add

Kimga aza, kimga to‘y: Eron inqirozi ortidagi katta o‘yinlar

Bugun 19:206 daqiqa

Eronda barchasi ortda qolgan, namoyishlar bostirilgandek tuyulgandi. Biroq G‘arb tinchigani yo‘q. Tramp respublikaga qarshi maqsadli harbiy hujum uyushtirishga tayyorlanmoqda. Yevropa Ittifoqi esa mamlakatga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etyapti. Xo‘sh, bu og‘ir damlarda eronliklarni nimalar kutyapti?

Kimga aza, kimga to‘y: Eron inqirozi ortidagi katta o‘yinlar © Foto: trtrussian.com

Inflatsiyadan namoyishlargacha

2025 yil dekabr oyi oxirida Eronda ommaviy norozilik namoyishlari avj oldi. Aholi og‘ir iqtisodiy inqiroz sababli ko‘chalarga chiqishga majbur bo‘ldi. Yillik inflatsiya darajasi 42 foizdan oshdi. Kuzda esa bu ko‘rsatkich hatto 48,6 foizga yetgan edi. Milliy valuta rekord darajada qadrsizlanib, 1 AQSH dollari taxminan 1,4 million rialni tashkil qildi.

«Eron iqtisodiyoti — bu shunchaki mavhum makroko‘rsatkichlar emas, balki pullar o‘z qadrini yo‘qotayotganiga guvoh bo‘layotgan millionlab odamlarning kundalik haqiqatidir. Ish haqi qo‘lga tegmasdanoq qadrsizlanib bormoqda. Odamlar barter usuliga, dollar va oltin jamg‘arishga o‘tmoqda. Mablag‘ni milliy valutada saqlashdan ma’no qolmadi», — deydi TRT suhbatdoshi.

Narxlarning keskin oshishi va devalvatsiya tartibsizliklarga turtki berdi. Sanoqli kunlar ichida iqtisodiy shiorlar siyosiy tus oldi. Namoyishchilarning g‘azabi Eron oliy diniy rahbari Ali Xominaiyga qaratildi. Bunga javoban hukumat xavfsizlik choralarini kuchaytirdi.

«Eronni yana buyuk qilamiz!»

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyonning fikricha, keskinlik mamlakat tashqarisidan turib kuchaytirilgan va odamlar ataylab «provokatsiya qilingan». Uning so‘zlariga ko‘ra, ig‘vogarlar orasida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va G‘arb yetakchilari bor. Xususan, Donald Tramp olovga moy sepishda faollik ko‘rsatgan. AQSH rahbari eronliklarni namoyishlarni davom ettirishga bir necha bor chaqirgan.

«Davlat idoralarini egallang. Qotil va zo‘ravonlarning ismlarini saqlab qo‘ying. Ular buning uchun javob beradi. Men namoyishchilarning ma’nosiz o‘ldirilishi to‘xtamaguncha Eron rasmiylari bilan barcha uchrashuvlarni bekor qildim. Yordam yo‘lda! Eronni yana buyuk qilamiz!» — deb bayonot berdi Tramp.

Shunga qaramay, respublika hukumati noroziliklarni bostirishga muvaffaq bo‘ldi. Eron Tashqi ishlari vaziri Abbos Aroqchining ma’lum qilishicha, tartibsizliklar davomida mamlakatda «2427 nafar tinch aholi va xavfsizlik kuchlari xodimlari, shuningdek, 690 nafar terrorchi halok bo‘lgan».

