Logo

Biznesni tekshirishga 3 yillik moratoriy, O‘zbekistondagi ilk pulli yo‘l va xotin-qizlar kvotasining yuqori natijasi — 18-avgust dayjesti

Kecha 22:554 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Biznesni tekshirishga 3 yillik moratoriy, O‘zbekistondagi ilk pulli yo‘l va xotin-qizlar kvotasining yuqori natijasi — 18-avgust dayjesti

Dunyodagi murakkab vaziyatga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyoti yarim yillikda 8,5 foizga o‘sdi — Shavkat Mirziyoyev

Dunyodagi murakkab vaziyatga qaramay, joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotda ma’lum qildi. Shuningdek, «Fitch» va «Mudis» agentliklari O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘onaga yaxshilagan, Jahon bankining investitsiya va ishbilarmonlik muhiti bo‘yicha hisobotida mamlakat 31-o‘rinni egallagan.

Prezidentning aytishicha, «Milliy sanoat zanjiri» orqali xususiy korxonalar 4 trillion so‘mlik buyurtma olgan, 650 dan ortiq yangi mahsulot turini mahalliylashtirish esa 1 milliard dollarlik bozor imkoniyatini yaratgan. QQSga o‘tish chegarasi 5 milliard so‘mga oshirildi, kafe va restoranlarga 100 milliard so‘m QQS «keshbek» sifatida qaytarildi, qishloq xo‘jaligiga «nol» stavka qo‘llanishi hisobiga fermerlar ixtiyorida 400 milliard so‘m qoldi. Shuningdek, Qozog‘istonda 11 turdagi qurilish materiallari importi cheklovi bekor qilindi, Turkmaniston bilan bojsiz savdo yo‘lga qo‘yildi hamda Iordaniya, Pokiston, Eron va Afg‘oniston bilan imtiyozli savdo bitimlari tuzildi.

Auksionda yer sotib olgan tadbirkor qurilishni boshlash uchun 6 oydan 1 yilgacha hujjat yig‘ib yurishiga barham beriladi

Tadbirkorlar auksionda yer sotib olgach, qurilishni boshlash uchun 6 oydan bir yilgacha hujjat yig‘ib yurishiga chek qo‘yiladi. Endi yer uchastkalari qurilish ruxsati, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va tayyor loyihasi bilan «tayyor paket» shaklida savdoga chiqariladi. Infratuzilma yig‘imi uchun avans ham 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.

Shuningdek, banklar balansidagi 9 trillion so‘mlik 2,5 mingta mulk tadbirkorlarga chegirmali narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan sotiladi. Bunday mulkni sotib olganlar bir yil davomida yer va mol-mulk solig‘ini to‘lamaydi. Navoiy, Jizzax, Namangan, Urgut va «Hazorasp» maxsus iqtisodiy zonalarida «Bond sanoat zonalari» tashkil etilib, ularga xomashyo va butlovchi qismlarni olib kirishda soliq va bojxona to‘lovlari bekor qilinadi.

Korxonalar uchun elektr va gaz uchun avans 15 foizga tushiriladi

ASKUE va ASKUG tizimlariga ulangan, to‘lov intizomini buzmagan korxonalar uchun elektr energiyasi va gaz bo‘yicha avans to‘lovi 15 foiz etib belgilanadi. Shuningdek, kelasi yildan qurilish sohasida pudratchi va loyihachi tashkilotlarni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi yondashuv joriy etiladi.

Bundan tashqari, “10 ming korxona uchun — sun’iy intellekt hamkor” dasturi doirasida zamonaviy boshqaruv va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish xarajatlarining yarmi kompensatsiya qilinadi. Tahlillarga ko‘ra, bunday yondashuvlarni joriy qilgan tadbirkorlarning 54 foizida mahsulotga talab keskin oshgan.

«Imtiyozli abituriyentlar ichida eng yuqori natijani xotin-qizlar ligotasi bilan kirganlar tashkil qildi» — vazir o‘rinbosari

Oliy ta’lim vaziri birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabovning aytishicha, imtiyozli kvota asosida o‘qishga kirganlar orasida eng yuqori natijani xotin-qizlar uchun ajratilgan kvota orqali qabul qilinganlar ko‘rsatmoqda. Shuningdek, milliy sertifikat bilan maksimal ball olib o‘qishga kirgan talabalarning qariyb 60 foizi a’lo, 40 foizga yaqini yaxshi baholarga o‘qimoqda.

2026–2027-o‘quv yili uchun bakalavriatga jami 201 ming 719 ta qabul kvotasi ajratildi, shundan 36 ming 23 tasi davlat granti o‘rinlaridir. Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grantlari 35 foizga oshirildi.

Kichik biznesni tekshirishga uch yillik moratoriy e’lon qilinadi

O‘zbekistonda kichik biznes subyektlarida inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshiruvga uch yillik moratoriy e’lon qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.

Shuningdek, o‘rta va yirik tadbirkorlar korxonasini ixtiyoriy profilaktik auditdan o‘tkazsa, uning xulosasi soliq organi tomonidan tan olinadi. Kamchiliklarni bartaraf etgan tadbirkor jarimaga tortilmaydi, bir yilda takroriy tekshiruv esa faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda ilk pulli yo‘l qurildi. Prezident uni sinovdan o‘tkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni «Urganch – Xiva» yangi pulli avtomobil yo‘li bilan tanishdi. 35 kilometrlik to‘rt tasmali magistral orqali Urganchdan Xivaga borish vaqti 45–50 daqiqadan 15–17 daqiqagacha qisqaradi, yo‘l sutkasiga 30 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega.

Loyiha doirasida 1 ta yer osti tunneli, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik va 106 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi. Yo‘lda to‘lovlar transport vositasini to‘xtatmagan holda elektron shaklda undiriladi.

Teglar

Mavzuga oid