O‘zbekistondan ketgan Qozog‘iston banki 10 million dollardan ko‘proq zarar ko‘rdi
2025 yilning avgust oyida Markaziy bank Qozog‘istonning «Yevroosiyo banki» litsenziyasini qaytarib olib, uni majburiy tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.
© news.mail.ruQozog‘istonning «Yevroosiyo banki» O‘zbekiston bozoridan chiqishi natijasida 5 mlrd tenge zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Bu haqda bankning 2025 yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan hisobotida aks ettirilgan.
2025 yil avgust oyida Markaziy bank «Yevroosiyo banki» aksiyadorlik jamiyatidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olgandi. Qarorga asosiy sabab sifatida bankning ustav kapitali miqdori qonunchilikda belgilangan minimal talablarga muvofiqlashtirilmagani ko‘rsatilgan.
2025 yil 1-avgust holatiga ko‘ra, bank kapitali 104 mlrd so‘mni (taxminan 45,8 mlrd tenge) tashkil etgan, mamlakatda banklardagi ustav kapitalning eng kam miqdor 500 mlrd so‘m bo‘lishi talab etiladi.
Bankda kreditlar va depozitlar portfeli ham mavjud bo‘lmagan, O‘zbekistondagi faoliyati esa faqat zarar bilan yakunlangan: 2024 yilning to‘qqiz oyi davomida 12,6 mlrd so‘m (5,5 mlrd tenge), 2025 yilning birinchi yarmi uchun esa 51,6 mlrd so‘m (22,7 mlrd tenge) zarar ko‘rgan.
Shuningdek, banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa shartlar ham bajarilmagani qayd etilgan.
«Yevroosiyo banki» 2024 yil 11-yanvarda Markaziy bankdan litsenziya olgan edi. O‘sha yilning 17-iyulida bank o‘z sho‘basi kapitaliga 7,56 mlrd tenge (200 mlrd so‘m atrofida) yo‘naltirgan, shundan 5 milliard tengesi (10 million dollardan ko‘proq) zararga aylangan.
«2025 yilning avgust oyida bank rahbariyati O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi. Natijada 5 milliard tenge miqdoridagi zarar bankning foyda va zararlar to‘g‘risidagi hisobotida keltirildi. Sho‘ba korxonani tugatishdan olinadigan 2,56 mlrd tenge miqdoridagi aktivlar boshqa aktivlarda aks ettirilgan», — deyiladi hisobotda.
«Yevroosiyo banki» rasmiy saytida ham O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatishini, asosiy e’tiborni Qozog‘iston bozoriga qaratishini ma’lum qildi.
«Bu qaror bank tomonidan avvalroq qabul qilingan strategiyaning mantiqiy yakunlanishidir. Unga muvofiq, bank o‘z resurslarini Qozog‘istondagi biznesni rivojlantirishga yo‘naltirmoqda.
O‘zbekistondagi bankka investitsiyalarni to‘xtatish haqidagi qaror nazoratchi organ tomonidan rasman ma’lum qilinishidan ancha oldin, bank boshqaruvi va kuzatuv kengashi tomonidan ma’qullangan edi.
Qozog‘iston bozoriga e’tiborni kuchaytirish orqali bank yangi loyihalarni amalga oshirish va mijozlar hamda hamkorlar uchun katta salohiyatga ega bo‘lgan segmentlarda o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashni maqsad qilgan»,— deyiladi rasmiy press-relizda.
«Yevroosiyo banki»ning 2025-yilgi moliyaviy natijalar
2025 yildagi foizli daromadlari 306,96 mlrd tengeni tashkil etdi (2024 yilda 329,56 mlrd tenge edi). Sof foyda esa 2024 yildagi 82,7 mlrd tengedan 25,4 mlrd tengegacha kamaygan.
Ma’lumot uchun: Yevrosiyo bankining 100 foiz aksiyalari «Yevrosiyo moliya kompaniyasi»ga tegishli. Uning yirik aksiyadorlari sifatida Alla Mashkevich, Larisa Mashkevich, Anna Mashkevich, Shuxrat Ibragimov va Fattoh Shodiyevlar qayd etilgan.
Alla, Larisa va Anna Mashkevichlar — «Yevrosiyo guruhi» (ERG) asoschilaridan biri, marhum Aleksandr Mashkevichning merosxo‘rlaridir. Ibragimovlar oilasi esa ERG’ning yana bir asoschisi Alijan Ibragimovning vorislari bo‘lib, ular Forbes talqini bo‘yicha 1,677 milliard dollar boylik bilan eng boy qozog‘istonliklar ro‘yxatida 7-o‘rinni egallab turibdi.
Fattoh Shodiyev esa asli o‘zbekistonlik bo‘lib, Jizzax shahrida tug‘ilgan. Forbes talqiniga ko‘ra, 2026 yilgi boyligi 1,3 mrld dollardan ortiq. 1994 yilda Shodiyev Qozog‘istonda Aleksandr Mashkevich va Alijon Ibragimov bilan birga «Yevroosiyo banki»ga asos solgandi.





