Budjetni taqsimlashning 50/30/20 metodi qanday ishlaydi?

Bugun 19:554 daqiqa

Xarajatlarni rejalashtirish — moliyaviy mustaqillikning asosiy qoidalaridan biridir. Agar o‘z xarajatlaringizga ongli ravishda yondashsangiz, pullar havoga uchib ketmaydi. Moliyaviy holatni tartibga solishga imkon beruvchi budjetni taqsimlashning bir nechta metodlari mavjud. Quyida ularning eng ommaboplaridan biri — 50/30/20 metodi haqida so‘zlab beramiz.

50/30/20 metodining mohiyati nimada?

Budjetni taqsimlashning 50/30/20 metodi shuni nazarda tutadiki, daromad olganingizda avval soliqlar uchun pul olib qo‘yasiz, qolganini esa uch qismga bo‘lasiz.

Birinchi qism: daromadning 50 foizi — majburiy xarajatlar uchun. Bularsiz yashab bo‘lmaydigan xarajatlardir. Agar ularning birortasidan voz kechilsa, hayot darajasi sezilarli darajada pasayadi. Majburiy xarajatlar — bu:

·       uy-joy uchun to‘lov — ijara yoki ipoteka;

·       kommunal xizmatlar, shu jumladan aloqa va Internet;

·       jamoat transportida yurish yoki shaxsiy mashina ta’minoti;

·       oziq-ovqat, kiyim-kechak va zarur dori-darmonlar;

·       qarzdorliklarni uzish.

Agar ushbu toifadagi xarajatlar daromadning 50 foizidan oshib ketsa, daromadni oshirish yo‘llarini izlash kerak. Masalan, malakani oshirish, kasbni o‘zgartirish, qo‘shimcha ish olish yoki ish haqini oshirishni so‘rash lozim.

Ikkinchi qism: daromadning 30 foizi — istalgan xaridlar uchun. Bular ijobiy hissiyotlar keltiradigan, lekin hayotiy zarur bo‘lmagan xaridlardir. Agar bunday xarajatlardan voz kechilsa, hayot darajasi u qadar pasaymaydi. Istalgan xaridlar — bu:

·       ko‘ngilochar tadbirlar — kino, teatrlar, seriallarga obunalar;

·       uydan tashqaridagi taomlanish — restoranlar, kafelar, o‘zingiz bilan olinadigan kofe;

·       parvarish muolajalari;

·       sayohatlar;

·       hobbi;

·       qimmatbaho kiyim-kechak va texnika.

Ushbu xarajatlarning barchasi hayotdan zavqlanishga yordam beradi, biroq zavq-shavq uchun haddan tashqari ko‘p pul sarflamaslik uchun bu mablag‘ daromadning 30 foiziga sig‘ishi kerak.

Uchinchi qism: daromadning 20 foizi — kelajak uchun. Xarajatlarning ushbu qismi o‘zingiz haqingizda qayg‘urish uchun mo‘ljallangan. Metod mualliflarining fikricha, hozir qancha ko‘p jamg‘arilsa, keyinchalik shunchalik oson bo‘ladi. Bu toifaga quyidagilar kiradi:

·       investitsiyalar;

·       pensiyani shakllantirish;

·       har ehtimolga qarshi zaxira («qora kunga») — undan faqat favqulodda vaziyatlarda foydalanish mumkin;

·       yirik xaridlar uchun jamg‘arma — shaxsiy uy-joy yoki bolalar ta’limi uchun.

Agar har oy daromadning 20 foizi olib qo‘yilsa, bu moliyaviy stressni kamaytiradi: kelajakka ishonch beradi, inqirozlarni yengib o‘tishga yordam beradi va kutilmagan xarajatlarga tayyorlaydi.

Misol uchun: agar siz oyiga 7 000 000 so‘m ishlab topsangiz, xarajatlar tuzilmasi quyidagicha bo‘ladi: 3 500 000 so‘m majburiy xarajatlarga, 2 100 000 so‘m «xohishlar»ga va 1 400 000 so‘m moliyaviy erkinlikka yaqinlashish uchun.

 

50/30/20 metodining o‘ziga xos xususiyatlari

Pullar faqat budjet to‘lovlaridan keyingina qismlarga taqsimlanadi. Metod mualliflari avval davlat bilan hisob-kitob qilish kerak deb hisoblashadi. Shuning uchun birinchi navbatda daromaddan soliqlarni ayirib tashlaymiz, so‘ngra uch qismga taqsimlaymiz. Agar siz yakka tartibdagi tadbirkor (YTT) bo‘lsangiz, soliqlar bilan birga majburiy badallarni ham ayirib tashlash kerak.

Usulning asosiy mezoni — hayot darajasini subyektiv his qilishdir. Xarajatni qaysi toifaga kiritishni o‘zingiz hal qilasiz. Agar biror xarajatsiz hayot noqulay bo‘lib qolsa, demak bu ko‘proq majburiy xarajatlarga kiradi. Masalan, agar inson trenajyor zalisiz yashay olmasa, bu holatda fitnes uchun xarajatlar majburiy xarajatlarga tegishli bo‘ladi.

Pul yetmasligi mumkin. Xarajatlarning bir qismi belgilangan limitdan ancha chiqib ketadigan vaziyatlar bo‘ladi. Masalan, majburiy xarajatlar daromadning 75 foizini tashkil qiladi. Bu holatda taftish o‘tkazish kerak: ehtimol, siz haddan tashqari qimmat uyni ijaraga olayotgandirsiz yoki avtobusda yurish mumkin bo‘lgan joyga tez-tez taksida borayotgandirsiz. Ba’zan xarajatlarni qisqartirish mumkin, agar buning iloji bo‘lmasa, daromadni oshirish yo‘llarini izlash yoki qismlar proporsiyasini o‘zgartirishga harakat qilish kerak.

Qismlar proporsiyasini o‘zgartirish mumkin. Agar daromad hozircha kichik bo‘lsa, majburiy xarajatlarga yarmidan ko‘p mablag‘ ketishi, kelajak uchun esa umuman hech narsa qolmasligi normal holat. Va aksincha: agar millionerga aylangan bo‘lsangiz, uy-joy uchun daromadning kamida 50 foizini sarflash maqsadida qasrga ko‘chib o‘tish shart emas.

Usul — davo (panatseya) emas. Bu budjetni nazorat qilish va impulsiv (o‘ylamasdan qilinadigan) xaridlarga yo‘l qo‘ymaslik usullaridan biri xolos. Bunday metodlarning o‘nlab turlari mavjud, shuning uchun mosini tanlash uchun bir nechtasini sinab ko‘rish va solishtirish kerak.

 

Eng asosiysi

50/30/20 usuli budjetni nazorat ostida ushlab turishga yordam beradi. Agar istalgan xarajatlarni 30 foizga sig‘dirsangiz va 20 foizini olib qo‘ysangiz, pullaringizni havoga uchirmaysiz va o‘zingiz uchun «xavfsizlik yostiqchasi»ni shakllantirasiz. Agar ushbu metod proporsiyalariga sig‘a olmasangiz, hechqisi yo‘q. Ularni o‘zgartiring yoki budjetni taqsimlashning boshqa metodini tanlang. Ehtimol, u sizga shunchaki mos kelmas.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 35

Barchasi

Mavzuga oid