Logo

Saida Mirziyoyevaning yangi lavozimi, qurbini yo‘qotayotgan dollar va sudga tortilgan blogerlar — 23 iyun dayjesti

23.06.2025 | 22:006 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Saida Mirziyoyevaning yangi lavozimi, qurbini yo‘qotayotgan dollar va sudga tortilgan blogerlar — 23 iyun dayjesti
Saida Mirziyoyeva Prezident Administratsiyasidagi eng yuqori lavozimni egalladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Prezident Administratsiyasi tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritildi. Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi tashkil qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Saida Shavkatovna Mirziyoyeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlandi.   2026 yildan davlat xizmatchilarining oyligi bir xillashtiriladi Kelasi yildan boshlab O‘zbekistonda barcha davlat organlarida ishlovchi xizmatchilar uchun ish haqi tenglashtiriladi. Yangi tartib bir xil malaka va vazifadagi xodimlarga bir xil maosh to‘lanishini nazarda tutadi. Masalan, ikki xil vazirlikda ishlayotgan, tajribasi va vazifasi teng bo‘lgan yetakchi mutaxassislar uchun ish haqi farq qilmaydi. Bu tizim davlat xizmatchilarining oyliklaridagi nomutanosiblikni bartaraf etish, tashkilotlar o‘rtasida kadrlar oqimini kamaytirish va sohaga barqarorlik olib kirishni maqsad qilgan.   So‘m mustahkamlanayotgani yo‘q, dollarning qurbi pasaymoqda O‘zbekistonlik iqtisodchi Yuliy Yusupov so‘m kursidagi so‘nggi o‘zgarishlar yuzasidan fikr bildirib, «hech qanday mustahkamlanish yo‘q»ligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘m dollarga nisbatan faqat 3,3 foizga oshib, yevro, rubl, funt va yenaga nisbatan esa tushib bormoqda. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari — AQSH emas, balki Xitoy, Rossiya va Yevropa bo‘lgani uchun so‘mning dollarga nisbatan biroz oshib borishi amalda uning umumiy qiymatini ko‘tarmagan. Dollarning tushishiga esa Donald Trampning siyosiy bayonotlari, tarif siyosati va Federal zaxira tizimi rahbariyatini ommaviy tanqid qilishi sabab bo‘lmoqda. AQSH iqtisodiyotiga va dollarga bo‘lgan ishonch pasaygan, investorlar esa hozirgi hukumatga ishonchsizlik bilan qaray boshlagan.   Qimorni targ‘ib qilgan blogerlar ishi sudga oshirildi O‘zbekistonda 4 nafar taniqli vayner qimor o‘yinlari va bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgani uchun sudga berildi. Raqobat qo‘mitasi tomonidan ularga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilgan va tegishli hujjatlar sudga topshirilgan. Jasurbek Shodiyev, Dadabek Normamatov, Sherxon Rahmatov va Hojiakbar Hasanboyev totalizator brendlaridan birini va qimor o‘yinlarini ochiq targ‘ib qiluvchi videolarni o‘z sahifalarida joylashtirgan. «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, bu kabi faoliyat ma’muriy jazoga sabab bo‘ladi.   Raqobat qo‘mitasi soxta chegirmalarni taqiqlamoqchi O‘zbekistonda soxta arzonlashtirishlarni cheklashga qaratilgan yangi reglament muhokamaga qo‘yildi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasiga ko‘ra arzonlashtirilgan narx faqat so‘nggi 30 kundagi eng past narxga nisbatan hisoblanishi kerak bo‘ladi. Sotuvchi avvalgi narxni ko‘rsatmasa, chegirma deb e’lon qilishi mumkin emas. Sun’iy ravishda avval narxni oshirib, keyin arzonlashtirilgandek ko‘rsatish qat’iyan taqiqlanadi. Yangi tartib elektron savdo maydonlari va marketing kompaniyalari faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Mavzuga oid