
Ishlab chiqarish korxonalari bo‘yicha eng ko‘p soliq qarzlari Andijonda qayd etildi
O‘zbekistonda mingdan ortiq ishlab chiqarish korxonalarining katta miqdordagi soliq qarzi borligini ma’lum qildi. Andijon, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari soliq qarzi yuqori hududlar sifatida qayd etildi.

2025 yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori ishlab chiqarish korxonalari soni 1 076 tani tashkil etdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ushbu korxonalarning jami qarzdorligi 1 trln 121,2 mlrd so‘mga yetgan. Taqqoslash uchun, 2024 yilning shu davrida ishlab chiqarish korxonalarining jami qarzdorligi 1 trln 178 mlrd so‘mni tashkil etgan.
2025 yilda ishlab chiqarish korxonalarining jami qarzdorligining 298,8 mlrd so‘mi yoki 26,6 foizi soliq qarzi eng ko‘p bo‘lgan 10 ta korxona hisobiga to‘g‘ri keldi. Jumladan, eng katta miqdordagi qarzdor kompaniyalar Andijon viloyatidagi «Zumrad Textil» MCHJ (91,8 mlrd so‘m), «Navoiyazot» AJ (64,9 mlrd so‘m) va Toshkent viloyatidagi «Afsona-Sharob» MCHJ (31,5 mlrd so‘m) ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, korxonalarning soliq qarzdorligi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich quyidagi hududlarda qayd etildi:
Andijon viloyati – 224,4 mlrd so‘m;
Toshkent viloyati – 164,7 mlrd so‘m;
Farg‘ona viloyati – 82,6 mlrd so‘m;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 80,2 mlrd so‘m;
Samarqand viloyati – 69,5 mlrd so‘m.
Ma’lumot o‘rnida, 2024 yilning mos davrida Andijon viloyatidagi ishlab chiqarish korxonalarining soliq qarzi 218,4 mlrd so‘m bo‘lib, hududlar kesimida birinchi o‘rinda edi.
Avvalroq 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida ishlab chiqarish korxonalariga 33,7 trln so‘mlik soliq imtiyozlari berilgani haqida xabar berilgandi.




