Logo

«Davlat budjetidan umuman pul ajratilmagan»: Ipak yo‘li forumi kimning hisobidan o‘tdi?

Bugun 18:203 daqiqa

75 dan ortiq davlat vakillari yig‘ilgan «Silk Road Finance & Technology Forum»ga davlat budjetidan pul ajratilmadi. Tadbir kimlar hisobidan o‘tkazilgani va undan nimalar kutilayotgani haqida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev Vaqt.uz'ga izoh berdi.

«Davlat budjetidan umuman pul ajratilmagan»: Ipak yo‘li forumi kimning hisobidan o‘tdi?

25-avgust kuni bo‘lib o‘tgan «Silk Road Finance & Technology Forum»ni tashkil etish uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratilmagan. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev «Vaqt.uz» muxbiriga ma’lum qildi.

«Davlat budjetidan umuman pul ajratilmagan. Forumni tashkil etish uchun ishtirokchi tashkilotlar, homiylar va hamkorlar mablag‘lari jalb qilingan. Biz esa faqat muhit va muloqot uchun maydoncha yaratdik, xolos», — dedi Turdaliyev.

Uning ta’kidlashicha, forumda banklar, moliyaviy tashkilotlar, startaplar, konsalting kompaniyalari, to‘lov operatorlari va texnologik kompaniyalar o‘z mahsulotlari hamda yangi rejalarini namoyish etmoqda.

«Har bitta bank o‘zining raqamli xizmatlari bilan faxrlanib, ularni namoyish etyapti. Oldingidek faqat an’anaviy bank xizmatlari bilan ishtirok etish emas», — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda fintex xabi bo‘la oladimi?

Turdaliyevga ko‘ra, bu kabi masshtabdagi tadbirlar Markaziy bank va umuman O‘zbekiston uchun yangi tajriba hisoblanadi. Forum faqat bugungacha erishilgan natijalarni ko‘rsatish emas, balki bank-moliya sohasini yangi bosqichga olib chiqish masalalarini muhokama qilish uchun ham maydon bo‘lmoqda.

Tadbirda 75 dan ortiq davlatdan vakillar, xalqaro ekspertlar va dunyodagi yetakchi kompaniyalar qatnashmoqda.

«Bugungi kunda bu yerda raqamli texnologiyalar, fintex yo‘nalishi bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalar ishtirok etyapti. Ular bevosita hozir O‘zbekistonga kelib, O‘zbekistonda ham ancha ishlar qilinganligini, fintex sohasi bo‘yicha biz endi qadamlar bosayotgan bir paytimizda, bugungi kundagi yutuqlarimiz va oldimizga qo‘yayotgan maqsadlarimizni muhokama qilayotganimizda, bu ular uchun nihoyatda qiziq bo‘lyapti», — dedi u.

Turdaliyevga ko‘ra, bunday muloqotlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda fintex xabiga aylantirish va yangi investorlarni jalb qilishga xizmat qilishi mumkin.

Uzoq muddatli investitsiyalar kiradi

Forum O‘zbekistonga qancha investitsiya olib kelishi hozircha aniq raqamlarda baholanmagan. Biroq Markaziy bank bu kabi tadbirlar orqali qisqa muddatli kapital emas, mamlakatda bir necha yil ishlashga tayyor investorlarni jalb qilishni maqsad qilgan.

Turdaliyevning aytishicha, forum, avvalo, O‘zbekistondagi mavjud salohiyat, yaratilgan infratuzilma va davlat idoralarining moliya bozoridagi o‘zgarishlarga tayyorligini xalqaro investorlar oldida ko‘rsatish uchun maydon bo‘lmoqda.

«Bu soha bo‘yicha investorlar qisqa muddatda kapital kiritib, uch oy yoki to‘rt oy ichida foydasini olib chiqib ketadigan investorlar emas. Aksincha, ular uch-to‘rt yilga, hatto besh yilga investitsiya qiladigan kompaniyalar kelishga olib keladi. Ya’ni bu jarayon bizga qisqa muddatli emas, balki uzoq muddatli va sifatli investitsiyalar kirib kelishiga xizmat qiladi», — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Uning fikricha, investorlar O‘zbekistonni faqat 37 million aholiga ega bozor sifatida emas, balki Markaziy Osiyodagi iqtisodiy, madaniy va moliyaviy integratsiya kuchayayotgan yaxlit bozor sifatida ham ko‘rishi mumkin. Bu esa yangi hamkorlar paydo bo‘lishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Turdaliyev bunday forumlarni har yili o‘tkazish rejalashtirilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi forumlarda yanada ko‘proq investor va hamkorlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid