborot agentligiga bergan bayonotida.
Tramp avval ham Ummonga tahdid qilganmi?
Dushanba kungi holat Trampning AQSH va Eron o‘rtasidagi besh oylik urush davomida Ummonga nisbatan bildirgan ilk tahdidi emas. Joriy yilning may oyida ham u shunga o‘xshash bayonot bilan chiqqan edi.
27-may kuni o‘tkazilgan vazirlar mahkamasi yig‘ilishida jurnalistlardan biri Trampdan Ummon va Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini birgalikda nazorat qilish tashabbusiga qanday munosabatda ekanini so‘ragandi.
«Eron va Ummonga bo‘g‘ozni nazorat qilish imkonini beruvchi qisqa muddatli kelishuvni qabul qilasizmi?», — deya savol bergandi jurnalist.
Tramp esa bunga javoban keskin ohangda shunday degan edi:
«Hech kim uni nazorat qilmaydi. Bu — xalqaro suvlar va Ummon ham boshqalar kabi o‘zini tutishi kerak, aks holda biz ularni yer bilan yakson qilishimizga to‘g‘ri keladi».
Dastlab Tramp adashib, «Eron» o‘rniga «Ummon» deb yuborgan bo‘lishi mumkin, degan taxminlar ilgari surilgan bo‘lsa-da, keyinchalik AQSH Davlat departamenti ijtimoiy tarmoqlarda ushbu bayonotning rasmiy matnini e’lon qildi va unda aynan mazkur arab davlati nazarda tutilgani tasdiqlandi.
Bularning barchasi ortida qanday sabablar yotibdi?
So‘nggi bir necha hafta davomida Eron va Ummon Qatar vositachiligida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali dengiz qatnovini kelgusida qanday boshqarish bo‘yicha kelishuvga erishish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib bordi.
17-iyun kuni AQSH bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanganidan so‘ng, Eron 60 kun mobaynida bo‘g‘ozni kemalar uchun bepul ochiq saqlashga rozi bo‘lgan edi. Biroq ikki tomon bo‘g‘oz ustidan yakuniy nazorat kimda bo‘lishi, xususan, kemalar qaysi yo‘nalish bo‘ylab suzishi masalasida bir to‘xtamga kela olmagani sababli ushbu kelishuv tezda barbod bo‘ldi. Iyun oyining oxirlariga borib, Eron o‘z yo‘nalishi o‘rniga Ummon tomonidan taklif etilgan va AQSH ma’qullagan yo‘lak bo‘ylab harakatlangan bir nechta kemaga zarba berdi. Bunga javoban AQSH qariyb ikki hafta davomida Eron hududlariga qayta zarbalar berdi.
Shundan so‘ng Eron Vashingtonni barcha yo‘nalishlarda harbiy harakatlarni to‘xtatishni ko‘zda tutuvchi memorandum shartlarini buzganlikda ayblab, u bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni to‘xtatdi. Buning o‘rniga Tehron Ummon bilan bo‘g‘ozning istiqboli bo‘yicha muzokaralarga kirishdi. Shuningdek, Eron muloqotni qayta tiklash uchun sanksiyalarni bekor qilish va AQSH zarbalarini butunlay to‘xtatish kabi yangi shartlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Dushanba kuni Tehron ikki davlat bo‘g‘ozdagi yangi kema qatnovi yo‘nalishi bo‘yicha kelishuvga erishganini va hozirda qo‘shma deklaratsiya matni tayyorlanayotganini ma’lum qildi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiyning ta’kidlashicha, bo‘g‘ozni nazorat qilish bo‘yicha taklif etilayotgan yangi mexanizm tijorat kemalarining xavfsiz o‘tishini ta’minlagan holda, ham Eron, ham Ummon manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan.
«Ikki sohilbo‘yi davlatning suveren huquqlarini bir vaqtning o‘zida himoya qilish va savdo kemalarining xavfsiz qatnovini ta’minlash mexanizmi ilk bor ishlab chiqilmoqda», — dedi Baqoiy.
Ma’lumot uchun, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi — 28-fevralda AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanishidan avval jahondagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz (STG) ta’minotining beshdan bir qismi tashilgan o‘ta muhim suv yo‘li hisoblanadi. Ushbu bo‘g‘oz orqali har kuni o‘rtacha 130 ta kema suzib o‘tardi.
Eron mart oyi boshida bo‘g‘ozni yopib qo‘ydi va 17-iyun kuni AQSH bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangunga qadar faqat o‘zi «do‘st» deb bilgan sanoqli kemalarning o‘tishiga ruxsat berdi. O‘shandan beri bu masala urushga barham berishga qaratilgan uzoq muddatli tinchlik rejasi muzokaralarini to‘xtatib turgan asosiy muammoga aylandi.
AQSH esa o‘z navbatida bo‘g‘oz ichida va uning atrofidagi Eron portlariga qarshi qamal o‘rnatdi. O‘tgan haftada u Eron portlariga yetib borishga uringanlikda ayblangan hamda yo‘nalishni o‘zgartirish buyrug‘iga bo‘ysunmagan Panama bayrog‘i ostidagi yuk kemasiga qarata o‘t ochdi.
Mazkur inqiroz oqibatida global energiya taqchilligi yuzaga keldi va neft narxi keskin ko‘tarildi. Yaqin Sharqdagi mojaro boshlanishidan avval jahon etaloni hisoblangan «Brent» markali xom neft narxi bir barrel uchun taxminan 66 dollarni tashkil etardi. Urush davomida narx bir necha bor 100 dollardan oshib ketdi, oxirgi marta bu holat 23-iyulda kuzatildi. Mart oyida esa narx 119 dollargacha ko‘tarilgan edi.
Seshanba kuni «Brent» nefti fyucherslari bir barrel uchun 91,22 dollargacha ko‘tarilib, so‘nggi uch haftadagi eng yuqori ko‘rsatkichga yaqinlashdi.
Ummonning Eron urushidagi pozitsiyasi qanday?
O‘zining betarafligi bilan tanilgan Ummon Ho‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilishda Eronga qo‘shilish niyati borligini oshkora ma’lum qilgani yo‘q. AQSH va Ummon qariyb 200 yillik tarixga ega yaqin hamkor hisoblanadi.
Ikki mamlakat o‘rtasida ko‘plab bitimlar, jumladan, xavfsizlik bo‘yicha sheriklik, erkin savdo to‘g‘risidagi bitim hamda fan va texnologiya sohasidagi kelishuvlar amal qiladi.
Urush davrida Eron qo‘shni davlatlar, xususan, Ummondagi AQSH harbiy obyektlari va energetika infratuzilmasiga bir necha bor zarba berdi.
Ummon avvalroq 28-fevralda AQSH va Isroil Eronga hujum qilganidan so‘ng boshlangan urushga yechim topishga intilayotgan Vashington va Tehron o‘rtasida asosiy vositachi sifatida ish olib borgan edi.
Xo‘sh, nima uchun Tramp endi Ummonga tahdid qilmoqda?
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha ehtimoliy Eron va Ummon kelishuvi Vashingtonning asosiy talablaridan biriga zid kelishi mumkin: bu talab urushni to‘xtatish sharti sifatida Eronning bo‘g‘oz ustidan nazoratni topshirishidir. Bunday kelishuv nazoratni cheklash o‘rniga, Eron pozitsiyasini rasmiylashtirib, unga yanada ko‘proq qonuniy tus beradi.
Biroq ekspertlarning fikricha, Tramp AQSH bo‘g‘oz bilan bog‘liq kelishuvdan chetda qolganidan ham g‘azabda bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Ekseter universitetining Ko‘rfaz davlatlarini o‘rganish bo‘yicha professori Lala Xaliliy «Al-Jazira»ga bergan intervyusida shunday dedi: «Qisman olganda, AQSH aralashuvisiz erishilgan va amalda to‘liq ikki davlatning hududiy suvlarida joylashgan Ho‘rmuz orqali o‘tishni Ummon va Eron boshqarishiga imkon beruvchi yechim Qo‘shma Shtatlarning qanchalik ojiz ekanini va shunday bo‘lib kelganini ko‘rsatib qo‘yadi».
Shuningdek, AQSH va Eron o‘rtasida Eronning bo‘g‘ozdan foydalanuvchi yuk tashish kompaniyalaridan to‘lov undirishi masalasida jiddiy ixtilof mavjud. Xalqaro huquqqa ko‘ra, garchi texnik jihatdan xalqaro suvlarda bo‘lmasa-da, Ho‘rmuz kabi tabiiy suv yo‘llari orqali o‘tish uchun boj undirish taqiqlanadi. Biroq sug‘urta, atrof-muhitni muhofaza qilish va kemalar to‘xtash joyi kabi xizmatlar uchun to‘lov olinishi mumkin. Ushbu masala Eron va Ummon kelishuvidan o‘rin olish-olmasligini vaqt ko‘rsatadi.
Iyul oyi oxirida AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Eronning Ho‘rmuz orqali o‘tuvchi kemalardan boj undirishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligidan ogohlantirdi. Bundan bir necha kun avval Trampning o‘zi bo‘g‘ozdan o‘tish uchun hech qanday boj undirilmasligini, bunday to‘lovni faqat uning mamlakati undirishi mumkinligini ta’kidlagan edi.
14-avgust kuni Tramp yana bir qadam ilgarilab, Nyu-Yorkdagi tarafdorlariga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini AQSH hududi deb e’lon qilish rejasi borligini bildirdi. «Biz hozirda juda og‘ir mag‘lubiyatga uchrayotgan Eronni butunlay taslim qilganimizdan keyin, tez orada Ho‘rmuz bo‘g‘ozini Qo‘shma Shtatlar hududi sifatida e’lon qilaman», — dedi Tramp.
Eron tashqi ishlar vazirining huquqiy va xalqaro masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy bu tahdidga ijtimoiy tarmoqlarda keskin javob qaytardi.
«Tramp Eron mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng tez orada Ho‘rmuz bo‘g‘ozini Amerika hududi deb e’lon qilishini aytdi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozini na tvit, na aviatashuvchi kema, na farmon va na saylovoldi nutqi bilan egallab bo‘ladi. Eron tahdidlardan ham qo‘rqmaydi, kuch namoyishi bilan ham uni cho‘chitib bo‘lmaydi», — deb yozdi G‘aribobodiy.





