Asosiy xavf ishsizlik emas: SI O‘zbekistonda boy va kambag‘al o‘rtasida farqni kuchaytiradi

Bugun 21:264 daqiqa

O‘zbekistonda sun’iy intellektning asosiy xatari ommaviy ishsizlik emas. Asosiy muammo — undan foydalana oladiganlar bilan qolganlar o‘rtasidagi tafovut keskin kengayishi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, SI ko‘nikmalariga ega bo‘lganlar tez boyiydi, boshqalar esa ortda qoladi.

Asosiy xavf ishsizlik emas: SI O‘zbekistonda boy va kambag‘al o‘rtasida farqni kuchaytiradi

O‘zbekiston uchun sun’iy intellektning (SI) asosiy xavfi ish o‘rinlarining ommaviy qisqarishi emas. Asosiy muammo turli kasblar mehnat unumdorligidagi farqlarning tezlashishi tufayli daromadlar va imkoniyatlar o‘rtasidagi tafovutning kengayishidadir.

Bu haqda Vaqt.uz’ga Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining «Sun’iy intellekt va daromadlar tengsizligi: O‘zbekiston uchun xatarlar» hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

Tahlilga ko‘ra, SI va undan foydalanish ko‘nikmalariga ega bo‘lgan kasblar tezroq rivojlanadi, bu imkoniyatlardan chetda qolganlar esa ortda qolib ketaveradi.

Shu bois davlat siyosati SIni shunchaki rivojlantirishga emas, balki uni barcha ijtimoiy qatlamlar uchun ochiq va inklyuziv tarzda joriy etishga yo‘naltirilishi kerak.

Dunyo bunga qanday yondashmoqda?

Xalqaro valuta jamg‘armasi ta’kidlashicha, SI mehnat va kapitaldan olinadigan daromadlar tengsizligini kuchaytirishi mumkin. Chunki, dunyo bo‘yicha ish o‘rinlarining qariyb 40 foizi SI ta’siriga duch kelmoqda, rivojlangan iqtisodiyotlarda bu ko‘rsatkich qariyb 60 foizni, past daromadli mamlakatlarda esa 26 foizni tashkil etadi.

Rivojlanayotgan davlatlar uchun asosiy muammo faqat ish jarayonlarining avtomatlashtirilishi emas, balki SIdan hamma bir xil foydalana olmayotganidir. Zarur ko‘nikmalar va infratuzilmaga ega bo‘lganlar daromadini tezroq oshirmoqda, boshqalar esa ortda qolishi yanada kuchaymoqda.

IHTT tahlili GenAIdan hozirda kichik va o‘rta biznes korxonalarining 31 foizi foydalanayotganini ko‘rsatdi. Biznesting 65 foizi ishlab chiqarish samaradorligi oshganini, 83 foizi hozircha xodimlar umumiy soniga ta’sirini sezmaganini qayd etgan.

Asosiy e’tibor «ommaviy ishsizlikdan himoyalanish»ga emas, balki SIni biznesda, ayniqsa kichik va o‘rta korxonalarda ommaviy joriy etish va kadrlarni tayyorlash, barcha uchun teng standart yechimlarni ishlab chiqish va keng joriy etishga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Jahon iqtisodiy forumining ma’lum qilishicha, ish beruvchilarning 86 foizi 2030-yilgacha SI biznes jarayonlarini tubdan o‘zgartirib yuboradi deb kutmoqda. Natijada, har 100 xodimdan 59 nafarini qayta tayyorlashga to‘g‘ri keladi, 11 nafari esa bunday imkoniyatdan chetda qolishi xavfi mavjud.

Kelajakdagi ijtimoiy tabaqalanish o‘z vaqtida qayta tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘lish bilan yumshatilishi mumkin. Maqsadli davlat siyosati amal qilmasa, SI «ko‘nikmalari oshirilayotgan» va «siqib chiqariladigan» ishchilar o‘rtasidagi tafovutni yanada kuchaytiradi.

O‘zbekistonda vaziyat qanday?

BMT Taraqqiyot dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilgi «Government AI Readiness Index» ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 53,45 ball to‘plab, jahonda 70-o‘rinni, Markaziy Osiyo davlatlari orasida 1-o‘rinni egallagan.

Biroq, mamlakatda aholining hamma qatlami uchun sharoitlar bir xil emas. Aholining faqat 66 foizi 4G internet bilan qamrab olingan. Shu bilan birga, to‘liq 4G imkoniyatlari asosan yirik shaharlarda jamlangan bo‘lib, u yerda aholining taxminan 43 foizi yashaydi.

Ayollar IT yo‘nalishidagi talabalarning atigi 11 foizini tashkil etmoqda. Shuningdek, qishloq joylarda internet va raqamli xizmatlardan foydalanish darajasi nisbatan sustligicha qolmoqda.

Kichik va o‘rta biznes korxonalari jami korxonalarning taxminan 92 foizini tashkil etadi, bandlikning qariyb 75 foizini ta’minlaydi va YAIMning yarmidan ko‘pini shakllantiradi. Ammo ularning kapital va hisoblash resurslari hamda malakali mutaxassislarga ega bo‘lish imkoniyati cheklangan.

Nima qilish kerak?

Maqsadli davlat siyosati bo‘lmasa, SI bir vaqtning o‘zida nafaqat iqtisodiy o‘sishni tezlashtirishi mumkin, balki hududlar, jinslar hamda biznes toifalari bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy tabaqalanishni ham kuchaytirishi mumkin.

Shu sababli institut mutaxassislari tomonidan bir qancha takliflar berilmoqda:

1. SI-assistentlar islohoti
Har bir mahalla o‘z fuqarolariga davlat xizmatlari yuzasidan maslahat bera oladigan SI yordamchisiga ega bo‘lishi kerak.

Mavjud davlat xizmatlarini yagona SI platformasiga integratsiya qilish va interfeysni aholining raqamli savodxonlik darajasiga moslashtirish lozim.

Bunda Xitoy va Janubiy Koreya tajribasini misol qilib keltirish mumkin. Bu yerda davlat va mahalliy xizmatlarni ko‘rsatishda SI yordamchilari faol joriy etilmoqda, bu esa ma’muriy apparat yuklamasini sezilarli darajada kamaytirmoqda.

2. SI sinov maydonchasi dasturi
Hududiy SIlar uchun «sinov maydonlari»ni (AI Sandbox Zones) joriy etish taklif qilinmoqda. Bu hududlar darajasida innovatsion yechimlarni tezkor sinovdan o‘tkazish va joriy etish uchun maxsus maydon vazifasini bajaradi.

Buning uchun hukumat pilot hududlarni tanlashi, ular uchun alohida tartib ishlab chiqishi va shu hududlarni boshqarish uchun maxsus organ tashkil etishi kerak.

Buyuk Britaniyada bunday sinov maydonchasi, FCA tomonidan ishga tushirilib, 700 dan ortiq kompaniyaga innovatsion yechimlarni sinovdan o‘tkazish imkonini bergan.

3. Ayollar va yoshlar uchun SI bo‘yicha amaliyot dasturlari
Dastur ish beruvchilarga amaliy raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha xodimlarni ishga qabul qilish va ularni o‘qitish uchun subsidiya berishni nazarda tutadi.

Bunda ish beruvchilar akkreditatsiya qilinishi, o‘qitishning majburiy minimal muddati (kamida 6 oy) belgilanishi, shuningdek ish haqini davlat va ish beruvchi tomonidan birgalikda moliyalashtirish choralari ko‘rilishi kerak bo‘ladi.

Singapur tajribasi shuni ko‘rsatadiki, haq to‘lanadigan qayta tayyorlash dasturlari va bunda ish beruvchilar ishtirokining ta’minlanishi mehnat bozoriga o‘tish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.

4. Sug‘urtalash dasturi
SI joriy etilishi natijasida ishi yoki daromadi ta’sir ko‘rishi mumkin bo‘lgan xodimlar uchun o‘tish davrini sug‘urtalash mexanizmlarini joriy etish taklif qilinmoqda.

Dastur yirik ish beruvchilardan (ish haqi jamg‘armasining 1–2 foizi) yig‘im orqali moliyalashtiriladi. SI ta’siriga uchragan xodimlarning kamida 70 foizini qayta o‘qitgan kompaniyalarga imtiyozlar beriladi.

Bu yerda ham Singapur tajribasi misol qilib keltirilgan. Mamlakatda maxsus qo‘llab-quvvatlash dasturlari o‘qish davrida daromadning 70–90 foizigacha kompensatsiya qilishni nazarda tutadi. Bu esa xodimlarni qayta tayyorlashda ishtirokni sezilarli darajada oshiradi.

Teglar

Mavzuga oid