Qozog‘iston va Ukraina Ukrainadagi yirik firibgarlik kol-markazlarini tugatdi
Dnipro shahrida o‘tkazilgan maxsus amaliyotda 53 nafar firibgar qo‘lga olindi. Ular Qozog‘iston va YI fuqarolarining millionlab mablag‘larini o‘g‘irlab kelishgan.

31-mart kuni Ukrainaning Dnipro shahrida Qozog‘iston, Ukraina va Yevropa Ittifoqi fuqarolariga qarshi tizimli ravishda internet-qalloblik sodir etib kelgan uchta kol-markaz faoliyatiga chek qo‘yildi, deb yozmoqda, Tangrinews.uz. Qozog‘iston IIV va ikki davlat Bosh prokuraturalari muvofiqlashtiruvida o‘tgan ushbu maxsus amaliyot natijasida yuzlab potensial qurbonlarning mablag‘lari va raqamli aktivlari talon-toroj qilinishining oldi olindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruh uzoq vaqt davomida soxta investitsiya kompaniyalari niqobi ostida faoliyat yuritgan.
Maxsus amaliyot davomida Dnipro shahridagi 40 ta manzilda bir vaqtning o‘zida tintuv ishlari o‘tkazildi. Natijada, Ukrainaning 53 nafar fuqarosi qo‘lga olinib, ularning 8 nafari asosiy gumonlanuvchi sifatida vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirildi. Tintuvlar davomida 100 ming dollar naqd pul, 90 ta komputer texnikasi, 125 ta smartfon, 6 ta elita toifasidagi avtomobil va o‘qotar qurolga o‘xshash buyum ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi. Hozirda jinoiy guruhning barcha a’zolarini javobgarlikka tortish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
Jinoyatchilar fishing resurslaridan foydalanib, mashhur investitsiya platformalari va kriptobirjalarni imitatsiya qilishgan. Bu ularga jabrlanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari, bank hisoblari va raqamli hamyonlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish imkonini bergan. Bundan tashqari, guruh «romantik sxemalar» va kripto-aktivlarga soxta investitsiyalar kiritish orqali odamlarning ishonchiga kirib kelgan.
Qozog‘iston IIV xalqaro kiberjinoyatchilikka qarshi kurash qat’iy davom ettirilishini va fuqarolarning ishonchidan foydalanishga bo‘lgan har qanday urinish beshafqat jazolanishini alohida ta’kidladi.
Jinoiy sxemalar
Bu ikki davlat huquq-tartibot idoralarining birinchi muvaffaqiyatli hamkorligi emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil sentabr oyida ham Ukrainaning Odessa va Chernovsi shaharlarida qozog‘istonliklarni aldab kelgan yirik kol-markaz tugatilgan edi.
O‘shanda firibgarlar o‘zlarini Milliy bank, maxsus xizmatlar yoki politsiya xodimlari deb tanishtirib, «shubhali operatsiyalar» yoki «terrorizmni moliyalashtirish» vaji bilan fuqarolarni kredit olishga va mol-mulkini sotishga majbur qilishgan.
Yangi aniqlangan sxemalarda esa asosiy urg‘u yuqori texnologik aldovga qaratilgan. Jinoyatchilar qurbonlarning shaxsiy kabinetlariga kirish imkonini qo‘lga kiritgach, nafaqat naqd pullarni, balki kripto-aktivlarni ham shaxsiy hisoblariga o‘tkazib olishgan. Ukraina va Qozog‘iston politsiyasi hozir yetkazilgan umumiy zarar miqdorini va jinoyatning boshqa ishtirokchilarini aniqlash ustida ishlamoqda.
Kiberxavfsizlik bo‘yicha tavsiyalar
Mutaxassislar internet-firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun bir nechta muhim qoidalarga rioya qilishni maslahat beradilar. Hech qachon noma’lum shaxslarga bank kartasi raqamlarini, SMS-kodlarni va shaxsiy hamyon kalitlarini bermaslik lozim. Har qanday «foydali investitsiya» taklifini rasmiy manbalar orqali tekshirish, shubhali havolalarga kirmaslik va ijtimoiy tarmoqlardagi «romantik» tanishuvlar orqali pul o‘tkazmaslik tavsiya etiladi.
IIV fuqarolardan agar ularga shubhali qo‘ng‘iroqlar bo‘lsa yoki firibgarlik alomatlarini sezishsa, zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilishni so‘raydi. Xalqaro hamkorlik doirasida bunday jinoiy guruhlarni aniqlash va ularni jahonning qaysi nuqtasida bo‘lishidan qat’i nazar qo‘lga olish tizimi kuchaytirilgan.





