«Asterium» kripto-birjasi haqida nimalarni bilasiz?
«ASTERIUM» AJga tegishli bo‘lgan ushbu platforma O‘zbekistonda rasmiy litsenziya asosida faoliyat yuritayotgan uchta kripto-birjadan biri hisoblanadi. 2025 yilning 15-aprelida litsenziya olgan «Asterium» mamlakatdagi ilk to‘liq kripto-ekosistemani taqdim etdi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA/NAPP) ma’lumotlariga ko‘ra, «Asterium» respublikada ro‘yxatdan o‘tgan uchinchi kripto-birja bo‘ldi. Unga qadar bozorda faqat «Kobea Group» va «Coinpay» kompaniyalari mavjud edi. Mazkur birjaning o‘ziga xosligi shundaki, u bir vaqtning o‘zida uchta yo‘nalish: kripto-birja, kripto-depozitariy va kripto-do‘kon bo‘yicha litsenziyaga ega yagona mahalliy platformadir.
Yagona davlat korxonalar reyestriga ko‘ra, «ASTERIUM» AJning 100 foiz ulushiga Sanjar Yuldashevich Mahmudov egalik qiladi. Korxonaning ustav fondi 85 mlrd 667 mln so‘mni tashkil etib, direktorlik lavozimida Komilxo‘ja Sultonov faoliyat yuritmoqda. Kompaniya rahbariyati asosiy e’tiborni xorijiy platformalarga ehtiyoj qoldirmaydigan, barcha operatsiyalarni bitta mobil ilovada birlashtirgan milliy mahsulot yaratishga qaratgan.
Bir tizimda savdo, hamyon va to‘lovlar
Platforma O‘zbekiston bozori uchun noyob hisoblanadi, chunki spot savdosiga nafaqat veb-interfeys, balki mobil ilova orqali ham kirish imkoniyatini beradi. Foydalanuvchi platformaning mahsulotlari o‘rtasida aktivlarni komissiyasiz o‘tkaza oladi, ya’ni savdo qilish, hamyondagi mablag‘larni almashtirish va kripto-karta orqali to‘lov amalga oshirish bitta tizim doirasida ishlaydi.
«Asterium kripto-birjasini O‘zbekistonda kripto-aktivlar bilan ishlash uchun tushunarli va qonuniy xizmat sifatida ochdik. Bu mahalliy kripto-infratuzilmaning bir qismi: savdo, hamyon, kartalar va boshqa xizmatlar birlashtirilgan bitta mahsulot. Foydalanuvchiga xorijiy platformalarga murojaat qilish shart emas, barcha asosiy operatsiyalar mobil ilova va veb-versiya orqali o‘zimizda mavjud», deydi «Asterium» bosh direktori Komilxo‘ja Sultonov platforma haqida.
Kripto-kartalar va hamyon to‘ldirish
«Asterium» o‘z foydalanuvchilariga kundalik moliyaviy operatsiyalar uchun bir nechta kripto-karta taklif etadi. Kompaniya bir vaqtning o‘zida xalqaro va milliy to‘lov tizimlari asosida uchta karta ishga tushirganligini e’lon qilgan
VISA Platinum (kripto-aktivlarga bog‘liq virtual karta) — 200 dan ortiq mamlakat va hududlarda onlayn to‘lovlar va o‘tkazmalar uchun;
HUMO Daily (jismoniy kripto-karta) — oflayn xaridlar va o‘tkazmalar uchun qulay;
HUMO Daily Virtual (virtual kripto-karta) — xavfsiz onlayn to‘lovlar uchun optimal vosita.
Hamyonni to‘ldirish imkoniyati ham kengaytirilgan. «Paynet» bilan hamkorlik tufayli «Asterium» kripto-hamyonini butun mamlakat bo‘ylab, Toshkentdan Nukusgacha istalgan qulay joyda to‘ldirish mumkin. «Paynet» tarmog‘ida 25 mingdan ortiq nuqta mavjud bo‘lib, to‘ldirish naqd va naqdsiz shaklda, kuniga ming so‘mdan 12,5 mln so‘mgacha miqdorda amalga oshirilishi mumkin.





