Dunyo brendlari va O‘zbekiston: Bozorga kimlar keldi va kimlar ketdi?
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bozorida xalqaro brendlar soni sezilarli darajada ko‘paydi. Avtomobildan tortib kiyim-kechak, umumiy ovqatlanish, elektron tijorat va raqamli xizmatlargacha bo‘lgan turli sohalarda yangi xorijiy kompaniyalar paydo bo‘ldi. Vaqt.uz yaqin tarixda O‘zbekistonga kirib kelgan va bozorni tark etgan jahon brendlarini tahlil qildi.

2026 yilda O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni mamlakat mustaqillikka erishgandan buyon ilk bor 20 mingtadan oshdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozir mamlakatda chet el investitsiyasi ishtirokidagi jami 20 ming 502 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 4 ming 611 tasi qo‘shma va 15 ming 891 tasi to‘liq xorijiy korxonalardir. So‘nggi besh yil ichida bunday biznes subyektlarining umumiy soni 1,4 barobarga o‘sgan.
O‘zbekiston bozoriga sarmoya kiritish bo‘yicha 6 ming 60 ta korxona bilan Xitoy mutlaq yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarni Rossiya (3 ming 454 ta) va Turkiya (2 ming 293 ta) korxona bilan egallab turibdi. Quyida so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga kirib kelgan mashhur brendlarni sohalar kesimida batafsil tahlil qilamiz.
Avtomobil bozori: Monopoliya ta’siri kamaydimi?
O‘zbekiston avtomobil bozori so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘zgardi. Ilgari odamlar sifat va narxdan qancha norozi bo‘lmasin, bozordagi yagona taklif beruvchidan mashina sotib olishga majbur edi. Ammo hozir asosan mahalliy ishlab chiqaruvchining avtomobillari ustun bo‘lgan bozor, asta-sekin xorijiy ishlab chiqaruvchilar uchun ham ochilmoqda. Avval an’anaviy ichki yonuv dvigatelli avtomobillar, keyinchalik esa elektromobil va gibridlar, shuningdek, premium segmentdagi modellar paydo bo‘ldi.
Volkswagen va Skoda Yevropa avtosanoatining mamlakatimizga kirib kelishi Germaniyaning Volkswagen guruhidan boshlandi. 2020 yil iyul oyida kompaniya O‘zbekistonga o‘zining mashhur Caddy modellarini taqdim etdi. Kuz fasliga kelib esa guruh tarkibidagi Chexiyaning Skoda brendi ham rasman savdoni boshladi. Xaridorlarga asosan to‘liq o‘lchamli, besh va yetti o‘rindiqli «Kodiaq» krossoverlari taklif etildi.
Chery, EXEED va OMODA 2022 yildan e’tiboran Xitoy avtokompaniyalarining mamlakatimizga kirib kelishi tezlashdi. Iyul oyida Chery brendi O‘zbekistonda rasmiy savdolarni boshladi va o‘z dilerlik tarmog‘ini 7 ta yirik shahar bo‘ylab kengaytirdi. Ko‘p o‘tmay, ushbu kompaniya o‘zining hashamatli avtomobillarga ixtisoslashgan EXEED va yoshlar auditoriyasiga mo‘ljallangan OMODA subbrendlarini ham bozorga olib kirdi.
BYD 2023 yil 23-yanvar kuni UzAuto va yangi energiya manbalarida (NEV) harakatlanuvchi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda «Tesla»ni ham ortda qoldirgan BYD giganti rasman «BYD Uzbekistan Factory» qo‘shma korxonasini tuzdi. Bu BYD kompaniyasining Xitoydan tashqaridagi ilk hamkorlik loyihasi edi.
Kompaniya bozorga «Chazor 05 DM-i», «Song Plus DM-i» (gibrid) va «Han» (elektromobil) modellarini olib kirdi. Avtomobillar to‘lig‘icha o‘zbekistonliklar uchun moslashtirildi — interfeys va ovozli yordamchi o‘zbek, rus va ingliz tillarida ishlaydigan bo‘ldi. Shuningdek, rasmiy kafolatli servis tizimi ham ishga tushirildi.
