Haydovchi ayovsiz kaltaklandi, tadbirkorlikda yangi davr boshlandi, O‘zbekistonda ilk pulli yo‘l qurildi, shirinlik yegan o‘zbekistonlik kelin vafot etdi — hafta dayjesti
Hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan Vaqt.uz dayjestida tanishing.
Taksi haydovchisi kaltaklandi
Ortda qolgan haftada tarmoqlarda katta rezonansga sabab bo‘lgan mavzulardan biri poytaxtda haydovchi va 2 bolasi bilan uning mashinasiga chiqqan ayol o‘rtasidagi tortishuv bo‘ldi.
Gap shundaki, 17-avgust kuni haydovchi yo‘lovchi ayolni bolalari bilan manziliga eltib qo‘yayotgan edi. Shu payt ular o‘rtasida og‘zaki tortishuv kelib chiqqan. Biroq, vaziyat tezda jiddiylashib, ayol haydovchi yigitning «ta’zirini berish» uchun o‘zining taniqli instabloger ukasini voqea joyiga chaqirgan.
Yetib kelgan instabloger va uning tanishi haydovchini urib, haqoratlagan. Og‘ir tan jarohatlari olgan haydovchi yigit shifoxonaga yotqizilgan. Uning boshi, ko‘kragi va qornida turli jarohatlar aniqlangan.
Instablogerlar dastlab haydovchini shilqimlikda ayblab, uning videosini Instagram’ga qo‘ydi. Uning ortidan esa tarmoqlarda haydovchi tomonidan olingan video tasvirlar ham paydo bo‘ldi. Holat jiddiylashgach, bloger jamoatchilikdan yordam so‘rab chiqdi.
Holat yuzasidan ikki blogerga Jinoyat kodeksining bezorilik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.Tuhmat qilishda ayblanayotgan ayolga ham jinoyat ishi ochildi. Ayni damda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tadbirkorlikda yangi davr boshlandi
Tekshiruvchilar uchun «poyga maydoni» yopildi: endi banklar tadbirkor ortidan chopadi, davlat esa ularga yelkasini tutib beradi.
Ortda qolgan haftada prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda 25 mingdan ortiq tadbirkor bilan ochiq gaplashdi. Davlat rahbari biznes va davlat munosabatlarini «nazorat qilish»dan «hamkorlik» modeliga o‘tkazish bo‘yicha qarorlarni e’lon qildi.
Masalan, kichik biznesni asossiz tekshirishlarga 3 yillik moratoriy joriy etildi, barcha moliyaviy jarimalar miqdori 2 baravarga qisqartirildi va garov ta’minoti bo‘yicha yengilliklar berildi.
Qolaversa, biznesga raqamli texnologiyalarni joriy etish uchun «10 ming korxona uchun — sun’iy intellekt hamkor» dasturi yo‘lga qo‘yilib, xarajatlarning 50 foizi budjetdan qoplanishi aytildi. Kredit olish jarayoni raqamlashtirilib, noldan boshlanayotgan loyihalar uchun garovsiz moliyalashtirish hamda tayyor biznes-rejalar taqdim etiladigan bo‘ldi.
O‘zbekistonda ilk pulli yo‘l qurildi
Endi boshqa ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham pulli yo‘l bor. 50 daqiqalik masofadagi yo‘lni 15 minutda bosib o‘tish mumkin.
O‘zbekistonda ilk pulli magistral yo‘l foydalanishga topshirildi: «Urganch – Xiva» yo‘li orqali qatnov vaqti uch barobarga qisqaradi. O‘zbekiston rahbari Xorazmga borganida mamlakatdagi birinchi pulli magistral — 35 kilometrlik «Urganch – Xiva» avtomobil yo‘lini shaxsan o‘zi sinovdan o‘tkazdi. Yangi to‘rt tasmali yo‘l sutkasiga 30 mingdan ortiq mashinani o‘tkaza oladi.
Bu yo‘lda to‘lovlar sun’iy intellektga asoslangan tizim orqali avtomobilni to‘xtatmasdan onlayn undiriladi. Qonunchilikka ko‘ra, pulli yo‘l qatorida haydovchilar uchun muqobil bepul yo‘l ham bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonlik 19 yoshli kelinning fojiali o‘limi
Bir dona shirinlik sabab yuzaga kelgan oilaviy nizoning ayanchli o‘lim bilan tugashi mumkinligiga kim ham ishonardi? Ha, afsuski shunday bo‘ldi.
Qo‘shni Qozog‘istonda 19 yoshli Madina ismli o‘zbekistonlik ayol shirinlik ortidan kelib chiqqan janjaldan so‘ng fojiali tarzda vafot etdi. O‘limidan bir kun avval u dugonasiga SMS yozgan.
Unda yozilishicha, eri Madinani 8 oylik bolasiga deb olingan shirinlikdan atigi 1 dona yegani uchun shafqatsizlarcha kaltaklagan va qaynonasiga gap qaytarganlikda ayblab, uydan haydagan.
Madina ketish uchun dugonasidan pul so‘ragan, biroq pul topilgunicha aloqa uzilib, birozdan so‘ng uning o‘limi haqida xabar kelgan.
Marhumaning onasi bergan intervyusida qizining o‘z joniga qasd qilganiga ishonmasligi, uning tanasida ko‘karish va jarohat izlari bo‘lganini aytgan. Yaqinlariga ko‘ra, fojiadan so‘ng kuyovning oilasi hatto marhumaning shaxsiy buyumlarini ham topshirishdan bosh tortgan.
Hozirda Qozog‘iston huquq-tartibot organlari mazkur holat yuzasidan o‘z joniga qasd qilishga olib borish moddasi bo‘yicha tergov olib bormoqda, biroq marhumaning yaqinlari va dugonasi hodisani qotillik versiyasi mezonlarida ham sinchkovlik bilan tekshirishni talab qilmoqda.
Dizayn-kod joriy etilishida xatoliklar tan olindi
Ko‘plab tadbirkorlarning noroziligiga sabab bo‘lgan poytaxtdagi dizayn-kod masalasi yana ko‘tarildi. Poytaxt hokimligi 20-avgust – Tadbirkorlar kunida bayonot bilan chiqib, dizayn-kod masalasida muayyan xatolarga yo‘l qo‘yganini tan oldi.
Toshkent shahar hokimligi va Savdo-sanoat palatasi o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, tadbirkorning ko‘pchiligiga yangi talablar va hujjatlashtirish tartibi o‘z vaqtida hamda yetarlicha tushuntirilmagan.
Hokimlik bu e’tirozlarni o‘rinli deb topib, o‘z yondashuvini o‘zgartirdi. Endi bir tomonlama majburlash va ma’muriy bosim o‘rniga, biznes egalari bilan ochiq muloqot qilish, talablarni tushunarli yetkazish hamda har bir muammoli masalani individual hal etish tizimiga o‘tilmoqda.
Hozirga qadar 509 ta bino fasadi yangilangan bo‘lsa, yana 2,6 mingdan ortiq tadbirkor bu boradagi ishlarni yakunlamoqda.
Sirojiddin Odilov ishida sud tergovi qayta tiklandi
Bloger Sirojiddin Odilov ishida kutilmagan burilish: takroran sodir etilgan tovlamachilik va xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik moddalari bilan ayblanayotgan «Sirojiddin Media» nomi bilan tanilgan blogerning sud tergovi qayta tiklandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudida yuritilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi mahkama bo‘lib o‘tdi. Majlisda raislik qiluvchi sudya Sanjar Rasulov ish doirasida hali dalillarga yetarlicha baho berilmagani hamda tekshirilishi zarur bo‘lgan yangi holatlar borligini inobatga olib, sud tergovini qayta tiklash haqida ajrim chiqardi. Shu sababli ko‘pchilik kutgan yakuniy hukm e’lon qilinishi kechiktirildi va navbatdagi majlis 24-avgust kuniga belgilandi.
Oldingi mahkamada davlat ayblovchisi Odilovni 6 yilga qamashni so‘ragan edi. Huquq faollari hamda advokatlar blogerning sog‘lig‘i og‘irlashgani va qaramog‘ida voyaga yetmagan 4 bolasi borligini bildirib, qamoq ehtiyot chorasini o‘zgartirishni so‘rashgan bo‘lsa-da, sud bu iltimosnomani rad etgandi. Ish bo‘yicha yakuniy hukm qachon chiqishi navbatdagi tergov harakatlaridan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
«Real Sanjik» ishi: himoya oqlovni, prokuror hukmni o‘zgartirmaslikni so‘radi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida avtobloger va tadbirkor Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi bo‘yicha apellyatsiya instansiyasida taraflar muzokarasi yakunlandi.
Mahkamada so‘z olgan advokatlar Jinoyat kodeksining 112 va 168-moddalari bo‘yicha Karimovni mutlaqo aybsiz deb topib, oqlov hukmi chiqarishni so‘radi.
Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 273-modda bo‘yicha esa tintuv va tergov jarayonida jiddiy protsessual qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini ta’kidlab, qilmishni yengilroq 276-moddaga qayta kvalifikatsiya qilish va tayinlangan jazoni o‘zgartirishni so‘rashdi.
Davlat ayblovchisi esa himoya pozitsiyasiga e’tiroz bildirib, birinchi instansiya sudi tomonidan qo‘yilgan ayblovlar jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatmalari hamda ekspertiza xulosalari bilan to‘liq tasdiqlanganini ta’kidladi. Prokuror chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirishni, faqat uning tavsif qismida moddalarning turi va miqdoriga aniqlik kiritib qo‘yishni so‘radi.
Muzokarada uy bilan bog‘liq voqea bo‘yicha jabrlanuvchi Olimboyeva uy o‘zlariga qaytarilganini aytib, Karimovga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini bildirdi hamda suddan uni kechirishni va o‘z oilasi bag‘riga qaytishi uchun yengillik berishni so‘radi. Sanjar Karimovning o‘zi esa uyni o‘z xohishi bilan qaytargani, bu bitimda o‘zini shunchaki kreditor deb bilganini aytib, aybsizligini urg‘uladi. Sud unga yozma nutqini taqdim etish uchun muddat berdi. Keyingi majlisda sudlanuvchiga so‘nggi so‘z berilishi kutilmoqda.
Teglar






