Logo

O‘zbekiston – Ozarboyjon sammiti yakunlandi

Kecha 22:252 daqiqa

Muzokaralar yakunida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolanib, qator qo‘shma loyihalarga start berildi.

O‘zbekiston – Ozarboyjon sammiti yakunlandi © Foto: president.uz

Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrifning birinchi kunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Shuningdek, Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar yakunida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma hamda qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Bundan tashqari, bir nechta qo‘shma loyihalarga start berildi.

Davlat rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Toshkentdagi yangi loyihalar bilan tanishuv

Davlat tashrifi doirasida Ilhom Aliyev Yangi Toshkent loyihasi bilan ham tanishdi.

Ikki mamlakat yetakchilari Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini ochish marosimida ishtirok etdi. Shuningdek, Yangi Toshkent hududida «Ozarbayjon» bog‘ini barpo etish ishlari boshlandi.

Sammit Buxoroda davom etdi

Bugun O‘zbekiston–Ozarboyjon sammiti Buxoroda davom etdi.

Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev rafiqalari hamrohligida qadimiy shaharning tarixiy obidalari bilan tanishdi.

Oliy martabali mehmonlarga Buxoro viloyatining raqamlashtirish, yengil va elektrotexnika sanoati kabi sohalardagi salohiyati haqida ma’lumot berildi.

Tashrif doirasidagi tadbirlar yakunlangach, Buxoro xalqaro aeroportida prezident Ilhom Aliyev va uning rafiqasini prezident Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi kuzatib qo‘ydi.

Shu bilan Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi.

Teglar

Mavzuga oid