Logo

Kibertahdidlarga qarshi yangi institut tashkil etildi

Bugun 15:152 daqiqa

O‘zbekistonda Kriptologiya, axborot xavfsizligi va innovatsion texnologiyalar instituti tashkil etildi. U kibertahdidlarga qarshi texnik vositalar ishlab chiqish, idoralarni kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish vazifalarini bajaradi.

Kibertahdidlarga qarshi yangi institut tashkil etildi © yandex maps

O‘zbekiston prezidenti 20-avgust kuni «O‘zbekiston Respublikasi Kriptologiya, axborot xavfsizligi va innovatsion texnologiyalar institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Yangi institut Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Radioelektron tizimlar va axborot texnologiyalari markazi negizida tashkil etildi. U mazkur markazning barcha huquq, majburiyat va vazifalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Institut kriptologiya, axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar, raqamli kriminalistika va boshqa zamonaviy texnologiyalar sohasidagi kadrlarni qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, u ushbu yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini tashkil etadi, davlat buyurtmalari doirasida fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etadi.

Tekshirish va sertifikatlash

Institut kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda foydalanishi cheklangan axborotni kriptografik va texnik himoya qilish vositalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish va sertifikatlash huquqiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari, jumladan muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi bo‘yicha ekspertiza o‘tkazadi.

Institut axborot tizimlari va resurslarining himoyalanganlik darajasini baholaydi, kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan tashkiliy choralar samaradorligini aniqlaydi.

Foydalanishi cheklangan axborot qayta ishlanadigan obyektlar hamda muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini axborot va kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish ham yangi institut vazifalari qatoriga kiritildi.

Xodimlari uchun imtiyozlar

Qarorga ko‘ra, institutda kriptologiya, axborotni himoya qilish va kiberxavfsizlik ixtisosliklari bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim tashkil etiladi.

Institut respublikadagi va xorijdagi ilmiy-tadqiqot hamda o‘quv muassasalarining yetakchi mutaxassislarini jalb qilishi, o‘quv-ilmiy, ilmiy-ishlab chiqarish va konsalting markazlarini tashkil etishi mumkin.

Institut xodimlari va jalb qilinadigan mutaxassislarga Toshkent viloyatidan birlamchi bozordagi uy-joyni sotib olish uchun imtiyozli ipoteka krediti ajratiladi. Dastlabki badal uy-joy qiymatining kamida 15 foizini tashkil etadi, kredit esa 20 yil muddatga beriladi.

Qaror bilan institutning budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi ham tashkil etiladi. U sertifikatlash, pullik xizmatlar, texnik vositalarni sotish va homiylik mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi.

Teglar

Mavzuga oid