«Ularda tugamas ehtiyoj bor»: Trampning Xitoyga neft yetkazib berish haqidagi so‘zlaridan keyin narx keskin oshdi

Bugun 15:252 daqiqa

Xitoy 2025-yilda AQSH tomonidan yuqori bojlar joriy etilganidan so‘ng Amerika neftini xarid qilishni to‘liq to‘xtatgan edi.

«Ularda tugamas ehtiyoj bor»: Trampning Xitoyga neft yetkazib berish haqidagi so‘zlaridan keyin narx keskin oshdi © Getty Images

Neft narxlari AQSH prezidenti Donald Trampning Xitoy Amerika neftini qayta sotib olishga rozi bo‘lgani haqidagi bayonotidan keyin o‘sishga o‘tdi. Pekin tomonidan kelishuv rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, investorlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo munosabatlari yaxshilanishiga umid qilmoqda.


Tramp: Ular Texasga boradi

Bugun, 15-may kuni global etalon hisoblangan «Brent» nefti fyucherslari 1,4 foizga qimmatlashib, bir barrel uchun 107 dollardan oshdi. Amerika nefti – «West Texas Intermediate» (WTI) kontraktlari esa 1,5 foizga o‘sib, 102 dollardan yuqoriga ko‘tarildi.

«Fox News» telekanaliga Si Jinping bilan uchrashuvdan keyin bergan intervyusida Tramp shunday dedi:

«Ular [Xitoy] rozi bo‘ldi, ular AQSHdan neft sotib olishni xohlayapti. Ular Texasga boradi, biz xitoy kemalarini Texas, Luiziana va Alyaskaga yuborishni boshlaymiz». AQSH prezidenti Xitoy Amerikadan suyultirilgan tabiiy gaz ham sotib olishi mumkinligiga ishora qildi. «Gap shundaki, ularga energiya juda kerak. Ularda energiyaga nisbatan to‘ymas ehtiyoj bor, bizda esa cheklanmagan energiya mavjud», – deydi Tramp.

Bu nima uchun muhim?

2025-yil may oyidan beri Xitoy savdo urushi doirasida joriy etilgan 20 foizlik bojlar sabab AQSH neftini xarid qilishni to‘liq to‘xtatgan edi. «Reuters» ta’kidlashicha, yetkazib berishni keng ko‘lamda qayta tiklash uchun ushbu savdo to‘siqlarini bekor qilish majburiy shart hisoblanadi.

Agentlik qayd etishicha, AQSH tarixan dunyodagi eng yirik neft importchisi bo‘lgan Xitoy uchun hech qachon asosiy xomashyo yetkazib beruvchi bo‘lmagan. Hatto 2020-yildagi eng yuqori nuqtada ham Amerika nefti eksporti kuniga atigi 395 ming barrelga yetgan – bu Xitoy umumiy importining 4 foizidan ham kam.

2024-yilda esa, Donald Tramp Oq uyga qaytishidan oldin ham, bu ko‘rsatkich kuniga 193 ming barrelgacha tushib ketgan. Pul hisobida bu taxminan 6 milliard dollarga teng bo‘lgan.

Narxlarga yana nima ta’sir qilmoqda?

Neft narxlarini Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida saqlanib qolayotgan keskinlik ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Hozirda to‘sib qo‘yilgan mazkur bo‘g‘oz Fors ko‘rfazidan jahon okeaniga chiqish yo‘li hisoblanadi va Eron bilan urushgacha dengiz orqali neft tashishning qariyb beshdan bir qismi shu yerdan o‘tardi.

Eron islom inqilobi muhofizlari 13-may kechqurundan beri 30 ta kema bo‘g‘ozdan o‘tganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, «Reuters» yozishicha, bu hajm urushdan oldingi kunlik 140 ta kema darajasidan ancha past.
«Haitong Futures» tahlilchisi Yang Anning fikricha, energiya resurslari narxining yuqori bo‘lib turishida asosiy omil taklifning cheklanganligidir.

«Kecha neft narxlari bir necha marta o‘zgardi, ammo baribir kunlik maksimumga yaqin darajada yopildi», – dedi u.

Ekspertga ko‘ra, bo‘g‘oz orqali bir nechta kemaning o‘tishi bozor xavotirlarini biroz yumshatgan, ammo bu taklif tanqisligi sabab shakllangan kuchli trendni o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lmagan.

Teglar

Mavzuga oid