Logo

O‘zbekistonda bir yilda bitta import avtomobiliga muvofiqlik sertifikati berish normasi bekor qilindi

Bugun 12:332 daqiqa

O‘zbekistonda import qilinadigan avtomobillar uchun amal qilib kelgan muhim cheklov bekor qilindi. Endi bir shaxs yil davomida bir nechta avtomobil uchun muvofiqlik sertifikati olishi mumkin.

O‘zbekistonda bir yilda bitta import avtomobiliga muvofiqlik sertifikati berish normasi bekor qilindi © vaqt.uz

O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan transport vositalarini import qilishda bir kalendar yil mobaynida faqat bitta avtomobilga muvofiqlik sertifikati berish tartibi bekor qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.

Mazkur o‘zgarish Prezidentning «Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida amalga oshirildi.

Hujjatga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25-apreldagi 237-son qarori bilan tasdiqlangan «Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament»ga tegishli o‘zgartirish kiritildi.

Yangi tartib qanday?

Avval amalda bo‘lgan normaga ko‘ra, muvofiqlik sertifikati bir kalendar yil davomida bir shaxsga faqat bir marta berilishi mumkin edi. Endi ushbu cheklov texnik reglamentdan chiqarib tashlandi.

Bu o‘zgarish import avtomobillari bozorida raqobatni kuchaytirishi, fuqarolar va tadbirkorlar uchun transport vositalarini olib kirish jarayonini yengillashtirishi kutilmoqda.

Qurilish texnikasiga imtiyoz

Farmon bilan yana bir muhim yangilik joriy etildi. Xususan, 2029 yil 1-iyulga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, qurilish ishlarida foydalaniladigan maxsus texnikalar, shuningdek laboratoriya va instrumental ko‘rik uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalarni import qilish bojxona bojidan ozod etildi.

Mazkur imtiyoz qurilish sohasida zamonaviy texnika va texnologiyalarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddat ichida ushbu imtiyoz tatbiq etiladigan texnika va uskunalar ro‘yxatini tasdiqlashi lozim.

Teglar

Mavzuga oid