Logo

Xitoy yangi «Muz Ipak yo‘li» ochilganini e’lon qildi

Bugun 09:007 daqiqa

Yevropaga olib boruvchi yangi Arktika dengiz yo‘li Yaqin Sharqdagi muammoli yo‘llar o‘rnini bosa oladimi?

Xitoy yangi «Muz Ipak yo‘li» ochilganini e’lon qildi

Xitoy Shimoliy Muz okeani orqali o‘tuvchi yangi kema yo‘nalishini ochdi. Bu Yaqin Sharqdagi inqiroz Qizil dengiz chegarasidagi Bob-ul-Mandab bo‘g‘ozi kabi muhim suv yo‘llarini falaj qilib qo‘ygan bir sharoitda global savdo uchun katta qulaylik yaratishi mumkin.

So‘nggi yillarda AQSHning Eronga qarshi urushi kabi mojarolar Qizil dengiz va Ko‘rfaz kabi muhim yo‘nalishlar faoliyatini cheklab qo‘ymoqda. Shu bois yuk tashuvchi kompaniyalar Arktika orqali o‘tuvchi muqobil savdo yo‘llariga tobora ko‘proq qiziqish bildirmoqda.

Mazkur muammoning yechimlaridan biri yangi «Muz Ipak yo‘li» bo‘lishi mumkin. Bu yo‘nalish Xitoyning sharqiy qirg‘og‘idagi Ninbo portidan boshlanib, Rossiyaning Shimoliy dengiz yo‘li orqali Shimoliy qutb doirasini kesib o‘tadi. So‘ngra Shimoliy dengizdan janubga burilib, Angliyaning sharqiy qismidagi Felikstou portida yakun topadi.

So‘nggi haftalarda Yaman qirg‘oqlari orqali Qizil dengizga olib kiruvchi asosiy tranzit tuguni — Bob-ul-Mandab bo‘g‘ozi ko‘plab kemalar uchun o‘tib bo‘lmaydigan hududga aylandi. Bunga Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylarning Saudiya Arabistoniga aloqador kemalarni nishonga olayotgani sabab bo‘ldi. Oqibatda G‘arbiy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi o‘ta muhim suv yo‘li hisoblangan Suvaysh kanali orqali qatnovlar izdan chiqdi.

Xo‘sh, Xitoyning yangi dengiz yo‘li barqaror muqobil variant bo‘la oladimi va bu xalqaro savdodagi kuchlar muvozanati uchun nimani anglatadi?

Xitoyning Arktika orqali o‘tuvchi yangi dengiz yo‘li qayerda joylashgan?

O‘tgan hafta Shimoliy Afrika va Turkiya bilan xalqaro savdoga ixtisoslashgan Xitoyning «Sea Legend» konteyner tashish kompaniyasi yangi yo‘nalishni rasman e’lon qildi. Bu yo‘nalish Xitoyning Yevropa bilan tarixiy aloqalarini o‘zida mujassam etgan Ipak yo‘li sharafiga «Muz Ipak yo‘li» deb nomlandi.

Mazkur kompaniya o‘tgan yilning oktabr oyida ushbu yo‘nalish bo‘ylab sinov qatnovini amalga oshirgan edi. O‘shanda Xitoyning «Sinxua» axborot agentligi bergan xabarga ko‘ra, safar 20 kun davom etgan. Bu esa taxminan 40 kun vaqt oladigan Suvaysh kanali yoki qariyb 50 kun talab qiladigan Janubiy Afrikadagi «Yaxshi Umid» burni orqali o‘tuvchi boshqa yo‘nalishlarga nisbatan katta vaqt ustunligini beradi.

Sinov qatnovi yakunlangach, «Sea Legend» kompaniyasining bosh operatsiya direktori Li Syaobin yangi yo‘nalishning afzalliklarini qayd etdi. Unga ko‘ra, past harorat va nisbatan qisqa masofa tufayli bu yo‘l issiqlikka ta’sirchan hamda qisqa muddatda yetkazilishi shart bo‘lgan yuklar uchun ayniqsa mos keladi. Litiy-ion batareyalari va fotoelektrik mahsulotlar (yarimo‘tkazgichlar yordamida yorug‘likni elektr energiyasiga aylantiruvchi qurilmalar) shular jumlasidandir.

Ushbu yo‘nalish Suvaysh kanaliga muqobil bo‘la oladimi?

Iqlim o‘zgarishlari Arktika muzlarining sezilarli darajada erishiga olib keldi. Bu jarayon butun dunyo bo‘ylab toshqinlar va tabiiy ofatlar xavfini oshirayotgan bo‘lsa-da, ayni paytda yangi kema qatnovlari uchun qulay suv yo‘llarini ham ochmoqda.

Buyuk Britaniyaning Sautgempton universiteti tadqiqotchilari tomonidan iyul oyida e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, 2024 va 2025 yillar oralig‘idagi «qishki eng yuqori fazada, ya’ni fevraldan martgacha bo‘lgan davrda Arktika dengizi muzliklarining maydoni 5,8 foizga qisqargan». Bu butun kuzatuvlar tarixidagi eng katta pasayish hisoblanadi.

Biroq mazkur hududda erkin va doimiy kema qatnovlarini yo‘lga qo‘yishda qator jiddiy to‘siqlar mavjud.

Qishki muzliklar — o‘tib bo‘lmas to‘siq

Xitoyning yangi Arktika dengiz yo‘li Xitoydan Yevropagacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish vaqtini ikki baravarga qisqartirsa-da, undan faqat Shimoliy yarimsharda muzlar nisbatan kamroq bo‘ladigan iliq yoz oylaridagina foydalanish mumkin.

Singapurdagi Nanyan texnologiya universitetining Davlat siyosati va global masalalar bo‘yicha dotsenti Dilan Loh «Al-Jazira» telekanaliga bergan intervyusida bu yo‘nalish boshqa asosiy savdo yo‘llariga faqat mavsumiy qo‘shimcha sifatida xizmat qilishini ta’kidladi.

«Qatnovlar bevosita muzlarning qachon erishiga bog‘liq va bu yuk tashishdagi noaniqlikni oshiradi», — deydi mutaxassis. Uning qo‘shimcha qilishicha, Arktika orqali o‘tuvchi dengiz yo‘llari mintaqadagi muzlarning yanada tezroq erishiga sabab bo‘layotgani uchun tabiatni muhofaza qiluvchi tashkilotlarning keskin tanqidiga uchramoqda.

Geosiyosiy xavflar va cheklangan imkoniyatlar

Tahlilchilar mazkur yo‘nalish rivojiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan geosiyosiy omillarga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Xitoyning yangi «Muz Ipak yo‘li» Rossiyaning Shimoliy dengiz yo‘li orqali o‘tadi. Bu yo‘l o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida mintaqadagi tijoriy kema qatnovida muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.

Biroq «Allianz Commercial» sug‘urta kompaniyasi tahlillariga ko‘ra, o‘tgan yili mazkur yo‘nalish bo‘ylab bor-yo‘g‘i 23 ta konteyner tashuvchi kema suzib o‘tgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 15 tani tashkil etgan xolos.

Shimoliy dengiz yo‘li bo‘ylab suzish uchun ruxsatnomalar Rossiyaning «Rosatom» davlat yadro korporatsiyasi tasarrufidagi Shimoliy dengiz yo‘li boshqarmasi tomonidan beriladi.

Arktika orqali savdo hajmini oshirishga intilgan Xitoy raisi Si Jinping 2017 yilda Rossiyaning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Dmitriy Medvedevga Pekin va Moskva Shimoliy dengiz yo‘lini birgalikda rivojlantirishi va undan hamkorlikda foydalanishi kerakligini taklif qilgan edi. Biroq faqat 2022 yilda, Rossiyaning Ukrainadagi urushi boshlanganidan so‘nggina Pekin Rossiya savdo yo‘llariga kengroq kirish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Xalqaro inqiroz guruhining (International Crisis Group) Shimoli-sharqiy Osiyo masalalari bo‘yicha katta tahlilchisi Uilyam Yangning fikricha: «Rossiya Shimoliy dengiz yo‘li orqali kema qatnovlarini nazorat qilgani sababli, Xitoy hozircha ushbu yo‘nalishdan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yoki Suvaysh kanaliga muqobil sifatida amalda foydalana oladigan yagona davlat hisoblanadi».  

«Shimoliy dengiz yo‘lidan yuk tashishda foydalanayotgan deyarli barcha kemalar og‘ir xalqaro sanksiyalarga duch kelgan Rossiyaning «soya floti»ga tegishli ekanini hisobga olsak, mazkur yo‘nalish bo‘ylab suzish boshqa mamlakatlar uchun ham jiddiy siyosiy xavflarni keltirib chiqarishi tayin», — dedi u «Al-Jazira» telekanaliga.

Yangi yo‘nalish Xitoyga qanday foyda keltiradi?

Tahlilchi Uilyam Yangning ta’kidlashicha, Xitoy Shimoliy dengiz yo‘lini Qizil dengiz va Suvaysh kanalining samarali muqobiliga aylantira olsa, bu Pekin va mahalliy yuk tashuvchi kompaniyalar uchun beqiyos iqtisodiy ustunlik yaratadi. Ayniqsa, Yaqin Sharqdagi inqiroz sababli global kema qatnovlari izdan chiqqan bugungi sharoitda bu juda muhim.

«Shuningdek, Xitoy Shimoliy dengiz yo‘lidagi tijoriy faollik orqali Arktika mintaqasida o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga urinishi mumkin. Bu uning o‘nlab yillardan buyon ko‘zlab kelayotgan strategik maqsadidir», — deydi ekspert.

Uning qo‘shimcha qilishicha, aslida Shimoliy dengiz yo‘lining Suvaysh kanali o‘rnini to‘laqonli bosish ehtimoli hamon pastligicha qolmoqda. «Biroq Xitoyning undan Arktika mintaqasida o‘z mavqeini mustahkamlash maqsadida foydalanish ehtimoli ortib bormoqda».

Nega Arktika savdo yo‘llari ochilmoqda?

Sayyoramizda iqlim o‘zgarishi oqibatida harorat ko‘tarilib borgani sayin, Arktikaning hali o‘zlashtirilmagan ulkan tabiiy zaxiralariga va yangi dengiz yo‘llariga chiqish imkoniyati kengaymoqda.

AQSH, Kanada, Xitoy va Rossiya kabi davlatlar nafaqat ushbu mintaqa resurslariga, balki yangi savdo yo‘laklariga ham egalik qilishni ko‘zlamoqda. Masalan, o‘tgan yili AQSH prezidenti Donald Tramp noyob yer metallarining ulkan zaxirasiga ega bo‘lgan hamda Shimoliy Amerika va Yevropa o‘rtasida strategik qulay nuqtada joylashgan Grenlandiya orolini sotib olish bo‘yicha jiddiy qadam tashlagan edi.

G‘arb sanksiyalari sababli Rossiya Yevropadan ko‘ra Osiyo bilan ko‘proq savdo qilishga majbur bo‘lmoqda. Shu bois u Xitoy bilan hamkorlikda Shimoliy dengiz yo‘li orqali savdo hajmini oshirish niyatida. Pekin tomonidan e’lon qilingan yangi yo‘nalish esa Xitoyning Malakka bo‘g‘ozi, shuningdek, Shimoliy Afrika va G‘arbiy Osiyodagi savdo yo‘llariga tobeligini kamaytiruvchi muhim muqobil tranzit yo‘lagi sanaladi.

Xitoy va Rossiya tashabbuslaridan tashqari, «Arctic Portal» axborot markazi xabariga ko‘ra, Sharqiy Osiyodan G‘arbiy Yevropaga yuklarni yetkazib berish vaqtini qisqartirish maqsadida yaqin kelajakda Kanada Arktikasi orqali o‘tuvchi Shimoli-g‘arbiy dengiz yo‘lidan ham muntazam foydalanilishi kutilmoqda.

Muqobil savdo yo‘llari nega zarur?

AQSH va Isroilning 28-fevralda Eronga qarshi boshlagan urushi sababli Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini deyarli barcha tankerlar uchun yopib qo‘yishga majbur bo‘ldi (Eron faqatgina o‘zi «do‘st» deb bilgan sanoqli davlatlarning kemalarigagina ruxsat bermoqda).

Eron va Ummon hududiy suvlarini kesib o‘tuvchi mazkur bo‘g‘oz dunyodagi eng muhim dengiz yo‘llaridan biri hisoblanadi. Chunki u Ko‘rfaz davlatlaridagi neft va gaz ishlab chiqaruvchilar uchun ochiq dengizga chiqishning yagona yo‘lidir. Tinchlik davrida jahon neft va suyultirilgan tabiiy gaz (STG) eksportining 20 foizi aynan shu bo‘g‘oz orqali o‘tgan. Bu yerdan energiya resurslaridan tashqari, global qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash tizimi uchun o‘ta muhim bo‘lgan o‘g‘it va farmatsevtika mahsulotlari ham tashiladi.

Shu bilan birga, Qizil dengizni Adan ko‘rfazi bilan bog‘lovchi hamda jahon neft savdosining 10 foizdan ortig‘i o‘tadigan Bob-ul-Mandab bo‘g‘ozi ham tahdid ostida qolmoqda.

So‘nggi haftalarda Yamandagi Eron qo‘llab-quvvatlaydigan husiychilar Qizil dengizga kirayotgan yoki undan chiqayotgan, Saudiya Arabistoniga aloqador bo‘lgan kemalarga zarbalar bermoqda. Bob ul-Mandab esa Suvaysh kanali bilan bog‘lanuvchi Qizil dengizning janubiy kirish darvozasi hisoblanadi.

Mazkur ikkita muhim bo‘g‘ozdagi kema qatnovlarining izdan chiqishi oqibatida global savdo va energetika bozorlari inqiroz yoqasiga kelib qoldi, dunyo yetakchilari esa bu muammoga zudlik bilan yechim topishga urinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid