Global inqiroz fonida Rossiya va Eron neftdan rekord daromad olmoqda

Bugun 10:035 daqiqa

Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi va neft narxlarining keskin oshishi global iqtisodiyotni larzaga keltirdi, biroq ayrim davlatlar ushbu vaziyatdan katta daromad ko‘rmoqda.

Global inqiroz fonida Rossiya va Eron neftdan rekord daromad olmoqda

Global qishloq xo‘jaligi bozorida «tektonik siljish»

AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari global iqtisodiyotda darhol aks-sado berdi. Neft va gaz fyucherslari tarixiy rekordlarni yangilamoqda. O‘g‘itlar narxi shiddat bilan oshyapti. Natijada oziq-ovqat mahsulotlari ham qimmatlashmoqda.

Bunga Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qamal qilinishi sabab bo‘ldi.

«Bloomberg» ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan kuniga taxminan 16,7 million barrel neft o‘tgan. Bu dunyodagi jami taklifning qariyb 16 foizini tashkil etadi. Neft mahsulotlarini hisobga olsak, bu ko‘rsatkich yanada yuqori.

Shuningdek, ushbu dengiz yo‘li orqali suyultirilgan tabiiy gazning (STG) salmoqli qismi yetkazib beriladi. Masalan, Qatar suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi va ushbu davlatning butun gaz eksporti aynan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi.

Bundan tashqari, dunyo bozoridagi karbamid, ammiakli selitra va fosforning 30–35 foizi shu yo‘l orqali tashiladi. Shuningdek, Yaqin Sharqda o‘g‘it ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan xomashyo, jumladan, tabiiy gaz va oltingugurtning katta qismi jamlangan.

Ta’minotdagi uzilishlardan eng ko‘p Afrika va Osiyo mamlakatlari — Sudan, Shri-Lanka, Tanzaniya va Somali jabr ko‘radi. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, mojaro hududidan uzoqda joylashgan davlatlar ham xavf ostida. Masalan, Hindiston qishloq xo‘jaligi Saudiya Arabistoni va Marokashdan keladigan o‘g‘itlarga kuchli darajada bog‘liq.

Ekspertlarning fikricha, azotli o‘g‘itlar taqchilligi Janubi-Sharqiy Osiyo va Lotin Amerikasi dehqonlari uchun katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Gap shundaki, o‘g‘itlardan foydalanishning kamayishi hosildorlikning pasayishiga sabab bo‘ladi. Natijada dunyo miqyosida oziq-ovqat narxlari yanada ko‘tariladi. Mutaxassislar yuz berayotgan jarayonlarni global qishloq xo‘jaligi bozori uchun «tektonik siljish» deb atamoqda.

So‘nggi o‘n yilliklarning eng og‘ir inqirozi

Yaqin Sharqdagi mojaro energetika tizimining izdan chiqishiga ham sabab bo‘ldi. Xalqaro energetika agentligi (XEA) rahbari Fotih Birolning ta’kidlashicha, «so‘nggi bir necha o‘n yillikdagi eng dahshatli energetika inqirozi» yaqinlashmoqda.

«Ayni paytda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi deyarli to‘liq yopib qo‘yilgan. Qamal oqibatida bozorda kuniga taxminan 12–13 million barrel neft taqchilligi yuzaga keldi. Natijada «qora oltin» va boshqa energiya resurslari narxi keskin ko‘tarildi. Bu iqtisodiy pasayishga olib kelishi va inflatsiyani jilovlab bo‘lmas darajada oshirishi mumkin. Ya’ni dunyoning ko‘plab mintaqalarida stagflyatsiya kutilmoqda», — dedi «WhiteBird» birja savdosi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Yan Pinchuk «TRT» nashriga bergan intervyusida.

Bozordagi taklif taqchilligini bartaraf etish maqsadida AQSH bir qator choralarga qo‘l urdi. Xususan, Vashington allaqachon tankerlarga yuklangan Rossiya va Eron neftiga nisbatan sanksiyalarni yumshatdi.

Shu yo‘l bilan amerikaliklar neft narxlariga bo‘lgan bosimni pasaytirmoqchi.

«Biroq bu taklif taqchilligini faqat vaqtincha kamaytirishi mumkin. Bozorni to‘liq tiklash uchun Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilishi shart. Shunday ekan, bo‘g‘oz yopiq qolar ekan, bir barrel neft narxi 100 dollardan pastlashini kutib bo‘lmaydi», — deydi Yan Pinchuk.

«Bloomberg» ma’lumotlariga ko‘ra, Eronning neftdan olayotgan daromadlari shiddat bilan oshmoqda. Ushbu mamlakat Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali mahsulot eksport qilayotgan yagona davlatga aylandi. Agentlikning qayd etishicha, Tehron «qora oltin» narxining tebranishidan ikki barobar foyda ko‘rmoqda.

Hozirgi kunda Eron neftining asosiy navi «Brent» etalon markasiga nisbatan minimal chegirma bilan sotilmoqda. Eron neftining asosiy xaridori esa Xitoy hisoblanadi.

Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mart oyida Eron kuniga taxminan 1,6 million barrel neft eksport qilgan — bu urushdan oldingi ko‘rsatkichlarga juda yaqin. E’tiborlisi, bunday natijaga ko‘plab neft ishlab chiqaruvchi davlatlar uchun yo‘l yopiq bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qamali sharoitida erishilgan. 

Inqirozdan foyda olayotganlar

Biroq, istisnolar ham yo‘q emas. Masalan, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ayrim do‘st davlatlar uchun ochiq qoldirdi.

«Biz Xitoy, Rossiya, Hindiston, Iroq va Pokiston kemalarining o‘tishiga ruxsat berdik», — dedi Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy «Press TV» telekanaliga bergan intervyusida.

CNBC telekanalining qayd etishicha, sanksiyalarning yumshatilishi va neft narxining yuqoriligi fonida Rossiya Yaqin Sharqdagi mojarodan eng ko‘p manfaat ko‘rayotgan davlatga aylanmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, agar Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan xomashyo eksportini cheklash jarayoni davom etsa, Rossiya oladigan foyda sezilarli darajada bo‘lishi mumkin. Xususan, «Eurasia Group»ning energetika va resurslar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Xenning Gloysteyn Moskva o‘nlab milliard dollar miqdorida qo‘shimcha daromad ko‘rishini taxmin qilmoqda.

Bundan tashqari, inqiroz fonida Yevropa Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz (STG) importini oshiradi.

«Financial Times» xabariga ko‘ra, neft narxining ko‘tarilishi hisobiga Rossiya har kuni 150 million dollar qo‘shimcha daromad olmoqda.

Rossiyaning daromadlarini AQSH Moliya vazirligi ham hisoblab chiqdi. Skott Bessentning ta’kidlashicha, Vashington sanksiyalarni bekor qilgan neft savdosi Rossiyaga taxminan 2 milliard dollar daromad keltiradi. Rasmiyning tushuntirishicha, bu qadam xalqaro bozordagi vaziyatni barqarorlashtirish yo‘lidagi eng maqbul yechim bo‘lgan.

Biroq Rossiya uchun umumiy manzara Vashingtonning ushbu kichik ishorasidan ko‘ra ancha qiziqroq tus olmoqda. Fevral oyi oxiridan, ya’ni AQSH va Isroil Eronga zarba berishni boshlagandan beri, «Brent» markali neft narxi taxminan 80 foizga oshdi. Xalqaro energetika agentligiga a’zo davlatlar strategik zaxiralardan rekord darajadagi 426 million barrel neftni bozorga chiqardi.

Shu bilan birga, «Goldman Sachs» tahlilchilari mart-aprel oylari uchun «Brent» narxi bo‘yicha prognozini 110 dollargacha ko‘tardi. «OPEC» ning ikkinchi yirik ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Iroqda esa neft qazib olish 70 foizga tushib ketdi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilgani sababli Rossiya nefti asosan Xitoyga yetkazib berilmoqda. Xitoy Rossiya neft eksportining 90 foizdan ortig‘ini sotib olmoqda.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi inqiroz o‘n yillar davomida bir nechta muhim bo‘g‘ozlar orqali erkin kema qatnoviga tayanib kelgan global bozorning tizimli zaifligini ochib berdi.

Teglar

Mavzuga oid

Global inqiroz fonida Rossiya va Eron neftdan rekord daromad olmoqda | Vaqt.uz