Bakirov aybdor ham, aybsiz ham deb topilmadi: Sud jarayonidan reportaj
Sud yakuni bilan o‘z fikrlarini bildirgan iqtisodchi «yolg‘on axborot tarqatish» moddasi O‘zbekistonda so‘z erkinligi chegaralarini toraytirib borayotganini ta’kidladi.
7-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida iqtisodiy tahlillari bilan tanilgan ekspert va bloger Otabek Bakirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy huquqbuzarlikka doir ish ko‘rib chiqildi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning arizasi asosida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasi, ya’ni yolg‘on axborot tarqatish ayblovi bilan boshlangan ushbu jarayon jamoatchilik va OAV e’tiborida bo‘ldi.
Vaqt.uz muxbirining sud zalidan xabar berishicha, majlis kutilganidan ancha tez yakunlanib, raislik etuvchi sudya Mirusmon G‘iyosov Bakirovning shaxsiga aniqlik kiritgach, ishning mazmunini — ekspert tomonidan tarqatilgan axborotning haqiqat yoki yolg‘onligini muhokama qilmasdan, uni tugatish bo‘yicha to‘xtamga kelgan. Yakuniy qarorga ko‘ra, mazkur ish MJtKning 271-moddasi 7-bandiga asosan, javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketgani sababli tugatildi. Bu shuni anglatadiki, sud vazirlikning da’vosi asosli yoki asossiz ekaniga huquqiy baho bermadi, balki protsessual muddatlar eskirgani uchun ishni yopish bilan cheklandi.
Quyida Vaqt.uz muxbirining jarayon bo‘yicha tayyorlagan reportajini tomosha qilishingiz mumkin.
Teglar