Zeekr va Neta 2024 yil O‘zbekistonda «yashil avtomobillar» yiliga aylandi. Geely Holding Group kompaniyasiga tegishli premium elektromobil brendi — Zeekr O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi Qozog‘istondan keyingi ikkinchi muhim bozor sifatida tanladi. Bugungi kunda kompaniya xaridorlarga «Zeekr 001», «001 All new», «007», «X» va «7X» kabi ilg‘or modellarini rasman taklif qilmoqda. Shuningdek, 2024 yil oktabr oyida Xitoyning yana bir innovatsion brendi «Neta» (Hozon New Energy Automobile) «Neta X» elektromobili bilan bozorimizda ro‘yxatdan o‘tdi. Bundan tashqari, Xitoyning Haval, Geely Auto va Li Auto, Fransiyaning Renault, Buyuk Britaniyaning tarixiy Morris Garages, 2024 yilda Germaniyaning Porsche kompaniyasi ham O‘zbekiston avtomobil bozoriga kirib keldi.
Kiyim-kechak va chakana savdo
O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning 28,5 foizi savdo sohasiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi yillarda xalqaro moda brendlari ham mamlakat bozorida o‘z do‘konlarini ochishni boshladi. Bunda zamonaviy savdo markazlarining ko‘payishi ham muhim rol o‘ynadi. Masalan, 250 ming kvadrat metr maydonga ega «Tashkent City Mall»ning ishga tushirilishi bir qator xalqaro brendlarning O‘zbekistonda rasmiy do‘kon ochishiga imkon berdi.
Inditex guruhi: Zara, Massimo Dutti va boshqalar 2024 yilning fevral oyida O‘zbekiston riteyl bozorida dunyoning moda brendlari paydo bo‘ldi. Poytaxtdagi eng yirik majmualardan biri bo‘lgan «Tashkent City Mall»ning ochilishi Ispaniyaning «Inditex» moda korporatsiyasiga tegishli qator mashhur brendlarning rasman kirib kelishiga zamin yaratdi. Iste’molchilar endilikda Zara, Zara Home, Massimo Dutti, Oysho, Bershka, Stradivarius va Pull&Bear kabi do‘konlardan xizmat ko‘rsatishning xalqaro standartlari asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Boss, Calvin Klein va qator global nomlar Xuddi shu yili Germaniyaning mashhur Boss brendi ham mamlakatda o‘zining ilk rasmiy do‘konini ishga tushirdi. Kompaniya rebrending siyosatiga muvofiq «Z» avlodi uchun Hugo va milleniallar uchun Boss brendlarini taklif etmoqda. Shuningdek, xalqaro bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Calvin Klein, Converse, NewYorker, OVS va Terranova brendlari ham poytaxtdagi savdo maydonlarida o‘z nuqtalarini rasman ochdi.

Sinsay — LPP Group Moda sanoatidagi so‘nggi yirik kirib kelishlardan biri 2025 yilda yuz berdi. Reserved, House, Cropp, Mohito kabi brendlariga egalik qiluvchi Polshaning yirik «LPP Group» kompaniyasi o‘zining arzon segmentga yo‘naltirilgan Sinsay brendi bilan O‘zbekiston bozorida ish boshladi. Shuningdek, Rossiyaning Stilpark va Sportmaster kiyim brendlari hamda 2022 yilda bozorga kirib kelgan Rossiyaning Wildberries marketpleysi mamlakatning kiyim-kechak sektoriga eng katta ta’sir ko‘rsatgan platformalardan biriga aylandi.
Umumiy ovqatlanish, oziq-ovqat riteyli va elektron xizmatlar
O‘zbekiston iqtisodiyotida raqobat kuzatilgan yana bir yo‘nalish — bu umumiy ovqatlanish, oziq-ovqat riteyli va raqamli xizmat ko‘rsatish sohalaridir. Mahalliy bozorga jahon darajasidagi fastfud tarmoqlari hamda elektron tijorat platformalarining kirib kelishi iste’molchilarga yangi qulayliklar yaratdi. Iste’molchilar an’anaviy xizmatlardan tashqari yirik onlayn bozorlar va masofaviy xizmatlardan ham faol foydalanishga o‘tdi.
Oziq-ovqat va supermarketlar tarmog‘i
Bozorda yirik chakana savdo tarmoqlari o‘z o‘rnini mustahkamlashni boshladi. 2020 yilda Fransiyaning Carrefour hamda Rossiyaning Fix Price do‘konlari ish boshlagan bo‘lsa, 2021 yilda Qozog‘istonning Magnum, Cash&Carry gipermarketlari tarmog‘i ochildi. Ularning ortidan 2022 yilda Fransiyaning yana bir tarmog‘i — bi1 do‘konlarini ishga tushirdi. 2024 yilda esa Qozog‘istonning Galmart riteyleri xalqaro miqyosdagi ilk savdo nuqtasini poytaxtda ochdi.
Umumiy ovqatlanish tarmoqlari
Yaqin yillarda bu sektorda ham xalqaro franchayzalar soni sezilarli ortdi. Buyuk Britaniyaning Costa Coffee tarmog‘i 2023 yilda poytaxtda ilk shoxobchalarini ochdi. 2024 yilda pitssa bozorida: Amerikaning Papa John’s tarmog‘i poytaxt bo‘ylab 15 ta filial ochgan bo‘lsa, xuddi shu yili Domino’s Pizza ham oltita filiali bilan faoliyat boshladi.
2025 yilda ham ovqatlanish sektorida yangi ishtirokchilar paydo bo‘ldi. Dekabr oyida AQSHning 1950-yillarda tashkil topgan afsonaviy Burger King xalqaro tarmog‘i ilk filialini ochdi. Shu bilan birga, noyabrda Amerikaning Krispy Kreme donat tarmog‘i, mart oyida esa Rossiyaning «dark-kitchen» (mahsulotni faqat yetkazib berish va olib ketish modelida ishlovchi) Yobidoyobi sushi brendi bozorga kirdi.
Elektron tijorat va raqamli xizmatlar platformasi
Raqamli xizmatlar bozori ham eng faol o‘sgan yo‘nalishlardan biriga aylandi. 2023 yilda Ozon elektron bozori ish boshladi. Transport va yetkazib berish xizmatlarida ham xalqaro agregatorlar — inDriver (yo‘lovchi va yuk tashish) hamda Ukrainaning Uklon (2023) taksi xizmati o‘z faoliyatini boshladi.
Oziq-ovqat va tovar yetkazib berish sohasida Yandex kompaniyasi o‘z ekotizimini doimiy ravishda kengaytirib bordi. Dastlab tayyor taomlar yetkazuvchi Yandex Eats, so‘ngra Yandex Lavka (2024) tizimi ishga tushirildi. 2025 yilning aprel oyida esa ushbu ekotizim doirasida elektronika va kiyim-kechaklarni ham qamrab oluvchi Yandex Go Market elektron savdo platformasi ish boshladi.
Shu bilan birga, Finlyandiyaning 28 ta davlatda ishlovchi Wolt xizmati 2024 yilda bozorga kirib, mahalliy yetkazib berish sohasidagi raqobatni yanada kuchaytirdi. Xalqaro raqamli servislar qatorida o‘zbek tiliga moslashgan Rossiyaning Litres elektron kitoblar xizmati hamda 2023 yili OpenAI kompaniyasining ChatGPT neyrotarmog‘i ish boshladi.
IT va moliya
Telekommunikatsiya sohasida sifatni oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etish maqsadida Rossiyaning USM Telekom va MegaFon kompaniyalari O‘zbekiston bilan hamkorlikda Digital Holding qo‘shma korxonasini tashkil etdi. Loyiha doirasida Ucell operatorining yuz foiz ulushi ushbu xoldingga o‘tkazildi va Rossiya tomoni infratuzilmani rivojlantirish uchun 100 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritdi.
Moliya va bank sektorida ham o‘zgarishlar bo‘ldi. 2020 yilda Gruziyaning TBC banki hamda fintex, mobil aloqa va savdoni birlashtirgan xalqaro Humans xizmati faoliyat boshladi. 2024 yilda AQSHning Citigroup global moliya guruhi Toshkentda o‘z rasmiy vakolatxonasini ochdi. 2025 yilda Binance kriptobirjasi va Telegram ekotizimidagi Wallet loyihalari litsenziya asosida rasman ishga tushdi.
Ishbilarmonlik faolligi va sarmoyadorlar oqimining ortishi poytaxt va hududlarda turizm hamda mehmonxona infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyojni oshirdi. Amerikaning mashhur Hilton tarmog‘i o‘zining 21 qavatli, 258 xonaga ega Hilton Tashkent City mehmonxonasi faoliyatini boshladi. Keyinchalik xalqaro Reikartz tarmog‘i o‘z e’tiborini hududlarga qaratib, Buxoro va Qo‘qon shaharlarida mehmonxonalar ochdi. Ushbu yo‘nalishdagi yana bir yirik loyihalardan biri 2025 yilda ma’lum qilindi — Toshkent viloyatining Chorvoq suv ombori hududida umumiy qiymati 5 milliard dollarga baholanayotgan Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazi qurilishi ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Qaysi brendlar O‘zbekiston bozorini tark etdi?
Har qanday ochiq iqtisodiyotda raqobat va qat’iy qonun-qoidalar mavjud. Xorijiy kompaniyalarning bozorga kirib kelishi qanchalik tabiiy jarayon bo‘lsa, ularning ayrimlari ma’lum sabablarga ko‘ra bozorni tark etishi ham normal iqtisodiy holatdir.
Chakana savdo tarmog‘i
Redtag Birlashgan Arab Amirliklarining mass-market yo‘nalishidagi yirik kiyim-kechak brendi O‘zbekiston bozorida 13 yil faoliyat yuritgan xalqaro tarmoqlardan biri bo‘ldi. Dastlab Korzinka tarmog‘i ichida rivojlangan brend 2020 yilda mustaqil kompaniyaga aylanib, «RTF FASHION RETAIL» (muassislar: Komil Hoshimov 75%, Zafar Hoshimov 25%) boshqaruviga o‘tgan edi. Garchi xaridorlar orasida mashhur bo‘lsa-da, kompaniya so‘nggi olti yilni moliyaviy zarar bilan yakunladi. Oqibatda, 2026 yil iyun oyida do‘konlardagi tovarlarni to‘liq sotib tugatish va tarmoqni yopish qarori e’lon qilindi.
Qozog‘istonning eng yirik savdo tarmog‘i bo‘lgan Magnum poytaxtda 5 ta supermarket va 1 ta gipermarket bilan faoliyat yuritdi. Ushbu kompaniya 2021 yilda O‘zbekiston bozoriga kirib kelgandi. Biroq 2025 yilning yoziga kelib brend O‘zbekiston bozorini butunlay tark etdi.
Elektron tijorat va yetkazib berish xizmatlari
Xitoyning «PDD Holdings» kompaniyasiga tegishli Temu 2024 yilda o‘z faoliyatini O‘zbekistonda ham boshlagan edi. Ushbu global marketpleys 2024 yil oxirida O‘zbekistonda eng ommabop ilovalardan biriga aylangandi. Ammo 2025 yil 20-mart kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan ilova faoliyati cheklandi. Finlyandiyaning oziq-ovqat yetkazib beruvchi Wolt tarmog‘i kuchli raqobat maydonida uzoq tura olmadi va 2024 yilda boshlagan faoliyatini 2026 yil 5-martdan rasman yakunladi.
Moliya va aviatsiya
Yevroosiyo banki Qozog‘istonning Olmaota shahrida asos solingan ushbu bank 2024 yil yanvar oyida O‘zbekistonda litsenziya olgan edi. Biroq bank amalda ishga tushmadi. 2025 yil 1-avgust holatiga uning kapitali bor-yo‘g‘i 104 mlrd so‘mni tashkil etgani va 500 mlrd so‘mlik eng kam ustav talabini bajarmagani uchun 27-avgust kuni Markaziy bank tomonidan uning litsenziyasi bekor qilindi va majburiy tugatish belgilandi.
Vengriyaning yirik loukoster aviakompaniyasi Wizz Air 2022–2023 yillarda Samarqand va Toshkent shaharlariga parvozlarni boshlagan edi. Biroq Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat, talabning pasayishi va Abu Dabidagi qo‘shma korxonaning yopilishi sababli kompaniya 2025 yil sentabr oyidan O‘zbekistonga parvozlarni to‘liq to‘xtatdi.
Nega xorijiy brendlarni jalb qilish muhim?
O‘zbekistonga xalqaro kompaniyalar oqimini ko‘paytirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezident tomonidan xorijiy brendlar bilan ishlaydigan korxonalar uchun maxsus imtiyozlar belgilangan. Xususan, 2023 yil 18-dekabr kuni o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida quyidagi yengilliklar joriy etilgandi:
Xarajatlarni qoplash: Nufuzli xalqaro brendlar bilan ish boshlagan korxonalarga standartlashtirish, ekologiya va sertifikat olish xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.
