Nemis aviakompaniyasi yoqilg‘ini tejash uchun 20 ming reysni bekor qiladi

Bugun 18:552 daqiqa

Qaror Yaqin Sharqdagi mojaro ortidan yuzaga kelgan energiya inqirozi va aviayoqilg‘i narxlarining o‘sishi bilan bog‘liq.

Nemis aviakompaniyasi yoqilg‘ini tejash uchun 20 ming reysni bekor qiladi © wikimedia commons

Germaniyaning milliy aviakompaniyasi «Lufthansa» 2026-yil iyundan oktabrgacha bo‘lgan davrda 20 ming reysni bekor qilishini ma’lum qildi. Bu qaror AQSH va Isroilning Eron bilan bog‘liq urushi ortidan yuzaga kelgan energiya resurslari inqirozi sharoitida aviayoqilg‘ini tejash maqsadida qabul qilingan. Bu haqda 21-aprel kuni Yevropa qit’asidagi eng yirik aviakompaniyalardan biri tarqatgan matbuot bayonotida aytilgan.

Sabab nima?

«Lufthansa» vakillariga ko‘ra, ushbu reyslarni bekor qilish orqali 40 ming tonnadan ortiq aviayoqilg‘ini tejash mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, aviakompaniya samaradorligi (yo‘lovchi-kilometrlar bilan o‘lchanadi) 1 foizdan kamroqqa pasayadi.

Bunga quyidagi choralar orqali erishish rejalashtirilgan:

— Frankfurt am Mayn va Myunxendan amalga oshiriladigan qisqa masofali, rentabelligi past reyslarni qisqartirish

— shu bilan birga Syurix, Viyena va Brusseldan mavjud reyslarni kengaytirish

O‘zgarishlar kompaniyaning oltinchi xabi – Rimni ham qamrab oladi.

Qaysi reyslar iyundan oktabrgacha bekor qilinishi aprel oxirida e’lon qilinadi. Shu bilan birga, kompaniya 31-maygacha rejalashtirilgan parvozlarni ham allaqachon qisqartirishni boshlagan. Masalan, 20-aprel kuni «Lufthansa» kuniga 120 ta reysni bekor qildi. Jumladan, Frankfurt am Mayndan Bidgosh, Jeshuv va Stavanger shaharlariga parvozlar vaqtincha to‘xtatildi.

Boshqa aviakompaniyalar ham reyslarni bekor qilmoqda

«Lufthansa» yagona emas – Yaqin Sharqdagi beqarorlik va energiya narxlarining o‘sishi boshqa aviakompaniyalarni ham shunday choralar ko‘rishga majbur qilmoqda.

Jumladan, Stokgolmda joylashgan «Scandinavian Airlines» aprel oyida taxminan 1000 ta reysni bekor qilishini ma’lum qildi. Fransiya-Niderlandiya guruhi «Air France-KLM» esa uzoq masofali parvozlar uchun (jumladan allaqachon sotilgan biletlarga ham) 100 yevrogacha qo‘shimcha to‘lov joriy qildi.

Shuningdek, yoqilg‘i muammolari sabab «FlyOne» ham ayrim parvozlarni bekor qilganini ma’lum qildi.

Yevropa Komissiyasi bugun, 22-aprel kuni Yaqin Sharqdagi urush oqibatida yuzaga kelgan energetika inqirozini hal qilish bo‘yicha rejasini taqdim etishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid