Huquqbon Abdurahmon Tashanovga oid ma’muriy ish tugatildi
JIB Mirobod tuman sudi Abdurahmon Tashanovga nisbatan ochilgan ma’muriy ishni «huquqbuzarlik alomatlari yo‘qligi» sababli tugatganini ma’lum qildi.

Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy sud ishi tugatildi. Bu haqda Vaqt.uz muxbiri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 12-mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi inson huquqlari himoyachisi, «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ishni MJTKning 271-moddasi 1-qismini qo‘llagan holda (ma’muriy huquqbuzarlik hodisasi yoki alomati yo‘qligi sababli) tugatgan. Uning postlarida shaxsga doir ma’lumotlar mavjud emas deya topilgan.
A.Tashanov Vaqt.uz’ga sud yakuni bilan bergan izohida mamlakatda qonun ustuvorligi yo‘lida kurash davom etayotgani, bu ish ham shu jarayonning bir qismi ekanini bildirdi. Huquq himoyachisi shuningdek, sud jarayonlari davomida uni qo‘llab turgan barcha vatandoshlarga o‘z minnatdorchiligini ham bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, harbiy prokuror polkovnik Otabek Xolboyevning 2026 yil 28-fevraldagi qarori bilan Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 202(2)-moddasi 1-qismi (Yolg‘on xabar tarqatish) asosida ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan edi.
12-mart kuni esa Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi Abdurahmon Tashanovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ishda arizachi va jabrlanuvchi yo‘qligi sabab sud materiallarini harbiy prokuraturaga qaytargani haqida xabar берилgaн edi.





