Qozog‘iston Fransiyaga uran yetkazib berishni rejalashtirmoqda
Avvalroq, Makron Rossiya uranidan voz kechish uchun O‘zbekiston va Qozog‘istonni asosiy muqobil yetkazib beruvchilar qatorida sanab o‘tgan edi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev «Electricité de France» (EDF) boshqaruv raisi va bosh ijrochi direktori Bernar Fontanni qabul qildi. Bu haqda Oqo‘rda xabar berdi.
Suhbatdoshlar Qozog‘istonning past uglerodli va atom energetikasi sohasidagi dunyo yetakchilaridan biri bo‘lgan «EDF» bilan hamkorligining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildi.
«Birgalikda ishlash uchun keng imkoniyatlar mavjudligini qayd etib, Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston Fransiya kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga alohida ahamiyat berishini ta’kidladi. O‘z navbatida Bernar Fontan barqaror energetika va zamonaviy energetika infratuzilmasi sohasidagi munosabatlarni yanada kengaytirishga intilishini bildirdi», - deyiladi xabarda.
To‘qayev Qozog‘istonning xalqaro sheriklar, jumladan «EDF» bilan shaffoflik va teng huquqlilik tamoyillari asosida ochiq va o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini tasdiqladi.
Shuningdek, uchrashuvda uran yetkazib berish sohasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Parijning energiya xavfsizligi
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil mart oyida Fransiya Prezidenti Emmanyuel Makron Rossiya uraniga qaramlikni kamaytirish zarurligini ma’lum qilgan edi. U muqobil yetkazib beruvchilar qatorida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Kanada va Avstraliyani sanab o‘tgan.
Fransiya dunyodagi eng yirik atom energetikasi tizimiga ega davlatlardan biri bo‘lib, mamlakat elektr energiyasi ta’minotining asosiy qismi yadro reaktorlari hisobiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi yillardagi geosiyosiy vaziyat va tashqi bozorlardagi cheklovlar tufayli Rasmiy Parij o‘z energiya xavfsizligini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi.
Markaziy Osiyo davlatlari, xususan Qozog‘iston va O‘zbekiston dunyodagi eng yirik uran zaxiralariga ega mamlakatlar sifatida Fransiya uchun strategik sherikka aylandi. 2026 yil mart oyida Emmanyuel Makron tomonidan e’lon qilingan yangi tashqi siyosiy yo‘nalish nafaqat iqtisodiy manfaatlarni, balki Yevropaning energetik mustaqilligini mustahkamlashni ko‘zda tutadi. Bu jarayonda Qozog‘istonning «Qazatomprom» va O‘zbekistonning «Navoiyuran» korxonalari bilan uzoq muddatli shartnomalar imzolash hamda yangi xavfsiz logistika yo‘laklarini yaratish asosiy ustuvor vazifa etib belgilangan.

