add

1-dekabrdan o‘zbekistonliklar hayotida qanday muhim o‘zgarishlar yuz beradi?

28.11.2025 | 22:2516144 daqiqa

Dekabr oyidan boshlab O‘zbekistonda nikoh, yonilg‘i, ekologiya, seysmik xavfsizlik, tadbirkorlik va notarial sohalarda yangi tartiblar joriy etiladi.



Nikohni rasmiylashtirishda tibbiy ma’lumotnoma ko‘rsatish talabi bekor qilinmoqda

Prezidentning byurokratik tartiblarni qisqartirishni nazarda tutuvchi farmoniga muvofiq, 1-dekabrdan idoralararo axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali nikoh tuzilgani va nikohdan ajratilganlik to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvlarini shakllantirishda quyidagi hujjatlarni taqdim etish talabi bekor qilinadi:

— nikohni rasmiylashtirishda FHDY organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslarning salomatligi to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma taqdim qilish;

— nikohdan sud qarori asosida ajratilganda, tegishli dalolatnoma yozuvini shakllantirish uchun FHDY organlariga sud qarorini taqdim etish.

O‘zbekistonda 1-dekabrdan boshlab AI-80 benzini sotuvi to‘xtatiladi

2025 yil 1-dekabrdan O‘zbekistonda AI-80 markali benzin sotilishining oldini olinadi. Aholini sifatli va ekologik toza yonilg‘i bilan ta’minlagan holda Ai-80 benzinini AYQSHlarda sotishni oldini olish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatiladi. Bunga mas’ul etib Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Ekologiya qo‘mitasi tayinlangan.

Ekologiya bo‘yicha ma’lumotlar ochiq bo‘ladi

O‘zbekiston Orxus konvensiyasiga qo‘shilganligi munosabati bilan 2025 yil 1-dekabrdan boshlab atrof-muhit monitoringiga oid ochiq ma’lumotlar bazasi jamoatchilikka taqdim etiladi. Bu bazada daraxt ekish, chiqindilarni qayta ishlash, qonun buzilish holatlari va boshqa muhim ekologik ma’lumotlar joylashtiriladi.

Ma’lumot uchun, may oyida Shavkat Mirziyoyev tomonidan «2030 yilgacha aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi» tasdiqlangandi.

Unga ko‘ra, hujjatda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 3,3 mln nafar tarbiyalanuvchi, umumiy o‘rta ta’limda esa 4,2 mln o‘quvchiga ekologik tarbiya berish asosiy maqsad qilib belgilangan.

Onlayn seysmologik platforma ishga tushadi

Prezidentning oktabrdagi farmoni bilan seysmik xavfsizlikni ta’minlash va seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Unga muvofiq, 2025 yil 1-dekabrdan yildan boshlab yagona tizim asosida seysmologik onlayn platforma raqamlashtirish bilan ishga tushiriladi:

— mintaqaviy akselerogrammalar ehtimoliy zilzilalar bazasi;

— ilmiy tahlil asosida respublika hududlarini seysmik xavf darajasi bo‘yicha tasniflashni nazarda tutuvchi umumiy seysmik va batafsil rayonlashtirish xaritalari;

— mikrorayonlashtirish xaritalari tuman va shahar markazlari makroseysmik ballar va eng yuqori tezlanishlarda;

— respublikadagi mavjud xaritalar faol tektonik uzilmalar.

Tadbirkorlarga qo‘shimcha kafolat va kafilliklar taqdim etiladi

Prezidentning sentabrdagi farmoni bilan, 2026-2027 yillarda «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» tomonidan 4 trillion so‘mlik moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish orqali 5 mingta tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish belgilangan.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1-dekabrdan kompaniya tomonidan quyidagi shartlarda qo‘shimcha ravishda kafolat yoki kafillik taqdim etiladi:

— yirik tadbirkorlarga 10 mlrd so‘mgacha, biroq kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarning 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda;

— o‘rta va yirik tadbirkorlarning ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishidagi yirik loyihalariga ularning aylanmasidan kelib chiqib, 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan miqdorda;

— avval kafillikdan ijobiy foydalangan va yaxshi kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlarga amalda belgilangan kafillik miqdorini 1,5 baravargacha oshirgan holda;

Shuningdek, kelgusi yil boshidan olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan kichik va o‘rta tadbirkorlarga ajratilgan kreditlarning mos ravishda 1,5 mlrd so‘mgacha va 5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan qismini Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkasigacha qayta moliyalashtirish orqali kompensatsiya taqdim etilishi nazarda tutilgan.

Notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalari aslini notariusga taqdim etish talab qilinmaydi

«Notariat institutini yanada rivojlantirish va sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori bilan notarial xizmatlar ko‘rsatishda bir qator talablar bekor qilindi.

Xususan, 2025 yil 1-dekabrdan respublikada notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalari nusxasini «Notarius» axborot tizimiga majburiy yuklash tartibi joriy etiladi hamda ularning aslini notariusga taqdim etish talab qilinmaydi. Bunda notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuvlar elektron qurilmalarda saqlanadi hamda ularni Tizimda to‘g‘ridan-to‘g‘ri notarial harakatga biriktirish va saqlash imkoniyati yaratiladi.

NNTlar elektron idoralararo hamkorlikni amalga oshiradi

2025 yil 1-dekabrdan boshlab nodavlat notijorat tashkilotlariga «Raqamli hukumat» tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali belgilangan tartibda elektron idoralararo hamkorlikni amalga oshirishga ruxsat beriladi. Shuningdek, 2026 yil 1-dekabrga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi «Raqamli hukumat» tizimining OASIS (O‘zbekiston axborot sistemalarining integratsion servisi) yagona raqamli platformasini ishlab chiqishi kerak. U quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladi:

-       davlat axborot tizimlarini yaratish va rivojlantirishda yagona texnologik yondashuvni ta’minlash;

-       modullarga asoslangan texnologiyalar yordamida axborot tizimlarini yaratish jarayonlarini maqbullashtirish;

-       davlat axborot tizimlarining moslashuvchanligi, xavfsizligi va samaradorligini oshirish.

Zilzila kuchini ko‘rsatadigan akselerogrammadan foydalaniladi

2025 yil 1-dekabrdan loyihalash jarayonida hududlarning zilzila kuchini ko‘rsatadigan akselerogramma bazalari qo‘llaniladi. Shuningdek, bir xil loyiha seriyasiga bir marta to‘lov asosida xulosa beriladi, shu turdagi qolgan loyihalar uchun alohida to‘lov olinmaydi.

Teglar

Baxtiyor To‘xtayev

Baxtiyor To‘xtayevMaqolalar soni: 3

Barchasi

Mavzuga oid