Logo

Bugun tunda «Tashabbusli budjet»da ovoz berish boshlanadi

Bugun 22:272 daqiqa

Ovoz berish jarayoni 31-avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi.

Bugun tunda «Tashabbusli budjet»da ovoz berish boshlanadi

Bugun, 21-avgust kuni soat 23:59 da «Tashabbusli budjet» doirasida saralashdan o‘tgan loyihalarga ovoz berish bosqichi boshlanadi. Biroq, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida ovoz berish jarayoni vaqtincha cheklab qo‘yiladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilgi 2-mavsum doirasida fuqarolar tomonidan jami 23 551 ta loyiha kelib tushgan bo‘lib, shulardan 20 254 tasi ishchi komissiyalar tomonidan saralash bosqichidan ovoz berish bosqichiga o‘tkazilgan.

Farg‘ona shahridagi cheklov sabablari

Farg‘ona shahrida ayrim loyihalar ishchi komissiya tomonidan asossiz ravishda rad etilgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan loyihalarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan so‘rov yuborilgan bo‘lsa-da, Farg‘ona shahri ishchi komissiyasi tomonidan loyihalar qayta ko‘rib chiqilishi ta’minlanmagan. Shu munosabat bilan, ishchi komissiya tomonidan loyihalar amaldagi mezonlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqilmagunga qadar Farg‘ona shahrida ovoz berish bosqichi vaqtincha cheklangan.

Respublikaning boshqa hududlarida esa ovoz berish jarayoni 31-avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi.

133 ta loyiha muddatidan oldin g‘olib deb topildi

Joriy mavsumda «Tashabbusli budjet»da sheriklik asosida g‘olib deb topilgan loyihalar soni 133 taga yetgan.

Mazkur loyihalar qiymatining 50 foizini mahalla aholisi qoplashga rozi bo‘lgani uchun ular avtomatik ravishda g‘olib, deb topildi.

Eslatib o‘tilishicha, mazkur sheriklik loyihalari bo‘yicha fuqarolar mablag‘larni 21-avgust soat 17:00 ga qadar tranzit hisobraqamlariga o‘tkazishlari lozim bo‘lgan.

Statistikaga ko‘ra, g‘olib bo‘lgan eng ko‘p sheriklik loyihalari Qashqadaryo (35 ta), Samarqand (24 ta) va Xorazm (23 ta) viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Sohalar kesimida esa asosiy ulushni elektr energiyasi (51 ta), ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish (41 ta) va ichki yo‘llarni ta’mirlash (23 ta) bilan bog‘liq loyihalar tashkil etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid