Endi kredit uchun kartadagi pullar oxirigacha yechib olinmaydi
O‘zbekistonda bank kartalaridan akseptsiz mablag‘ yechib olishda yangi tartib joriy etildi. Endi banklar hisobda 1 mln 236 ming so‘mdan kam bo‘lsa, qarzdorlik uchun pul yechib ololmaydi.
© vaqt.uzEndi O‘zbekistonda banklar mijozlar kartalaridagi mablag‘larni to‘liq yechib ololmaydi. 15- apreldan boshlab, akseptsiz yechib olish amaliyotida hisobda minimal qoldiq miqdori saqlanishi shart etib belgilandi. Bu haqda Uzcard to‘lov tizimining xabar berdi.
Ushbu o‘zgarishga muvofiq, kreditlar, muddatli to‘lovlar va mikroqarzlar bo‘yicha qarzdorliklarni so‘ndirish jarayonida kartada kamida bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari qoldirilishi lozim. Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu summa 1 million 236 ming so‘mni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun: akseptsiz yechib olish — bu mijozning har bir operatsiyani alohida tasdiqlamasdan, avtomatik ravishda mablag‘larni yechib olish tizimi hisoblanadi. U odatda banklar va boshqa moliyaviy tashkilotlar oldidagi majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishni ta’minlash maqsadida qo‘llanadi.
Ya’ni, banklar hatto qarzdorlik mavjud bo‘lgan holatlarda ham faqat belgilangan minimal qoldiqdan ortgan qismini yechib olishi mumkin bo‘ladi. Bu esa mijozlar kartasidagi mablag‘lar to‘liq nolga tushib ketishining oldini oladi.
Shu bilan birga, ushbu cheklov faqat akseptsiz operatsiyalarga taalluqli bo‘lib, agar mijoz to‘lovni o‘zi tasdiqlasa, jumladan bir martalik kod orqali amalga oshirilsa, mablag‘ to‘liq yechib olinishi mumkin. Bu holatlar yangi tartib doirasiga kirmaydi.
To‘lov tizimlari darajasida joriy etilayotgan mazkur o‘zgarishlar allaqachon texnik jihatdan amalga oshirilgan. Ayrim banklar mijozlarini yangi tartib haqida xabardor qilishni boshlagan.
Yaqin vaqtlarda ushbu amaliyot boshqa to‘lov tizimlarida ham joriy etilishi kutilmoqda.