Bojxona imtiyozlari: Mahalliylashtirish darajasini kamida 60 foizga yetkazgan holda brend ostida mahsulot ishlab chiqaruvchilar zarur xomashyo importi uchun bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.
Tadbirkorlarga yengillik: O‘z mahsulotining kamida 30 foizini xalqaro brend ostida ishlab chiqaradigan mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investorlar uchun belgilangan imtiyozlar tatbiq etiladi.
To‘lovlardan ozod qilish: Yirik brendlar loyihalariga jalb etilgan xorijiy mutaxassislar (texnolog, dizayner va marketologlar) O‘zbekistonda ishlaganlik uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod qilinadi.
Dunyo brendlarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?
Birinchidan, soliq tushumlarining ortishi. Milliy statistika va soliq ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda elektron xizmat ko‘rsatuvchi 97 ta xorijiy kompaniya davlat budjetiga 143,8 mlrd so‘m soliq to‘lagan, bu 2025 yilga nisbatan 84 foizga o‘sish degani. Quyida elektron xizmat ko‘rsatuvchi gigant kompaniyalarning to‘lagan soliq ulushlari:
Apple — 33,6 mlrd so‘m;
Google — 33,3 mlrd so‘m;
Meta — 28,9 mlrd so‘m;
Valve Corp — 15,8 mlrd so‘m;
Anthropic — 6,3 mlrd so‘m;
OpenAI — 5,6 mlrd so‘m;
Midasbuy — 2,9 mlrd so‘m;
Booking.com — 2,6 mlrd so‘m;
TikTok — 1,6 mlrd so‘m;
Anysphere — 1,5 mlrd so‘m.
Bunday yirik to‘lovlar iqtisodiyotni legallashtiribgina qolmay, davlat budjetiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushum qiladi.
Ikkinchidan, sog‘lom raqobat muhiti va xizmat sifatining oshishi. Bozorda yirik xalqaro kompaniyalarning ish boshlashi mavjud monopoliyani va raqobatsiz bozor sharoitini buzadi. Natijada mahalliy biznes ham o‘z mijozini va daromadini yo‘qotmaslik uchun majburiy ravishda xizmat sifatini va narx siyosatini xalqaro standartlarga moslashtirishga o‘tadi.
Uchinchidan, yangi kasblar va korporativ ish o‘rinlari. Jahon brendlari o‘zi bilan birga boshqaruv usullari, xavfsizlik va sifatli inson resurslarini boshqarish (HR) mexanizmlarini olib kiradi. Bunday kompaniyalar mahalliy kadrlarni yollab, xalqaro tajriba asosida o‘qitadi. Bu jarayon mehnat bozoridagi norasmiy va kafolatlanmagan ish o‘rinlari ulushini qisqartirib, yoshlar uchun barqaror korporativ ish o‘rinlarini yaratadi.
To‘rtinchidan, dunyo bilan hamnafaslik va ochiq iste’mol madaniyati. Zamonaviy iste’molchilar, xususan yosh avlod doimo global trendlar bilan qadam tashlashni istaydi. Bozorning ochiqligi odamlarning eng so‘nggi gadjetlardan tortib, ilg‘or sun’iy intellekt xizmatlarigacha o‘z mamlakatida qonuniy foydalana olishi, iqtisodiy-psixologik farovonligini ta’minlaydi. Shuningdek, birgina xalqaro brendning biror davlat bozoriga muvaffaqiyatli kirib kelishi boshqa o‘nlab investorlar uchun o‘ziga xos «xavfsizlik signali» vazifasini bajaradi. Bu esa xorijiy kapital oqimining tezlashishiga, yanada ko‘proq dunyo brendlarining kirib kelishiga turtki bo‘ladi.
Dunyo brendlarining O‘zbekiston bozorida ko‘payishi iqtisodiy o‘sishni tezlashtiruvchi va yangi imkoniyatlar yaratuvchi muhim omillardan biridir. Biroq ushbu tendensiya bardavom bo‘lishi hamda yirik xorijiy investorlar ishonchini to‘la qozonish uchun mamlakatda siyosiy barqarorlik, shaffof va adolatli soliq muhitini va qonunlarning amalda qat’iy ishlashini ta’minlash kerak.





