Logo

ABB «Davr Bank» ulushini sotib olishni yakunladi

Bugun 11:272 daqiqa

Prezident Ilhom Aliyev Ozarbayjonning yetakchi banki ABB O‘zbekiston bozoriga kirganini ma’lum qildi.

ABB «Davr Bank» ulushini sotib olishni yakunladi © YANDEX MAPS

Ozarbayjonning mamlakatdagi eng yirik davlat banki — Ozarbayjon Xalqaro banki O‘zbekistondagi xususiy «Davr Bank»dagi ulushni sotib olish jarayonini yakunladi. Bu haqda 23-avgust kuni Toshkentga davlat tashrifi bilan kelgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyevga namoyish etilgan qo‘shma loyihalar haqidagi videorolikda ma’lum qilindi.

«Moliya sektorida Ozarbayjon Xalqaro banki «Davr Bank»dagi ulushni sotib olishni yakunladi. Bu ikki mamlakatning bank sohasidagi hamkorligida yangi bosqichni boshlab beradi», — deyiladi lavhada.

Bir kun avval ikki davlat prezidentlari Ozarbayjon kompaniyalarining O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarini ochish va ularga tamal toshi qo‘yish marosimida onlayn formatda ishtirok etgan edi. Ochilgan uchta loyihadan biri «Davr Bank» bo‘ldi.

Ilhom Aliyev OAV vakillari bilan uchrashuvda ikki davlatning bank sohasidagi hamkorligiga to‘xtalib, «Ozarbayjonning yetakchi banki O‘zbekiston bozoriga kirdi», deya ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, «Davr bank» Ozarboyjonning yirik banki bilan 51 foiz ulushini sotish bo‘yicha kelishuvga erishgandi.

«Davr bank» aksiyadorlari 8-iyun kuni bankning 51 foiz aksiyasini ABB'ga sotish bo‘yicha bitimni ma’qullagandi. Kelishuvga ko‘ra, nazorat paketi uchun 100 mln dollar to‘lanadi.

Bundan tashqari, ABB'ga keyinchalik yana 23 foiz aksiyani sotib olish imkonini beruvchi mexanizm ham ko‘zda tutilgan. Natijada Ozarbayjon bankining «Davr Bank»dagi ulushi 74 foizgacha oshishi mumkin. Biroq qo‘shimcha aksiyalar qachon va qanday narxda sotib olinishi hozircha ochiqlanmagan.

Ma’lumot uchun, «Davr bank»ka 2001 yilda asos solingan. Bank aktivlari taxminan 1 mlrd dollarga teng. Hozirda 1,4 mln nafar mijozga xizmat ko‘rsatadi va mamlakat bo‘ylab 43 ta filialga ega.

Shuningdek, bank «YeBRR», «XMK», «OTB» kabi xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qilib keladi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, uning asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlari 30–45 foizga o‘sgan.

iHamkor.uz ma’lumotlariga ko‘ra, bankning aksiyadorlari 8 nafar jismoniy shaxsdan iborat. Asosiy aksiyadorlar Lutfulla Ubayev (42 foiz) va Maxfuza Ubayeva (14,7 foiz) hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid