Logo

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari 8 yildan ortiq muddatga qamaldi

Bugun 17:153 daqiqa

Prezident tomonidan lavozimidan olinganidan qariyb olti oy o‘tib, Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Shayxontohur tuman sudi uni 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari 8 yildan ortiq muddatga qamaldi

Bugun, 27-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida sobiq Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Murod Mirzayev va yana 9 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi yuzasidan hukm e’lon qilindi.

Sud hukmiga ko‘ra, Murod Mirzayev Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdordagi mulkni o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi 2-qismi «a» bandi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish oqibatida juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish) hamda 208-moddasi (hokimiyat harakatsizligi) bilan aybdor deb topildi.

Unga 3 yil muddatga muayyan huquqlardan mahrum qilish hamda 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Sud ishida qatnashgan boshqa ayblanuvchilar esa shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, hujjatlar va muhrlarni qalbakilashtirish hamda boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Ularga nisbatan 4 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi. Sudlanganlar orasida ilgari bir necha bor sudlangan shaxslar ham bor.

Shuningdek, sud hukmi bilan jinoyat oqibatida yetkazilgan zararlarni undirish ham belgilandi.

Qayd etilishicha, tayinlangan jazolar sudlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan kundan boshlab hisoblanadi.

Sud majlisi yakunida taraflarga hukm mazmuni, shuningdek, uning ustidan shikoyat berish tartibi va muddatlari tushuntirildi.

Mubin Mirzayev yanvar oyida lavozimidan olingandi

Eslatib o‘tamiz, Mubin Mirzayev 2026 yil 27-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgandi.

O‘sha yig‘ilishda davlat rahbari soliq tizimidagi qator tizimli muammolarni keskin tanqid qilgan. Xususan, Shayxontohur tuman soliq inspeksiyasi tomonidan «Chorsu» bozorida to‘lov intizomi ta’minlanmagani, «Malika» savdo majmuasida esa vaziyat yanada og‘ir ekani qayd etilgan.

Prezidentning ta’kidlashicha, majmuada qariyb 1,5 ming tadbirkor faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, ularning atigi to‘rtdan biri belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, tadbirkorlarning qariyb 25 foizi oyiga 1 mln so‘m ham soliq to‘lamagani, 2025 yil dekabr oyida esa plastik kartalar orqali amalga oshirilgan 600 mlrd so‘mlik savdo tushumi yashirilgani aniqlangan.

Yig‘ilishda Toshkent shahar soliq boshqarmasi budjet rejasini halol ishlayotgan tadbirkorlardan ortiqcha soliq undirish hisobiga bajarayotgani ham tanqid qilingan. Xususan, 46,4 mingta korxonadan 876 mlrd so‘m ortiqcha to‘lov undirilgani ma’lum qilingan.

Bundan tashqari, Soliq qo‘mitasida qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha sun’iy ortiqcha to‘lov shakllantirib, uni budjetdan noqonuniy qaytarish holatlari ko‘paygani qayd etilgan. O‘sha paytda mazkur holatlar yuzasidan 20 nafar soliq xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ochiqlangan.

Davlat rahbari ushbu yo‘nalish uchun mas’ul bo‘lgan, yetti yil davomida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Mubin Mirzayevning loqaydligi va mas’uliyatsizligini tanqid qilib, uni egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid