Logo

O‘zbekiston davlat qarzi uch oyda 1,33 mlrd dollarga oshdi

Bugun 11:292 daqiqa

Mamlakatning davlat qarzi 48,31 mlrd dollardan oshdi. Qarzning asosiy qismi 40,71 mlrd dollari yoki 84 foizi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri kelmoqda

O‘zbekiston davlat qarzi uch oyda 1,33 mlrd dollarga oshdi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonning davlat qarzi 2026-yilning ikkinchi choragi yakunida 48,315 mlrd dollarga yetdi. Bu birinchi chorak oxiridagi 46,985 mlrd dollarga nisbatan 1,33 mlrd dollar yoki qariyb 2,8 foizga ko‘p.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, davlat qarzining 40,711 mlrd dollari tashqi qarz hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu jami davlat qarzining qariyb 84 foizini tashkil etadi.

Birinchi chorakda tashqi qarz 39,776 mlrd dollar bo‘lgan. Demak, tashqi majburiyatlar bir chorakda 935 mln dollarga ko‘paygan. Davlat qarzining dastlabki prognoz qilingan yalpi ichki mahsulotga nisbati esa 26,3 foizdan 27 foizgacha oshgan.


Qarz tarkibi o‘zgarmoqda

Tashqi qarzning 21,716 mlrd dollari qat’iy belgilangan foiz stavkasida jalb qilingan. Yana 18,728 mlrd dollar o‘zgaruvchan foiz stavkasiga ega, 266 mln dollar esa foizsiz qarz hisoblanadi.

Valuta tarkibida tashqi qarzning 38,639 mlrd dollari chet el valutasida, 2,072 mlrd dollari milliy valutada denominatsiya qilingan.

Davlat ichki qarzi ham o‘sgan. U birinchi chorakdagi 7,209 mlrd dollardan ikkinchi chorak yakunida 7,604 mlrd dollarga yetgan. Ichki qarzning jami davlat qarzidagi ulushi 15 foizdan 16 foizga ko‘tarilgan.

Ichki qarzning 5,846 mlrd dollari qat’iy foiz stavkasida jalb qilingan. Foizsiz ichki qarz hajmi esa 1,718 mlrd dollarni tashkil etgan.


Asosiy qarz uzoq muddatli

Muddatlar kesimida davlat qarzining katta qismi uzoq muddatli majburiyatlardan iborat. Tashqi qarzning 39,292 mlrd dollari bir yildan ortiq muddatda so‘ndiriladigan qarzlarga to‘g‘ri keladi. Ichki qarz bo‘yicha bu ko‘rsatkich 5,435 mlrd dollarni tashkil etgan.

Hisob-kitoblarda 2026 yil uchun dastlabki prognoz qilingan YAIM ko‘rsatkichidan foydalanilgan. Davlat qarzining YAIMga nisbati esa 27 foizga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, birinchi chorakda davlat qarzining mamlakat iqtisodiyoti — yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan ulushi 31,9 foizdan 26,6 foizgacha qisqargan edi.

Teglar

Mavzuga oid