Kiberhujumga uchragan Kiberxavfsizlik markazi, radarlar bo‘yicha so‘rov va Haj safarining boshlanish sanasi — 29-aprel dayjesti

Kecha 22:103 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Kiberhujumga uchragan Kiberxavfsizlik markazi, radarlar bo‘yicha so‘rov va Haj safarining boshlanish sanasi — 29-aprel dayjesti

Kamera va radarlar bo‘yicha IIVga so‘rov yuborildi

Qonunchilik palatasi 28-aprel kuni foto va video qayd etish vositalari samaradorligi yuzasidan Aziz Toshpo‘latovga parlament so‘rovi yuborish masalasini ko‘rib chiqdi. Deputatlar kamera va radarlar yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda muhim vosita ekanini ta’kidlagan bo‘lsa-da, ular faoliyati bo‘yicha fuqarolardan kelayotgan shikoyatlarga ham e’tibor qaratdi.

Xususan, tezlik cheklovlari keskin o‘zgaradigan joylarda ogohlantiruvchi belgilar yetishmasligi, radarlar noqulay joylashgani va texnik xatolar sabab asossiz jarimalar qo‘llanilayotgani qayd etildi. Shuningdek, ayrim yo‘llarda infratuzilma muammolari — sifatsiz asfalt, noaniq chiziqlar va svetoforlar yetishmasligi ham qoidabuzarliklarga sabab bo‘layotgani aytildi.

Natijada parlament Ichki ishlar vazirligidan «Xavfsiz va ravon yo‘l» dasturi ijrosi, kamera va radarlar samaradorligi hamda muammolarni bartaraf etish choralari bo‘yicha rasmiy tushuntirish taqdim etishni so‘radi.

Navbatdagi kiberhujum: Kiberxavfsizlik markazi xodimlarining ma’lumotlari o‘g‘irlandimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Kiberxavfsizlik markazi xodimlarining ma’lumotlari sizdirilgani haqida xabarlar tarqaldi, haker esa ma’lumotlarni e’lon qilmaslik uchun 200 ming dollar talab qilganini da’vo qildi. Biroq Kiberxavfsizlik markazi ushbu ma’lumotlarni rad etib, ichki tizimlar buzilmaganini va bunday bazalar mavjud emasligini ma’lum qildi.

Markaz, shuningdek, blogerlar va sayt egalariga tarqatilayotgan ma’lumotlarni tekshirmasdan e’lon qilmaslik zarurligini eslatdi. Ayrim blogerlar rasmiy munosabatdan so‘ng ushbu mavzudagi postlarini o‘chirib tashlagan.

Eslatib o‘tamiz, bu kabi holatlar avval ham qayd etilgan: joriy yil boshida katta hajmdagi ma’lumotlar sizdirilgani haqida xabarlar chiqqan edi. Sherzod Shermatov o‘shanda ayrim tizimlarga hujumlar bo‘lganini tan olgan, biroq tarqalgan ma’lumotlar ko‘lami bo‘rttirib ko‘rsatilganini ta’kidlagan.

Haj–2026 mavsumi qachondan boshlanishi ma’lum qilindi

O‘zbekistondan hojilarni Saudiya Arabistoniga yuborish 2026 yil 2-maydan boshlanib, 18-maygacha har kuni muntazam aviaqatnovlar amalga oshiriladi. Ziyoratchilar Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Madinaga parvoz qiladi. Parvozlar FlyAdeal tomonidan, qaytish reyslari esa Uzbekistan Airways orqali amalga oshiriladi.

Haj mavsumiga tayyorgarlik doirasida ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur emlashlar qilingan va barcha hujjatlar rasmiylashtirilgan. Hojilarga safar uchun maxsus jihozlar to‘plami taqdim etilmoqda, Saudiyada esa ular uchun mehmonxona va ibodat joylarida sharoitlar tayyorlanmoqda.

Shu bilan birga, ruxsatnomasiz Haj qilishga qarshi qat’iy jazo choralari belgilangan.

Qoidabuzarlarga 5300 dollargacha jarima, yordam berganlarga esa 26 ming dollargacha jarima qo‘llanishi mumkin. Noqonuniy ziyoratchilar deportatsiya qilinib, 10 yilgacha Saudiyaga kirishi taqiqlanadi.

«Energiya tariflari oshishi inflatsiya prognozlarida inobatga olingan» — Markaziy bank

29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Temur Ishmetov energiya tariflari oshishi inflatsiya prognozlarida allaqachon inobatga olinganini bildirdi. Markaziy bankga ko‘ra, kommunal to‘lovlar va davlat tomonidan tartibga solinadigan narxlar inflatsiya hisob-kitoblarining muhim qismi hisoblanadi.

Raisning ta’kidlashicha, yil boshida e’lon qilingan 10 foizgacha tarif indeksatsiyasi ham prognozlarga kiritilgan, ammo yakuniy qarorlar hali tasdiqlanmagan. Shu bilan birga, tariflarni belgilash boshqa mas’ul idoralar vakolatiga kiradi.

Markaziy bank tashqi xatarlarga ham e’tibor qaratmoqda. Global inflatsiya va neft narxlari o‘zgarishi ichki bozorga ta’sir qilishi mumkinligi qayd etildi. Zarur hollarda pul-kredit siyosati qat’iylashtirilishi va barcha omillar doimiy monitoring qilinishi ta’kidlandi.

Teglar

Mavzuga oid