Logo

AQSH sudi o‘zbekistonliklarga viza berish bo‘yicha cheklovni bekor qildi

Bugun 09:582 daqiqa

Yanvar oyida joriy etilgan cheklovlar Rossiya va boshqa MDH davlatlariga ham ta’sir qilgan. Sudyaning aytishicha, Marko Rubio joriy etgan tartib «ochiqchasiga noqonuniy» bo‘lgan va immigratsiya qonunchiligiga zid kelgan.

AQSH sudi o‘zbekistonliklarga viza berish bo‘yicha cheklovni bekor qildi © Reuters

AQSHning Nyu-York shtatidagi federal sudi Donald Tramp ma’muriyati tomonidan 75 davlat fuqarolariga immigratsion viza berishni to‘xtatib qo‘yish haqidagi qarorni noqonuniy deb topdi va bekor qildi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.

Qarorni 21-avgust kuni Nyu-York janubiy okrugi sudyasi Janett Vargas chiqardi. Sudya Davlat departamenti joriy qilgan ushbu siyosat qonunga zid ekanini va AQSH davlat kotibi Marko Rubioning vakolatidan oshib ketganini bildirdi.

Vargasning so‘zlariga ko‘ra, immigratsion vizalar berilishini to‘xtatish bo‘yicha joriy etilgan tartib «ochiqchasiga noqonuniy» bo‘lgan va AQSH immigratsiya qonunchiligiga zid kelgan. Uning ta’kidlashicha, vizalarni faqat arizachining fuqaroligiga asoslanib berishni taqiqlash immigratsion vizalarni qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish talablariga zid.

Cheklovlar 2026-yil 21-yanvardan kuchga kirgan edi. AQSH Davlat departamenti ro‘yxatga kiritilgan davlatlar fuqarolariga immigratsion viza berishni, hatto ularning hujjatlari konsullik xodimlari tomonidan alohida ko‘rib chiqilgan va boshqa talablar bajarilgan bo‘lsa ham, to‘xtatib qo‘ygan edi. Ushbu ro‘yxatda O‘zbekiston ham bor edi.

AQSH hukumati bu chorani immigratsiya jarayonidagi tekshiruvlarni kuchaytirish va immigrantlarning kelajakda davlat nafaqalariga qaram bo‘lib qolish xavfini kamaytirish zarurati bilan izohlagan.

Biroq AQSH qonunchiligiga ko‘ra, shaxsning «davlatga qaram bo‘lib qolish ehtimoli» har bir holatda alohida baholanishi kerak. Bunda insonning yoshi, sog‘ligi, oilaviy ahvoli, moliyaviy holati, ma’lumoti va kasbiy ko‘nikmalari kabi omillar hisobga olinadi.

Sudya Vargasning xulosasiga ko‘ra, Davlat departamenti amalda fuqarolarning millatiga qarab immigratsion viza berishni taqiqlagan. Holbuki, qonun davlat kotibiga konsullik xodimlarining viza berish bo‘yicha qarorlariga shu tarzda aralashish vakolatini bermaydi.

Bundan tashqari, AQSH qonunchiligida immigratsion vizalar berishda shaxsning millati, tug‘ilgan joyi yoki yashash joyiga qarab kamsitish taqiqlangan.

Sud qarorida 75 ta davlatga nisbatan joriy qilingan ushbu siyosat to‘liq bekor qilindi. Shuningdek, agar vizadan voz kechish qarori faqat shu siyosatga asoslangan bo‘lsa, bunday ishlar ham qayta ko‘rib chiqilishi kerakligi belgilandi. Biroq boshqa qonuniy sabablarga ko‘ra rad etilgan vizalar ushbu qaror bilan avtomatik ravishda qayta ko‘rib chiqilmaydi.

O‘zbekistondan tashqari cheklovlar, xususan, Braziliya, Kolumbiya, Urugvay, Bosniya, Albaniya, Pokiston va Bangladesh fuqarolariga, shuningdek Afrika, Yaqin Sharq va Karib havzasidagi bir qator davlatlar fuqarolariga ta’sir qilgan. Shuningdek, MDH davlatlari — Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova ham ushbu choralar doirasiga kiritilgan. 2025-yilda AQSH Davlat departamenti 100 mingdan ortiq xorijiy vizani bekor qilgan, jumladan qariyb 8 mingta talaba vizasini. Bu 2024-yilda Jo Bayden ma’muriyati davridagi ko‘rsatkichdan ikki baravardan ham ko‘p.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp «tug‘uruq turizmi»ni taqiqlab, tug‘ilish orqali AQSH fuqaroligini olishni cheklagandi.

Teglar

Mavzuga oid