Dollar yana rekord darajada pasaydi. Bunga sabab nima?
So‘mga nisbatan dollar kursi yana pasayib, 11 778,52 so‘mga tushdi. Bu 2023 yil 10-avgustidan beri eng past ko‘rsatkich. Joriy yilning ilk ish kunidan beri dollar 225,89 so‘mga yoki 1,9 foizga qadrsizlandi.

25-avgust kuni valuta birjasidagi savdolar yakunida dollar kursi 39,55 so‘mga yoki 0,33 foizga pasaydi. Markaziy bank 26-avgustdan amal qiladigan yangi rasmiy kursni 11 778,52 so‘m etib belgiladi.
Bu 2023 yil 10-avgustidan beri qayd etilgan eng past kurs hisoblanadi. O‘sha kuni rasmiy kurs 11 667 so‘m edi. 11-avgustda esa dollar birdaniga 408,03 so‘mga qimmatlashib, 12 075,03 so‘mga yetgan.
Yangi kurs 20-avgustda qayd etilgan avvalgi uch yillik minimum — 11 794,88 so‘mdan ham 16,36 so‘m past.
20-avgustdan keyin dollar ketma-ket ikki ish kuni qimmatlashib, 11 853,55 so‘mga yetgandi. Keyingi ikki ish kunida esa kurs 75,03 so‘mga yoki 0,63 foizga pasayib, uch yillik minimumni yana yangiladi.
Joriy yilning ilk ish kuni — 5-yanvarda rasmiy kurs 12 004,41 so‘mni tashkil etgan. Shundan beri dollar 225,89 so‘mga yoki 1,9 foizga qadrsizlandi.
Dollar kursi O‘zbekistonda qanday shakllanadi?
O‘zbekistonda rasmiy dollar kursi Respublika valuta birjasidagi savdolar asosida belgilanadi. Banklar bu yerda xorijiy valutani sotib oladi va sotadi, kurs esa talab va taklif muvozanatiga qarab shakllanadi.
Import to‘lovlari va tashqi qarzlar bo‘yicha talabning ortishi dollarni qimmatlashtirishi mumkin. Eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va aholi tomonidan banklarga valuta sotilishining ko‘payishi esa bozordagi taklifni oshiradi.
So‘m nega mustahkamlanmoqda?
Markaziy bank dollar kursining so‘nggi kunlardagi pasayishiga aynan nima sabab bo‘lganini rasman izohlagani yo‘q. Biroq ichki valuta bozori bo‘yicha yangilangan raqamlar taklif talabga qaraganda tezroq o‘sganini ko‘rsatmoqda.
2026 yilning yanvar–iyul oylarida aholi va biznesning xorijiy valutaga bo‘lgan jami talabi 38,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,7 mlrd dollar yoki 17,7 foizga ko‘p.
Shu davrda valuta taklifi 7,2 mlrd dollar yoki 28 foizga oshib, 33 mlrd dollarga yetdi. Ya’ni talab ham, taklif ham o‘sgan, biroq taklifning o‘sish sur’ati yuqoriroq bo‘lgan.
Natijada talab va taklif o‘rtasidagi farq 2025 yilning yanvar–iyulidagi 6,7 mlrd dollardan bu yil 5,2 mlrd dollargacha qisqardi.
Aholi bu davrda banklarga 14,6 mlrd dollarlik valuta sotib, 8,2 mlrd dollarlik valuta xarid qildi. Oddiy hisobda jismoniy shaxslarning sof valuta taklifi 6,4 mlrd dollarni tashkil etgan.
Pul o‘tkazmalari bo‘yicha eng so‘nggi batafsil ma’lumotlar yilning birinchi yarmiga tegishli. Yanvar–iyun oylarida xorijdan O‘zbekistonga 9,3 mlrd dollar kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,1 mlrd dollar yoki 13 foizga ko‘p.
Shu davrda O‘zbekistondan xorijga 1,3 mlrd dollar yuborilgan. Natijada xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha 8 mlrd dollarlik ijobiy saldo shakllangan.
Kelib tushgan pullarning 51,7 foizi yoki 4,8 mlrd dollari xorijdan bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri P2P o‘tkazmalar orqali yuborilgan. An’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari hissasiga 4,3 mlrd dollar, SWIFT orqali amalga oshirilgan o‘tkazmalarga esa 142 mln dollar to‘g‘ri kelgan.
Valuta taklifining talabga qaraganda tezroq o‘sishi, aholining banklarga xarid qilganidan ko‘proq valuta sotishi va pul o‘tkazmalari oqimining ko‘payishi so‘mning mustahkamlanishiga yordam berayotgan bo‘lishi mumkin.
Biroq xorijdan kelgan pulning barchasi ichki bozorda valutaga almashtiriladi degani emas. Kursning keyingi yo‘nalishi import talabi, eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va Markaziy bank operatsiyalarining qanday o‘zgarishiga bog‘liq bo‘ladi.





