Tunda faollashmayotgan Toshkent, undirish osonlashayotgan kommunal qarzlar va 40 ming dollar bilan ushlangan bank amaldori — 22-aprel dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Kommunal qarzlarni undirish tartibi yengillashtiriladi
O‘zbekistonda kommunal xizmatlar va uy-joy badallari bo‘yicha qarzlarni undirish tartibi soddalashtirildi. Shavkat Mirziyoyev tomonidan 20-aprel kuni imzolangan qonunga ko‘ra, endi bunday qarzlar ham soddalashtirilgan ijro tartibida undiriladi. Yangi tartib kommunal to‘lovlar, «kvartplata», pochta va videokonferensaloqa xarajatlari, shuningdek, 5 BHMgacha bo‘lgan qarzdorliklarni qamrab oladi.
Shu bilan birga, ushbu qarzlar bo‘yicha fuqarolarning bank hisobvaraqlaridan pulni majburiy yechib olish taqiqlandi. Qarzdorlikni undirish ish haqi, pensiya, stipendiya va boshqa daromadlar hisobidan amalga oshiriladi, ammo undiruv miqdori belgilangan minimum doirasidan oshmasligi kerak. Yangi o‘zgarishlar qarzlarni undirishni tezlashtirish bilan birga, fuqarolar mablag‘larini himoya qilishga qaratilgan.
O‘zbekistonda mart oyida 78 mingta yengil avtomobil sotilgan
2026 yil mart oyida O‘zbekistonda jami 93,5 mingta transport vositasi sotilib, bu fevralga nisbatan 11,1 foizga ko‘p bo‘ldi. Shundan 78 mingdan ortig‘i yengil avtomobillar bo‘lib, ular savdosi bir oyda 19 foizga, yillik hisobda esa 20,6 foizga o‘sgan. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, birlamchi bozorda 31 mingta, ikkilamchi bozorda esa 47,5 mingta yengil avtomobil sotilgan.
Hududlar kesimida aksariyat viloyatlarda o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, Jizzax, Andijon va Samarqandda pasayish qayd etildi. Eng yuqori o‘sish Surxondaryoda (51,4 foiz) va Toshkent viloyatida (46 foiz) kuzatilgan, poytaxtda esa bozor 60,5 foizga oshgan. Shuningdek, yangi avtomobillar savdosi 13 foizga o‘sib, xorijiy avto segmenti qariyb ikki barobarga oshgan, ikkilamchi bozorda esa 23 foizlik o‘sish qayd etilgan. Elektromobillar savdosi ham faollashib, martda 5,5 mingta sotilgan va yillik o‘sish 24 foizni tashkil etgan.
Rossiya 5 mingga yaqin o‘zbekistonlikni urushga yollagani ma’lum bo‘ldi
Ukrainaning «Xochu jit» loyihasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi safida jang qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni 4853 nafarga yetgan va bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Umuman, 2026 yil holatiga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolab, urushda ishtirok etayotgan mintaqa fuqarolari soni 12 666 nafarni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Tojikiston (3407 nafar), Qozog‘iston (2389 nafar), Qirg‘iziston (1439 nafar) va Turkmaniston (578 nafar) qayd etilgan.
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, xorijiy davlat armiyasiga yollanish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Xususan, bu harakatlar uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Shuningdek, chet davlatlar harbiy xizmatlariga kirish ham jarima yoki qamoq bilan jazolanishi mumkin. Ukraina tomoni esa bu masalada hamkorlik qilishga tayyorligini bildirib, fuqarolarni yollanish xavfidan ogohlantirish muhimligini ta’kidlagan.
Andijonda bank amaldori 40 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi
Andijon viloyatidagi bank bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari 40 ming AQSH dollari pora olayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘lga olindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u kredit ta’minoti uchun garovga qo‘yilgan mulklarni sotish vakolatidan foydalanib, tadbirkorga obyektni auksionsiz olib berish evaziga 90 ming dollar talab qilgan.
Xususan, Asaka tumanida joylashgan, qiymati 16,8 mlrd so‘m bo‘lgan xususiy tibbiyot markazi binosi narxi sun’iy ravishda 12 mlrd so‘mga tushirilgan. Mansabdor ushbu mulkni 7 yillik foizsiz kredit asosida rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. U 40 ming dollar pora olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlanib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.
Toshkentning tungi faolligi nega faqat markaziy tumanlar bilan cheklanib qolmoqda?
Toshkentda tungi faollik asosan markaziy tumanlarda jamlangan bo‘lib, soat 23:00 dan keyin biznes faolligi keskin pasayadi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tadqiqotiga ko‘ra, shahardagi 1587 ta maskanning 75 foizi 20:00 dan keyin, 65 foizi 22:00 dan keyin ishlasa, tun yarmiga kelib faqat 31 foizi faol qoladi. Tungi hayot asosan gastronomik obyektlarga to‘g‘ri kelib, u Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida to‘plangan, Sergeli, Bektemir va Yangihayot kabi hududlarda esa deyarli kuzatilmaydi.
Ekspertlar bu holatni jamoat transporti va xavfsizlik infratuzilmasining cheklangani bilan izohlaydi: avtobus yo‘nalishlarining aksariyati 23:00 gacha, metro esa 00:00 gacha ishlaydi. Tadqiqotda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun hokim o‘rinbosari lavozimini joriy etish, dam olish kunlari metro ish vaqtini 01:00 gacha uzaytirish va chekka tumanlarni markaz bilan bog‘lovchi tungi avtobuslar yo‘lga qo‘yish taklif etilgan. Shuningdek, yoritish, sanitariya va piyodalar infratuzilmasini yaxshilash orqali tungi biznes faolligini oshirish mumkinligi qayd etilgan.





