Tramp Eronni yakkalamoqchi. Xitoy va Rossiya uni qutqara oladimi?
Tahlilchilarning fikricha, AQSH uchun Eronning Pekin va Moskva bilan o‘rnatgan chuqur savdo aloqalarini uzish oson kechmaydi.
© White HouseAQSH prezidenti Donald Tramp Tehronga qarshi «Hal qiluvchi iqtisodiy hujum» e’lon qilar ekan, Eronga iqtisodiy jihatdan «yordam qo‘lini cho‘zgan» har qanday davlatni moliyaviy jazolash bilan tahdid qildi.
AQSH va Eron o‘rtasidagi katta mablag‘ talab qilayotgan mojaro boshlanganiga olti oy to‘lganda yangrayotgan bu tahdid Trampning o‘ziga xos siyosatini aks ettiradi. Bu holat — uning ikkinchi boshqaruv muddati avvalidagi qator zararli savdo urushlaridan so‘ng, tashqi siyosiy maqsadlarga erishish yo‘lida AQSHning iqtisodiy qudratidan foydalanishga qaratilgan navbatdagi urinishidir.
Biroq, ekspertlarning ta’kidlashicha, Trampda Eronning ikki asosiy savdo hamkori — Xitoy va Rossiyaga ta’sir o‘tkazish imkoniyatlari juda cheklangan. Rossiya shusiz ham AQSHning keng qamrovli sanksiyalari ostida qolgan va asosan Amerika yetakchiligidagi iqtisodiy tizimdan tashqarida faoliyat yuritmoqda. Xitoy esa, modomiki bu o‘z iqtisodiy manfaatlariga mos tushsa, AQSH sanksiyalarini e’tiborsiz qoldirishga tayyor ekanini bir necha bor namoyish etgan.
Qatardagi Jorjtaun universiteti dotsenti Pol Musgreyv «Al Jazira» telekanaliga bergan intervyusida Tramp uchun ushbu bosim kampaniyasini samarali amalga oshirish «juda qiyin kechishini» ta’kidladi.
«Tramp odatda ko‘p tomonlama muvofiqlashtirishni talab qiladigan sanksiyalarni bir tomonlama tartibda qo‘llashga urinmoqda. Buning uchun esa Xitoy, Rossiya va BMT Xavfsizlik Kengashidagi beshlikni ham mazkur qarorga ko‘ndirish talab etiladi», — dedi Musgreyv.
«Juda og‘ir iqtisodiy oqibatlar»
Seshanba kuni AQSH prezidenti o‘zining «Truth Social» tarmog‘idagi sahifasida Eronga qarshi kampaniya «eng halokatli iqtisodiy operatsiya» bo‘lishini ta’kidladi.
Bundan tashqari, u neft kontrabandasi, svop liniyalari, pul o‘tkazmalari, valuta ayirboshlash shoxobchalari, kemalarni ro‘yxatga olish va soxta kompaniyalar orqali harakat qilish kabi usullarni sanab o‘tdi. Prezident AQSH sanksiyalarini chetlab o‘tishda Eronga ko‘maklashadigan davlatlar «juda og‘ir iqtisodiy oqibatlarga» yuz tutishidan ogohlantirib:
«Bularning barchasi HOZIROQ to‘xtatilishi shart», — deb yozdi.
Aynan shu kuni Eron uzoq yillardan buyon muhim import tovarlari va tijorat bozorlariga chiqishda suyanib kelgan Birlashgan Arab Amirliklari Tehronga nisbatan noma’lum muddatga savdo embargosini e’lon qildi. Bunga BAAning o‘z hududi tomon ikkita ballistik raketa uchirilganida Eron harbiylarini ayblagani sabab bo‘ldi.
Brandeis universitetining Yaqin Sharq iqtisodiyoti bo‘yicha professori Nodir Habibiyning fikricha, AQSH BAAni savdo embargosi joriy etishga «qattiq undagan yoki majbur qilgan» bo‘lishi mumkin. Shuningdek, AQSH Eronning boshqa savdo hamkorlariga, xususan, ular orasida eng yirigi bo‘lgan Xitoyga ham bosim o‘tkazishga urinishi ehtimoldan xoli emas.
«Vaqtinchalik sulh»
AQSHning Xitoy va Eron o‘rtasidagi savdo-sotiqni izdan chiqarishga qaratilgan har qanday rejasi jiddiy to‘siqlarga duch kelishi tabiiy.
«Kpler» tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Xitoy Eron eksport qilgan neftning 80 foizini xarid qilgan. Biroq Xitoyning neftni qayta ishlash zavodlarini nazorat qilish va jazolash ko‘pincha murakkab jarayon hisoblanadi. Bunga ularning aksariyati mustaqil faoliyat yuritishi hamda AQSH moliya tizimiga qaram emasligi sabab bo‘ladi.
AQSH Moliya vazirligi tahdid qilganidek, agar Xitoyning yirik banklari Eron mablag‘lari bilan ishlashda davom etsa, ularga qo‘llaniladigan sanksiyalar og‘riqli bo‘lishi aniq. Biroq bunday qadam, hozirgi nozik diplomatik davrda, Pekinni javob zarbasi berishga ham undashi hech gap emas.
«Chatham House» tahlil markazining Xitoy va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha katta ilmiy xodimi Yu Jiyening ta’kidlashicha, Trampning Eronning iqtisodiy ittifoqchilarini nishonga olish tahdidi «Pekinning ishtirokini va Tehron bilan mavjud savdo aloqalarini o‘zgartira olmaydi».
«Tramp Xitoy bilan aloqalarni barqarorlashtirmoqchi, Pekin ham Vashington bilan vaqtinchalik sulh tuzishni maqsad qilgan», — dedi Yu «Al Jazira» telekanaliga.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Jian Trampning iqtisodiy bosim kampaniyasiga munosabat bildirar ekan, qo‘shimcha sanksiyalar «muammoni hal qilishga yordam bermasligini» qayd etdi.
«Xitoy tegishli tomonlarni mas’uliyat bilan harakat qilishga hamda ziddiyatlarni diplomatik va siyosiy yo‘llar bilan hal etishga chaqiradi», — dedi Lin.
Rossiyaning parallel aloqalari
Rossiya esa Vashington uchun mutlaqo boshqacha muammo tug‘dirmoqda.
Rossiya Eron uchun Xitoyga qaraganda kichikroq savdo hamkori hisoblanadi. Ammo Moskva va Tehron G‘arb cheklovlarini aylanib o‘tishga xizmat qiluvchi muhim tijoriy hamda harbiy aloqalarni o‘rnatish uchun yillar sarflagan.
Rossiya energetika vaziri Sergey Sivilevning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyida qattiq sanksiyalar ostida qolgan bu ikki davlat 20 yillik hamkorlik shartnomasini imzoladi. Natijada, 2025 yilning dastlabki 11 oyi ichida o‘zaro savdo aylanmasi 4,8 milliard dollargacha oshgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya va Eron Kaspiy dengizi orqali nafaqat sanksiyaga tushgan neftni, balki qurol-yarog‘ va harbiy texnikani ham o‘zaro almashmoqda.
Dushanba kuni «NBC News» telekanali Yevropa hukumatlaridan birining hujjatiga tayanib, Rossiya Eronga dengiz yo‘li orqali dron qismlari, o‘q-dori va trotil (TNT) jo‘natgani haqida xabar berdi.
Bunga qadar esa AQSH Rossiyaga qarshi keng qamrovli iqtisodiy sanksiyalar joriy qilgan edi.
«Iqtisodiy terrorizm»
Chorshanba kuni Eron tashqi ishlar vaziri Trampning mamlakatga qarshi boshlagan iqtisodiy kampaniyasini keskin qoraladi. U buni Vashingtonning «muvaffaqiyatsiz siyosati»ning mantiqiy davomi ekanini va u «navbatdagi mag‘lubiyat» bilan tugashini ta’kidladi.
«AQSHning iqtisodiy terrorizmi global iqtisodiyotga va butun dunyo bo‘ylab davlatlar suverenitetiga tahdid solmoqda», — deb yozdi Abbos Araqchi «X» tarmog‘idagi sahifasida.
Rossiya, Xitoy, Hindiston, Braziliya va boshqa yirik davlatlarni o‘zida jamlagan BRIKS tashkilotining to‘laqonli a’zosi sifatida, Eron ushbu tuzilmadagi nufuzidan yangi moliyaviy yo‘laklarni topish uchun foydalanishga intilmoqda.
O‘tgan haftada Eron Markaziy banki rahbari Abdulnosir Himmatiy Tehron BRIKSning Yangi taraqqiyot bankiga (YATB) qo‘shilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu esa G‘arb moliya bozorlariga qaramlikdan qutulib, muqobil moliyalashtirish manbalarini izlab topishga kengroq yo‘l ochadi.
Shuningdek, Himmatiyning ta’kidlashicha, Eron BRIKS davlatlari o‘zaro hisob-kitoblarni milliy valutalarda amalga oshira olishiga to‘la ishonadi.
Yangi taraqqiyot banki hozircha Eronning a’zo bo‘lish ehtimoli yuzasidan hech qanday rasmiy izoh bermadi, chunki buning uchun maxsus tartib-qoidalaridan o‘tish talab etiladi.
Tehrondagi Strategik tadqiqotlar markazi tahlilchisi Ali Akbar Dareynining so‘zlariga ko‘ra, AQSHning «bo‘g‘uvchi» sanksiyalariga qaramay, Eron oldinga siljish yo‘lini topa oladi.
«Tramp o‘zi g‘alaba qozona olmaydigan va chiqib keta olmaydigan urush botqog‘iga botib qoldi», — dedi Dareyni «Al Jazira» nashriga.





