Vazirlik va hokimliklar «yashil reyting» orqali baholanadi
Yangi tartibga ko‘ra, vazirlik va hokimliklar resurslardan foydalanish samaradorligi hamda ekologik tashabbuslari bo‘yicha maxsus «yashil reyting» orqali baholanadi.
© Ekologiya vazirligiO‘zbekistonda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ekologik samaradorligini baholashga qaratilgan yangi tizim joriy etilishi mumkin. Bu Vazirlar Mahkamasining muhokamaga qo‘yilgan qarori loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, vazirliklar, idoralar va hokimliklar resurslardan oqilona foydalanish, energiya tejamkorligini ta’minlash hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi natijalari asosida maxsus «yashil reyting» bo‘yicha baholanadi.
Tizimni yuritish vazifasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga yuklatilishi rejalashtirilgan. Baholash natijalari har yili qo‘mitaning rasmiy veb-sayti hamda greencities.uz elektron platformasida e’lon qilib boriladi.
«Yashil ofis» tamoyili
Loyihada davlat idoralarida «yashil ofis» tamoyillarini keng joriy etish ko‘zda tutilgan. Jumladan, qog‘oz sarfini qisqartirish, elektron hujjat aylanmasini kengaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, chiqindilarni saralash hamda suv va energiyani tejovchi texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha choralar belgilanmoqda.
Shuningdek, ekologik tashabbuslarda faol qatnashgan xodimlarni rag‘batlantirish, ekologik ko‘rsatkichlarni tashkilotlar samaradorligini baholash mezonlariga kiritish va har yillik «yashil hisobot» tayyorlash taklif qilingan.
Baholash mezonlari
Qaror loyihasiga muvofiq, davlat organlarining ekologik samaradorligi bir nechta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholanadi:
Tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligi,
Suv va energiya tejamkorligi,
Chiqindilarni boshqarish,
«Yashil iqtisodiyot» tamoyillarini joriy etish,
Ekologik targ‘ibot ishlari va raqamli texnologiyalardan foydalanish kiradi.
Reyting yakunlariga ko‘ra davlat tashkilotlari yuqori, o‘rtacha va past samaradorlik toifalariga ajratiladi. Tashabbus davlat idoralarida ekologik mas’uliyatni kuchaytirish va barqaror rivojlanish tamoyillarini keng tatbiq etishga xizmat qilishi kutilmoqda.





