AQSH–Xitoy raqobati fonida SI startaplari Singapurni tanlamoqda

AQSH va Xitoy o‘rtasidagi texnologik raqobat kuchaygani sari Singapur startaplar va mutaxassislar uchun xavfsiz maydonga aylanmoqda.

AQSH–Xitoy raqobati fonida SI startaplari Singapurni tanlamoqda © Reuters/Edgar Su

Singapur Sharq–G‘arb o‘rtasidagi an’anaviy ko‘prikdan sun’iy intellekt sohasi uchun neytral maydonga aylanmoqda: Xitoy startaplari davlat nazoratidan tashqarida faoliyat yuritishga intilayotgan bir paytda, AQSH kompaniyalari qat’iy viza qoidalari muammosisiz xorijiy mutaxassislarni jalb qilishga harakat qilmoqda, deb yozadi «Reuters».

Biznes uchun qulay muhit va ikki tilli aholisi bilan uzoq vaqtdan beri jozibador bo‘lib kelgan bu shahar-davlat endi Xitoy va AQSHni birlashtiruvchi ko‘prikdan ko‘ra, ulardan ma’lum masofada turish imkonini beruvchi hudud sifatida qaralmoqda. Bu jarayonda yirik davlatlar eksport nazorati va kadrlar uchun raqobat orqali texnologik ustunlikka intilayotgani ko‘rinadi.

«Kamet Capital» bosh direktori Kerri Gohga ko‘ra, Singapurda joylashish xalqaro mijozlarga startapning intellektual mulki aynan shu yerda saqlanishi va shu bois Xitoy yoki AQSH nazoratiga tushmasligi haqida «katta ishonch» beradi.

Goh «Alibaba»ning ikki nafar sobiq rahbariga Singapurda «Topview» nomli sun’iy intellektga asoslangan video biznesini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha maslahat bergan. Bu qaror xalqaro mijozlar Xitoy davlat nazoratidan xavotir olishi mumkinligini hisobga olgan holda qabul qilingan.

«Sizning mijozlaringiz xitoylik emas. Bu mahsulot Xitoyda mavjud emas», – dedi u «Topview» haqida.

Unga ko‘ra, Singapurda faoliyat yuritish AQSH bozoriga chiqish imkoniyatlarini oshiradi. «Topview» 2024-yildan beri «Kamet Capital» tomonidan 8 million dollardan ortiq investitsiya olgan.

Donald Tramp birinchi prezidentlik davridayoq AQSH–Xitoy texnologik raqobatini xavfsizlik tahdidlari haqidagi bayonotlar orqali kun tartibiga olib chiqqan edi. Bu esa texnologiya kompaniyalarini o‘zaro javob choralari sharoitida ishlashga majbur qildi, ikkinchi muddatida esa sun’iy intellekt tarqalishi bilan bu raqobat yanada kuchaydi.

Vaziyatni yanada murakkablashtirgan omillardan biri – yuqori malakali mutaxassislar uchun mo‘ljallangan «H-1B» viza tizimining isloh qilinishi bo‘ldi. Bu esa AQSHga xodim yuborish yoki olib kelishga odatlangan kompaniyalarga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Bu o‘zgarishlar Singapurning eng ilg‘or sun’iy intellekt iqtisodiyotiga aylanish maqsadini kuchaytirdi. Mamlakat SI-mutaxassislari uchun maxsus vizalar va intellektual mulkni ro‘yxatdan o‘tkazishda soliq imtiyozlari kabi tashabbuslarni joriy etgan.

Singapurning «ekotizimni qo‘llab-quvvatlovchi» omillari turli o‘lcham va geografiyaga ega kompaniyalardan investitsiyalar jalb qilmoqda. Shuningdek, tahlilchilarga ko‘ra, Xitoy kompaniyalari siyosiy bog‘liqlikdan uzoqroq ko‘rinish uchun, AQSH kompaniyalari esa viza muammolarisiz muhandislar topish uchun bu yerga kelmoqda.

«Singapur tobora AQSH va Xitoydan kelgan SI-kompaniyalari uchun neytral markazga aylanmoqda», – dedi «Circular Technology» tadqiqoti yetakchisi Bred Gasvits.

Singapurda Xitoy yoki AQSH bilan bog‘liq SI kompaniyalari qatoriga «Workato», «Addepar» va «Plaud AI» kiradi. Shuningdek, iyun oyida «Harvey AI» ham qo‘shildi.

AQSHning SI ishlab chiqaruvchisi «Anthropic», uning 30 milliard dollarlik moliyalashtirishida GIC yetakchi bo‘lgan, Singapurda ofis ochishni rejalashtirmoqda. Bu kompaniya «OpenAI», «Superintelligence Labs» va «Google DeepMind» kabi yirik o‘yinchilar safiga qo‘shilishi mumkin.

Singapurning jozibasi cheklovlarga ham olib kelishi mumkin

Singapur sun’iy intellekt sohasiga kadrlar jalb qilishni kuchaytirar ekan, yirik davlatlar texnologiyalarni himoya qilishga harakat qilmoqda. Masalan, AQSH «Nvidia»ga ilg‘or SI-chiplarini Xitoyga sotishni taqiqladi va chip ishlab chiqarish uskunalariga kirishni chekladi.

Xitoy esa nazoratni kuchaytirmoqda: «Financial Times» xabariga ko‘ra, SI startapi «Manus» asoschilariga mamlakatdan chiqish taqiqlangan, bu kompaniya o‘tgan yili Xitoydan Singapurga ko‘chib, keyinchalik «Meta» tomonidan sotib olingan. Shuningdek, «Washington Post» ma’lumotiga ko‘ra, «MiroMind» startapiga xorijga kadr yubormaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan – kompaniya Singapur, Yaponiya va AQSHda ofislar ochganidan keyin.

«MiroMind» bosh kompaniyasi «Shanda» «Reuters»ga faqat turli mamlakatlarda SI loyihalarini amalga oshirishini ma’lum qilgan. Kompaniya rahbari Chen Tiankiao «LinkedIn»da shunday yozgan:

«Regulyatsiya, geosiyosat va jamoatchilik nazorati kompaniyalar moslashishidan tezroq o‘zgarmoqda, shuning uchun globallashish SI kompaniyalari uchun qiyin bo‘lib qolmoqda».

Singapur milliy universiteti siyosatshunosi Chong Ja Ianning ta’kidlashicha, AQSH va Xitoy texnologiya tizimlarini ajratish talabini kuchaytirayotgan bir paytda, Singapur «texnologiyalar o‘tkazilishi uchun kulrang zona» sifatida ko‘rilishi mumkin. Bu esa mamlakatga nisbatan cheklovlar joriy qilinishi xavfini oshiradi.

«Insignia Ventures Partners» hammuassisi Tan Yinglanga ko‘ra, xitoylik asoschilar uchun Singapurda biznes yuritish faqat muayyan shartlarda ishlaydi: ular xitoy pasportiga ega bo‘lmasligi, Xitoyda muhandislarni ishga olmasligi hamda kompaniya daromadi, ma’lumotlari va bosh qarorgohi Xitoyda joylashmagan bo‘lishi kerak.

Singapurning «juda qulay» viza tizimi

Xitoy va AQSH o‘rtasidagi murakkabliklar texnologiya kompaniyalari uchun jiddiy muammolar tug‘dirmoqda. Masalan, Xitoyda kompaniyalar davlat talabiga ko‘ra ma’lumotlarni taqdim etishi shart, bu esa xorijliklar uchun xavotir uyg‘otadi. Shu bilan birga, AQSHdagi o‘zgaruvchan siyosat investorlarni noaniqlikda qoldirmoqda.

Bred Gasvitsning ta’kidlashicha, AQSH viza jarayoni yanada noaniq bo‘lib qolgan: ko‘rib chiqish muddatlari uzaygan, tekshiruvlar kuchaygan va to‘lovlar oshgan. Bu esa global kadrlarga tayanuvchi startaplar va o‘rta hajmdagi SI-kompaniyalari uchun rejalashtirishni qiyinlashtiradi.

Bu fonda Singapurga kirish jarayoni «juda qulay» deb baholanmoqda – ish vizalari ba’zan uch kun ichida tasdiqlanishi mumkin. Buni «Link-da» asoschisi Huang Lin aytib o‘tgan. Uning kompaniyasi 2024-yildan beri 50 ga yaqin xitoylik SI-kompaniyalariga Singapurda faoliyat boshlashda yordam bergan.

Indoneziyalik SI muhandisi Vinsent Tatan ham Singapurni «juda ochiq va qabul qiluvchi» deb atagan. U AQSHdan ko‘chib o‘tgan, chunki uning ish beruvchisi doimiy yashash uchun arizani boshlab, keyin bekor qilgan.

«Men bu uchun kurashishim mumkin, lekin bu kurash va kutishga arziydimi?» – deydi u.

Teglar

Mavzuga oid