Soo‘nggi kunlarda mamlakatdagi vaziyat barqarorlashgan bo‘lsa-da, AQSH va Yevropa Ittifoqi tinchigani yo‘q. Oq uyga yaqin CNN manbalarining xabar berishicha, Donald Tramp yana Eronga hujum qilishni rejalashtirmoqda. Variantlardan biri — namoyishlarni bostirishga mas’ul bo‘lgan kuch tuzilmalari va mamlakat rahbariyatiga zarba berishdir. Shuningdek, yadroviy obyektlar va davlat idoralarini nishonga olish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Reuters agentligining yozishicha, Trampning hozirgi maqsadi — Eronda hokimiyatni almashtirish. Shu bilan birga, agentlik xabariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Eronga qarshi yangi sanksiyalarni qabul qilgan. Navbatdagi cheklovlar «namoyishchilarni shafqatsizlarcha bostirish va Rossiyani qo‘llab-quvvatlash»ga aloqador jismoniy va yuridik shaxslarga qaratilgan.

Eski hammom, eski tos

Sanksiyalar G‘arbning sevimli bosim o‘tkazish vositasi hisoblanadi. Biroq Eron bunga o‘rganib qolgan. 2006–2010 yillarda yadro dasturini rivojlantirgani uchun mamlakatga nisbatan xalqaro cheklovlar joriy etilgan edi. Keyinchalik mamlakat SWIFT xalqaro moliya tizimidan uzib qo‘yildi. Bundan tashqari, Eronning asosiy eksport mahsuloti bo‘lgan neftga ham embargo qo‘yildi. Bunday keskin choralar mamlakat iqtisodiyotiga darhol ta’sir ko‘rsatdi. «Qora oltin» savdosidan keladigan daromadlar keskin kamaydi, rial kursi esa quladi.

Shundan so‘ng biroz tin olish davri bo‘ldi. Eronga 2015 yilda yadroviy kelishuvga erishish nasib qildi. O‘shanda sanksiyalarning bir qismi bekor qilindi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) darhol o‘sishni boshladi. Ammo bu uzoqqa cho‘zilmadi. Uch yil o‘tib — Trampning birinchi prezidentligi davrida — AQSH sanksiyalarni yana kuchaytirdi. Va barchasi yana eski holiga qaytdi. 2020 yilga kelib mamlakatda inflatsiya darajasi yana ikki xonali songa yetdi, ishsizlik ortdi, milliy valuta esa devalvatsiyaga uchradi.

Bunday sharoitda Eron hukumati import o‘rnini bosishga e’tibor qaratdi va savdoni Sharq bozorlariga yo‘naltirdi. Shunga qaramay, eksport hajmi sezilarli darajada kamaydi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, Eronning hozirgi iqtisodiy inqirozi deyarli to‘liq moliyaviy yakkalanish oqibatidir. Mamlakat xalqaro hisob-kitoblardan uzib qo‘yildi, zaxiralari muzlatildi va neftni erkin sotish imkoniyatidan mahrum qilindi. Eksport «kulrang» sxemalar orqali juda katta chegirmalar bilan amalga oshirilmoqda. Asosan — Xitoyga. Budjetdagi «tuynuklar» pul bosib chiqarish hisobiga yopilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, inflatsiyani yanada kuchaytiryapti. Oziq-ovqat inflatsiyasi yiliga 70 foizga yetdi. Bundan tashqari, kapitalning ommaviy chiqib ketishi kuzatilmoqda — oxirgi bir yilda mamlakatdan turli hisob-kitoblarga ko‘ra 15–20 milliard dollar olib chiqib ketilgan. Aholining rialga bo‘lgan ishonchi butunlay yo‘qolgan.

Eron iqtisodiyotini nimalar kutyapti?

Hozirda ekspertlar Eron iqtisodiyoti rivojining bir necha ssenariylarini taxmin qilmoqda. Ulardan nisbatan yengilrog‘i — keskin qulashlarsiz davom etadigan uzoq muddatli turg‘unlikdir. «Hukumat nazoratini saqlab qoladi, norozilik kayfiyati so‘nadi, iqtisodiyot surunkali inqiroz rejimida yashashda davom etadi. Bunday holatda rial 1 dollarga nisbatan 1,2–1,3 million oralig‘ida saqlanib qolishi mumkin. Inflatsiya 40–50 foiz darajasida qoladi, YAIM esa, Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, yana 2–3 foizga qisqaradi», — deydi 5D Consulting asoschisi Olesya Shevsova TRT nashriga.

Eron, shuningdek, Xitoy orqali neft eksport qilishni davom ettiradi. Ekspertlarning baholashicha, barqaror vaziyatda Brent markali neftning global narxi bir barrel uchun 60–65 dollar atrofida bo‘ladi. Biroq vaziyatning keskinlashishini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Ali Xominaiy, agar AQSH Eronga zarba bersa, bu mintaqaviy darajadagi mojaroga aylanadi, deb bayonot bergan.

Ushbu holatda rial 1 dollar uchun 2–2,5 milliongacha qadrsizlanadi. Inflatsiya 80–100 foizni tashkil qiladi. Eron iqtisodiyotining pasayishi esa 4–6 foizga yetadi. «Bunday ssenariyda neft eksporti 30–50 foizga kamayadi. Kuchli taranglik saqlanib qolgan taqdirda, neft narxi yil oxiriga kelib bir barrel uchun 85–91 dollargacha ko‘tarilishi mumkin», — deydi mutaxassis.

Voqealar rivojining eng keskin varianti — jahon neft yetkazib berish hajmining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Hurmuz bo‘g‘ozining blokada qilinishidir. Bunday vaziyatda «qora oltin» narxi dastlabki kunlardayoq 100–150 dollargacha, blokada bir oy davom etgan taqdirda esa 250–350 dollargacha ko‘tarilib ketishi mumkin.

Kimlar yutadi-yu, kimlar yutqazadi?

Shuncha voqealarga qaramay, jahon bozorlari Eron inqirozini bosiqlik bilan qarshi oldi. Neftning har bir barreli uchun xavf mukofoti (risk premium) atigi 4 dollar atrofida baholanmoqda. Investorlar mojaroning keng ko‘lamli tus olishiga ishonishmayapti. Buning ustiga, uglevodorod bozorida ortiqcha taklif bo‘lishi kutilmoqda. 2026 yilga kelib taklif hajmi sutkasiga 3 million barreldan oshib ketishi mumkin. Qolaversa, Eron nefti o‘rnini OPEK davlatlari bemalol to‘ldira oladi.

«Ammo haqiqiy keskinlashuv yuz bersa, xavf-xatarlar bir zumda qayta baholanadi. Narxlar bir necha kun ichida 10–20 dollarga ko‘tarilishini taxmin qilish mumkin», — deya davom etadi Shevsova.

Gap shundaki, Saudiya Arabistoni va BAA orqali o‘tuvchi muqobil yo‘nalishlar Hurmuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib beriladigan neft yo‘qotishlarining faqat uchdan bir qisminigina qoplay oladi, xolos.

Biroq, kimdir yutqazgan joyda, boshqa birov albatta yutadi. Bu vaziyatdan eng yirik neft eksportchilari — Saudiya Arabistoni, BAA va Rossiya katta foyda ko‘radi. Ularning daromadlari 20–40 foizga oshishi mumkin. Shuningdek, suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqaruvchilar ham foyda ko‘radi. Mag‘lublar esa — import qiluvchi davlatlar bo‘ladi. Masalan, Xitoy arzon Eron neftidan mahrum bo‘ladi va oyiga 3–6 milliard dollar zarar ko‘radi. Hindiston, Yaponiya va Janubiy Koreya xarajatlarning 10–25 foizga ortishiga duch keladi. Yevropada esa inflatsiya yana 1–2 foiz punktiga tezlashadi.

Eng katta zarbani rivojlanayotgan davlat iqtisodiyotlari oladi. Import to‘lovlarining 30–50 foizga o‘sishi valuta va qarz inqirozlarini keltirib chiqarishi mumkin.

Shunday qilib, Eron inqirozi jahon iqtisodiyoti naqadar mo‘rt ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Dunyo hamon Hurmuz bo‘g‘ozi kabi strategik nuqtalarga qattiq bog‘liqligicha qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid