Logo

O‘zbekistonda ilk islomiy mikromoliya banki paydo bo‘lishi mumkin — Apex Moliya

Bugun 22:141 daqiqa

Kompaniya Markaziy bankdan dastlabki ruxsat olgach, ustav kapitalini 50 mlrd so‘mga yetkazishni rejalashtirmoqda. Jarayon yakunlansa, u O‘zbekistondagi ilk islomiy mikromoliya bankiga aylanishi mumkin.

O‘zbekistonda ilk islomiy mikromoliya banki paydo bo‘lishi mumkin — Apex Moliya

Apex Moliya aksiyadorlari tashkilot faoliyatini to‘liq islomiy bank tamoyillari asosida ishlaydigan mikromoliya bankiga o‘zgartirishni ma’qulladi.

Agar Markaziy bank tegishli ruxsat va litsenziya bersa, u O‘zbekistondagi ilk islomiy mikromoliya bankiga aylanishi mumkin.

Qaror aksiyadorlarning 14-iyuldagi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida bir ovozdan ma’qullangan.

Yig‘ilishda bo‘lajak bankning ustavi, biznes-rejasi va tashkiliy tuzilmasi tasdiqlanib, kuzatuv kengashi, besh kishilik boshqaruv hamda islomiy moliya kengashi tarkibi shakllantirilgan.

Islomiy moliya kengashiga Qirg‘izistondagi «Alhamd Eurasia Sharia Advisory Services» kompaniyasi direktori Akjigit Kokoyev rais etib belgilangan. Kengash tarkibiga O‘zbekiston musulmonlari idorasining ikki mutaxassisi ham kiritilgan.

Endi Apex Moliya Markaziy bankdan dastlabki ruxsat olishi kerak. Ruxsat berilgach, tashkilot ustav kapitalini qo‘shimcha aksiyalar chiqarish hisobiga 50 mlrd so‘mga yetkazishni rejalashtirgan.

Apex Moliya ayni paytda O‘zbekistondagi islomiy mikromoliyalashtirish bozorining eng yirik ishtirokchisi hisoblanadi.

Tashkilot 2026-yilning birinchi choragida 8,4 mlrd so‘mlik xizmat ko‘rsatgan. Bu bozordagi jami 11,2 mlrd so‘mlik islomiy moliyalashtirish hajmining to‘rtdan uch qismiga teng.

Teglar

Mavzuga oid