Singapur ota-onalarga farzand ko‘rish uchun 55 ming dollar taklif qilmoqda
Biroq bu pul bola tug‘ilganda birdaniga berilmaydi. Katta miqdordagi yordam naqd to‘lovlar, maqsadli jamg‘armalar va ta’lim xarajatlari ko‘rinishida 17 yilga taqsimlanadi.
© BloombergSingapur hukumati har bir fuqarosi bo‘lgan bola uchun tug‘ilishidan 17 yoshgacha qariyb 70 ming Singapur dollari miqdorida moliyaviy yordam beradi. Bu 55,1 ming AQSH dollariga teng.
Yangi yordam choralarini mamlakat bosh vaziri Lourens Vong 23-avgust kuni Milliy kun munosabati bilan qilgan murojaatida e’lon qildi. Hukumat shu orqali farzand ko‘rish va uni voyaga yetkazish xarajatlarining kattaroq qismini o‘z zimmasiga olishni rejalashtirmoqda.
Hukumat farzand ko‘rgan ota-onalar uchun pulni birdaniga naqd shaklda to‘lamaydi. Mablag‘lar bola 17 yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan davrga taqsimlanadi.
Yangi SG Child Support Package doirasidagi yordamning o‘zi 62 ming Singapur dollarigacha yetadi. U quyidagilardan iborat:
bola tug‘ilgach bir yil ichida ikki qismga bo‘lib beriladigan 10 ming Singapur dollari;
bola bir yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan davrda har yili 2 ming dollardan to‘lanadigan jami 32 ming Singapur dollari;
bolaning rivojlanish hisobvarag‘iga o‘tkaziladigan 5 ming dollarlik boshlang‘ich grant;
ota-ona shu hisobvaraqda pul jamg‘arsa, davlat tomonidan qo‘shib beriladigan 5 ming dollargacha mablag‘;
bola 17 yoshga to‘lganida uning oliy ta’lim hisobvarag‘iga o‘tkaziladigan 10 ming dollar.
Bundan tashqari, har bir chaqaloq uchun amaldagi 5 ming dollarlik tibbiy jamg‘arma hamda maktab yillarida jami qariyb 2,5 ming dollarlik ta’lim to‘lovlari saqlab qolinadi. Natijada umumiy yordam qariyb 70 ming Singapur dollariga yetadi. Rasmiy hisob-kitob shunga asoslangan.
Demak, 70 ming dollarning 42 ming dollari naqd to‘lovlardan iborat. Uning ham asosiy qismi 16 yil davomida beriladi. Qolgan mablag‘ tibbiyot va ta’lim uchun mo‘ljallangan hisobvaraqlarga o‘tkaziladi. Yana 5 ming dollarlik yordamni to‘liq olish uchun ota-onaning o‘zi ham shuncha pul jamg‘arishi kerak.
10 ming dollarlik tug‘ilish puli 2027 yil 1-apreldan keyin tug‘ilgan bolalarga beriladi. Biroq paket faqat yangi tug‘iladigan chaqaloqlar bilan cheklanmaydi. 2026 yilda 1 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan Singapur fuqarolari ham yoshiga mos to‘lovlarni oladi.
Hukumat moliyaviy yordam bilan birga ota-onalar uchun ta’tilni ham kengaytirmoqchi. Ishlaydigan ota va onaning har biri 12 yoshgacha bir nafar farzandi bo‘lsa yiliga 8 kun, ikki nafar farzandi bo‘lsa 10 kun, uch va undan ortiq farzandi bo‘lsa 12 kunlik bola parvarishi ta’tiliga ega bo‘ladi. Bu ta’til xarajatlarini davlat ish beruvchilarga to‘liq qoplab beradi.
Davlat qo‘llab-quvvatlaydigan markazlarda bog‘cha to‘lovi oyiga 150 Singapur dollarigacha, chaqaloqlar parvarishi esa 300 dollargacha tushiriladi. Hozirgi narxlarning yarmidan kam bo‘lgan yangi tariflarga 2030 yilgacha bosqichma-bosqich o‘tiladi. Farzandli oilalarga subsidiyalangan uy-joy olishda ham qo‘shimcha imkoniyat beriladi.
Bunday katta paketning sababi — Singapurdagi tug‘ilish darajasi tarixiy minimumga tushganidir. 2025 yilda mamlakatda 29,9 ming bola tug‘ilgan. Bu bir yil oldingidan 11,4 foizga kam.
Bir ayolga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha farzandlar soni esa 0,97 tadan 0,87 tagacha kamaygan. Aholi soni migratsiyasiz barqaror qolishi uchun bu ko‘rsatkich taxminan 2,1 bo‘lishi kerak. Singapur statistika departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, tug‘ilish koeffitsiyenti 1976 yildan beri eng past darajada.
Natijada mamlakat aholisi tez qarimoqda. 2025 yilda Singapur fuqarolarining 20,7 foizi 65 yoshdan katta edi. Bu ulush 2026 yilda 21 foizdan oshib, mamlakat «o‘ta qarigan jamiyat»ga aylandi. 2030 yilga borib esa har to‘rt fuqarodan biri 65 yoshdan katta bo‘lishi kutilmoqda.
Biroq ko‘proq pulning o‘zi tug‘ilish darajasini oshirishi kafolatlanmagan. Singapur «Baby Bonus» dasturini 2001 yildayoq boshlagan. Oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yillik budjet 2001—2017 yillarda 500 mln dollardan 2,5 mlrd dollargacha oshirilgan, ammo shu davrda tug‘ilish koeffitsiyenti pasayishda davom etgan.
Hukumatning o‘zi ham joriy yil fevralida avvalgi tug‘ilish pullari va ota-onalar ta’tilining tug‘ilish darajasiga ta’sirini boshqa omillardan ajratib baholash qiyinligini tan olgan.
Lourens Vong ham yangi yordamga qaramay, tug‘ilish koeffitsiyenti aholi o‘rnini to‘ldirish darajasidan ancha pastligicha qolishini aytdi.
Shu sababli Singapur ishchi kuchi va fuqarolar sonini nazorat qilinadigan immigratsiya orqali ham to‘ldirishda davom etadi. 2024 yilda mamlakat 35,3 ming kishiga doimiy yashash huquqi, yana 22,8 ming kishiga fuqarolik bergan.
Ma’lumot uchun, tug‘ilish ko‘rsatkichi O‘zbekistonda ham yildan yilga kamayib bormoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari tahlil qilinganda, 2026 yilning birinchi yarmida 373,4 mingta tug‘ilish qayd etilgani, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,9 foizga kamligi ma’lum bo‘ldi.
Yil boshida pasayish nisbatan kichikroq edi. Yanvar—mart oylarida tug‘ilishlar 3,5 foizga qisqargan bo‘lsa, aprel—iyun oylarida bu ko‘rsatkich 12,1 foizga yetdi.





